Uzunpaypoq Peppi. Астрид Линдгрен
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Uzunpaypoq Peppi - Астрид Линдгрен страница 4
– Ana, ko‘rdingizmi buning foydasini? Agar mana shu idishni boshimga kiyib olmaganimda qornim bilan emas, yuzim bilan yiqilib anchagina ayanchli jarohat olgan bo‘lardim.
– To‘g‘ri, – dedi Annika, – lekin shunisi ham borki, agar mana shu matohni boshingga kiyib olmaganingda simto‘siqqa qoqilib yiqilmagan bo‘larding.
Annika gapini tamomlamay turib tag‘in Peppining tanish qichqirig‘i eshitildi. Bu gal uning qo‘lida kalava ipdan bo‘shagan g‘altak naychasi turardi.
– Voh, bugun o‘ziyam kaminaning omadi chopadigan kun shekilli, – dedi u. – Qarang-a, naqadar kamyob naycha bu. Buning yordamida sovunli suvda ko‘pikchalar puflasa ham bo‘ladi yoki bo‘yningizga mo‘jazgina taqinchoq sifatida ilib yursangiz, biram yarashadi-yey. Uyga borganim zahoti bundan jajji taqinchoq yasayman.
Ayni shu payt yaqin atrofdagi hovlilardan birining darvozasi lang ochilib, u yerdan bir bola yugurib chiqdi. Uning qizarib-bo‘zargan aftini ko‘rib hayratlanmasa ham bo‘lardi, chunki shu lahzaning o‘zidayoq uning ortidan beshta bola izma-iz quvib kelishdi. Ular bolani chaqqonlik bilan tutib olishdi-da, panjaraga tirkagancha beshovlon baravariga do‘pposlay ketishdi. Bechora bola yig‘lar va o‘zini himoya qilish uchun yuzini qo‘li bilan to‘sishga urinardi.
– Ta’zirini bering uni! Yaxshilab tushiring, toki bu tirrancha bizning ko‘chamizda boshqa qorasini ko‘rsatmaydigan bo‘lsin! – deb baqirardi bolalarning ichida eng yoshi katta va eng kuchlisi.
– Oh, yo‘q, ular bechora Villini ayamay kaltaklashyapti, – dedi Annika. – Odam degani ham shunchalik shafqatsiz bo‘ladimi?
– Haligi barzangining ismi – yaramas Bengt. U qachon qarama janjallashib yuradi, – dedi Tommi. – Lekin bir kishiga qarshi besh kishi – bu o‘taketgan nomardlik!
Peppi haligi bolalar tomonga borib, yaramas Bengtning orqasiga ko‘rsatkich barmog‘i bilan nuqib qo‘ydi.
– Salom, bolakay! – dedi u. – Menga ayt-chi, nimani reja qilyapsan? Bechora Villiginani beshovlon birvarakayiga urib, abjag‘ini chiqarmoqchimisiz?
Bengt ortiga o‘girilib, ilgari hech qayerda uchratmagan yovvoyi tabiat qizni ko‘rdi. U qizga bir muddat tikilib turdi, so‘ng esa og‘zi qulog‘iga yetar darajada tirjaydi.
– Yigitlar, – dedi u oliftalik bilan, – hoy yigitlar, ovsar Villini qo‘ya turing, yaxshisi, mana bu alvastini ushlang!
Bengt sonlariga shapatilab kula boshladi. Zum o‘tmay ko‘zlarini piqillab artgancha oyoq uchida yurib Tommining yoniga kelib olgan Villidan boshqa barcha bolalar Peppining atrofini o‘rab olishdi.
– Yigitlar, umringizda mana bu alvastiniki kabi beo‘xshov sochni ko‘rganmisiz? Sochlaring qip-qizil olovday-ku, alvasti. Mana bunday poyabzalni-chi? – davom etdi Bengt. – Bir poyini menga berib turolmaysanmi, a, qizaloq? Ayni shu kunlarda eshkak eshgani daryoga bormoqchi edim, qayiq qilib ishlatishga berib tur.
