Biznes va hayotda norasmiy ta’lim. Дональд Джон Трамп
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Biznes va hayotda norasmiy ta’lim - Дональд Джон Трамп страница 4
Tez tafakkur qilish – mashq va tartib natijasidir. Tayyor bo‘lmay turib, oldinga yugurib bo‘lmaydi. Vazifangiz – o‘zingizni hamlaga tayyorlash. Faqat orzu-istak bilan cheklanib, uni amalga oshirish ustida ishlamas ekansiz, natijaga erishmaysiz. Buning uchun har kuni mashq qilish zarur. Boshqacha qilib aytganda, o‘z oldingizga maqsad qo‘ying va unga erishish uchun ishlang. Sportchilar o‘zlari harakat qilmasalar, hech kim ular uchun mashq qilmasligini yaxshi biladilar. Tadbirkorlar ham buni uqib olishlari lozim. O‘zingizga ishoning.
«Nega buni avvalroq o‘ylamadim?» deya hech xitob qilganmisiz? Bu gapni aqlli va noodatiy fikrning hayotga tatbiq etilganini ko‘rgan insonlardan eshitganman. Tezkor fikr yuritish yo‘llaridan biri bu o‘z-o‘ziga quyidagicha savol berish: Bu haqda avvalroq qanday o‘ylashim kerak edi? Buni hoziroq sinab ko‘ring va boshqalar sizga «Ajoyib fikr, nega avvalroq bu haqda o‘ylamadim-a?!» deyishlariga guvoh bo‘lasiz. O‘zingizga tafakkur qilish uchun imkon bersangiz, xayolingizga qanchalik ajoyib fikrlar kelishi mumkinligini bilganingizda edi, juda hayron qolardingiz. Tafakkur uchun vaqt talab etiladi. Tez fikrlash qobiliyati shu yo‘sinda rivojlanadi. Har narsaning o‘z vaqti bor: avval yuramiz, keyin yuguramiz va shundan so‘nggina oldinga chopamiz.
«Inson o‘z hayot mazmunini intiluvchanligi bilan oshirishidan-da umidbaxsh biror nimani ko‘rmadim», degan edi Toro. Bu fikr nafaqat umid, balki kuch ham baxsh etadi. Uning ma’nosi shuki, yaxshilab o‘ylab, tafakkur jarayonini amaliy ish bilan yakunlab, yaxshi natijalarga erishish mumkin. Oxiri amaldagi ish bilan tugamas ekan, quruq fikrning o‘zi hech nimaga arzimaydi. Buyuk g‘oyalaringizni amalga oshirish uchun harakat qilmas ekansiz, ular oddiy g‘oya bo‘lib qolib ketaveradi.
Tafakkuringizni sinash uchun qulay vaqtni kutmang. Uni har kuni sinang. Doim idrokingiz uyg‘oq bo‘lsin. Napoleon aytganidek: «Yetakchi mag‘lub bo‘lishi mumkin, ammo kutilmagan hujumga uchrashga haqqi yo‘q». Ayni daqiqadan o‘zingizni yetakchi deb hisoblang. Bu – o‘zingizga ishonishingizni va xoh biznesda bo‘lsin, xoh shaxsiy hayotda taqdir burilishlarining qurboni bo‘lishga tayyor emasligingizni bildiradi. Tayyorgarlik ahamiyatiga past baho berib bo‘lmaydi. Agar ushbu poygada yaxshi natijaga erishishni istasangiz, avvaldan mashq qilishga harakat qiling.
YAXLITLIKKA INTILISH
Bir on to‘xtab, hayrat va zavqdan qotib qolmaydigan kishi murda misoli: uning ko‘zlari yopiq.
«Yaxlit tasvirni ko‘ra olish» iborasi sizga tanishmi? Ba’zi odamlar umumiy tasvirning ayrim qismlari yetishmayotganini sezmasliklari yoki bunga ahamiyat bermasliklari yoki o‘zlarini xuddi hammasi joyidadek tutishlari meni hayratga soladi. Bu xuddi pitsa buyurtma qilib, uni tishlangan holda olish-u, lekin butun deb hisoblashdek gap. Shunday bo‘lganida nima bo‘lgani bilan qiziqmasmidingiz?
Hech nima bilan qiziqmaydigan odamlarni uchratganman. Ba’zida o‘ylab qolaman: ular sog‘lommikinlar? Balki ular shunchaki butun pitsani (yaxlit ko‘rinishni) qo‘lga kiritishlariga ko‘zlari yetmas? Nima bo‘lgan taqdirda ham bunday yo‘l tutmaslik kerak. O‘zingizga past baho bermang. Bu biznesda ham, shaxsiy hayotda ham sizga foyda keltirmaydi.
Agar yaxlitlikka intilish raqobatbardoshlik qobiliyatingizni susaytirar ekan, demak, u ishni boshlash uchun yetarlicha rivojlanmagan. Hayotning aksar qismi tirik qolish, moslashish uchun harakat qilishdan iborat, bunga Darvin ham ishora qilgan. Albatta, tabiat tanlovi bu hali hammasi emas, ammo tarixdagi jahon evolyutsiyasining muhim omili sanaladi. Tarixda shakllanib, yo‘qlikka g‘arq bo‘lgan saltanatlar ko‘p bo‘lgan. Masalan, Rim, Usmoniylar va boshqa imperiyalar. Ular bir necha yuz yilliklar mobaynida hukm surgan qudratli davlatlar edi. Ammo ular qulab, yo‘q bo‘ldi va bugun ular haqida faqat tarixchilar eslaydilar. Qisqa qilib aytganda, hamma narsa o‘zgaradi. Biz rivojlanishdan ortda qolmasligimiz, oldinga intilishimiz zarur, aks holda dunyo tarixining bir burchida qolib ketishimiz hech gap emas.
«The Trump Organization» korporatsiyasida doimo nimadir o‘zgarib turar ekan, u menga oziqlantirish zarur bo‘lgan tirik mavjudotni eslatadi. Kompaniya yaxlit bo‘lishi, aniq va batartib ishlashi uchun uning barcha tarkibiy qismlari puxta tayyorlangan bo‘lishi kerak. Vazifam – eng yaxshi mahsulotni ishlab chiqarish uchun kompaniyaning barcha tarkibiy bo‘linmalarining uyushqoq faoliyatini har kuni nazorat qilish. Biror narsani ko‘zdan qochirishga, «pirog»ning biror mahsuloti ikkinchi navli bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘yishga haqqim yo‘q. Va bu qoidalarga rioya qilinishiga mas’ulman, chunki bu – mening qoidalarim.
O‘zingizga xuddi korporatsiya kabi munosabatda bo‘ling. Hayotingizning har bir jabhasiga e’tibor qarating. Qanday kuchli tarafingiz bor? Qanday kamchiligingiz bor? Yaxlit ko‘rinish yanada jozibador bo‘lishi uchun nima qilish mumkin? Nima qilsangiz qiling, faqat bir joyda turmang. Kibrga berilmang, berish yoki olishingizdan qat’i nazar, o‘zingizni sizga natijaning yarmi yetarlidek tutmang. Bugun hamma narsa juda tez o‘zgarmoqda va bu tuzoqqa tushishingizga yo‘l qo‘ymang.
Dunyo qanchalik tezkor odimlashini tushungach, ikki barobar ko‘proq ishlashga qaror qildim. O‘z ishimni sevganim va doim ko‘p ishlaganim uchun, bu men uchun katta qurbonlik bo‘lmadi. Hozir har qachongidan-da baxtli va muvaff aqiyatliroqman, ammo zamon bilan hamqadam bo‘lish uchun sekinlashmayman, axir hayotimiz juda tez o‘tmoqda. Nyu-York hayoti shiddatliligi bilan mashhur. Moslashing, yoki mag‘lub bo‘lasiz. Men birinchisini tanladim. Siz ham tanlang. Men bilan musobaqalashadigan har kim tezligimga dosh berishiga to‘g‘ri keladi.
Bir kuni ishxonamga harakatchan, yuqori malakali va o‘qimishli yosh yigit keldi. Esimda, o‘shanda u jamoamdagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Qanchalar adashgan ekanman! U tushuntirishlarga haddan ziyod vaqt sarflardi va tez orada u bilan uchrashishdan hadiksirab qoldim. Yigit juda sekin ishlar va maydakash edi, tez harakatlana olmasdi. Shu sabab professionalligiga qaramay, bizning tezligimizga moslasha olmadi. Yaxlit tasvirni ko‘rish va unga moslashishga qodir emasdi. U ishdan ketgach, yengil nafas oldim. Siz bilan ham shunday voqea ro‘y berishiga yo‘l qo‘ymang. Moslashishni o‘rganing. Doimo o‘rganishga tayyor bo‘ling.
Ko‘pchiligimiz yakuniy loyiha emas, balki kechayotgan jarayonga o‘xshaymiz. Motsart daho edi, ammo u ham qattiq mehnat qilgan. Biz doim mayda bo‘laklardan yaxlit tasvirni yaratishimiz kerak. O‘ylab qarasak, biz yaratmaymiz, balki yig‘amiz. Ammo bir butunlikni hosil qilish uchun tasvirni ijod bilan, chin dildan yig‘ish lozim. Yaxlitlikka intiling va hayotga bo‘lgan qiziqishni oshiring, shunda barcha sovrinlarni egallashga tayyorligingizni tushunasiz.
O‘ZLIGINGIZGA IMKON BERING
Yutuq yanada katta g‘alabalarga chorlovchi mas’uliyatdir.
Yutuq – eng yuqori cho‘qqi emas. Yutuq bu boshlanishi. Yutuqqa erishgan kishi yanada olg‘a intiladi. U keyingi vazifani avvaldan ko‘radi va darhol o‘z oldiga yangi marrani qo‘yadi. Bu shijoatni yaratib bo‘lmaydi, u yo bor, yo yo‘q. Harakatchan inson vazifaning yechimiga kirishadi va navbatdagi maqsad uning tafakkur obyektiga aylanadi. Uning o‘z oldidagi majburiyatlari bor – yanada yaxshilanish. Buni yuksak darajali hayot deb atayman.
Qobiliyatlaringizning eng yuqorisi, o‘zligingizning eng yaxshisi qulaylik hududiga qarshi turadi. O‘sish – hayot belgisi va o‘sish belgilari sezilarli bo‘lishi lozim. Biror shahar haqida «jonli» deyishganini eshitganmisiz? Bu uning o‘sayotgani, unda allanimalar ro‘y berayotganini, bir o‘rinda qotib qolmaganligini anglatadi. Istasangiz, o‘zingizga shahardek munosabatda bo‘ling: gullab-yashnashingiz va yuqori natijalarga erishish uchun ichki va tashqi