Bengt Peppining echki kokillaridan birini g‘ijimladi-yu, shu zahoti qo‘lini uzib olib, uni masxara qildi:
– Voy-voy, qo‘lim kuydi-ku!
Shundan so‘ng barcha bolalar qo‘lma-qo‘l Peppining atrofini aylana qilib olgancha sakrab o‘ynashni boshlashdi:
– Qizilbosh! Qizilbosh!
Peppi doira o‘rtasida turib, ularga do‘stona jilmayib qo‘ydi. Bengt uning jahli chiqishini va yig‘lab yuborishini kutgan edi. Jilla qursa, rangi oqarishi kerak edi. Umidi chippakka chiqqanini bilgach, Bengt Peppini jahl bilan itarib yubordi.
– Menimcha, sen xonimlar bilan qanday muomala qilishni bilmaydiganga o‘xshaysan.
Peppi shunday deya uni kuchli qo‘llari bilan balandga ko‘tarib, qayin daraxtining shoxiga ilib qo‘ydi. Keyingi bolani ham olib, boshqa bir shoxga osib qo‘ydi. Boshqa birini esa darvoza yaqinidagi panjaraga ilib qo‘ydi, to‘rtinchi bolani esa aylantirib otgan edi, u bechora bog‘ ichidagi gulzor ustiga gup etib yiqildi. Bezorilarning eng so‘nggisini esa yo‘l chetidagi bolalar aravachasiga joylab qo‘ydi. Bizning uchala qahramonimiz – Peppi, Tommi, Annika va Villi har yerda cho‘zilib yo osilib yotgan bolalarga bir muddat qarab turishdi. Bazorilar nafaqat yer tishlagan, balki qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titramoqda edilar.
– Shunchalik ham qo‘rqoq bo‘ladimi odam? Bir kishiga besh kishi bo‘lib hujum qilish – qo‘rqoqlar ishi. Qolaversa, himoyasiz va ojiz qizchani itarib yuborish yaxshimi? O‘taketgan pastkashlik bu!
Peppi u yoq bu yog‘ini biroz tuzatgan bo‘ldi-da, do‘stlariga:
– Yuringlar, uyga qaytamiz, – dedi. So‘ng Villiga yuzlandi: – Mabodo yana seni ranjitadigan bo‘lishsa, kelib menga aytaver. Daraxt shoxida osilib, miq etishga yuragi betlamay turgan Bengtga aytilajak gapini ham unutmadi.
– Xo‘sh, bolakay, sochim yoki poyabzalim haqida yana biror nimani bilish niyating bormi? Bo‘lmasa, juda yaxshi, uyga ketishimdan oldin aytib olganing ma’qul edi-da.
Biroq Bengt uning na sochi, na poyabzali haqida lom-mim deyolmadi. Peppi bir qo‘lida zanglagan konserva idishni, ikkinchi qo‘lida kalavadan bo‘shagan g‘altak naychasini tutgancha Tommi va Annikaning ortidan ergashdi.
– Qadrdonlarim, bunaqasi ketmaydi, – dedi Peppi uyga qaytishgach. – Bugun men uchun ov baroridan keldi: naq ikkita o‘ljaga erishdim. Lekin sizlar birorta xas ham topa olmadingiz. Shunday ekan, yana biroz iskovuchlik qilsangiz bo‘larmidi? Tommi, anavi qurigan daraxt kovagini bir titkilab ko‘rmaysanmi? Bilsang, iskovuchlik uchun daraxt kovagidan yaxshi joy yo‘q bu dunyoda.
Tommi na o‘zi, na Annikaning biron nima topa olishiga ko‘zi yetmasa-da, Peppining so‘zlarini yerda qoldirmaslik uchun qo‘lini qurigan daraxt kovagiga ohista tiqdi.
– Voy, – deb yubordi Tommi hayratini yashirolmay qo‘lini kovak ichidan chiqararkan. Tommining qo‘lida charm muqovali qalin daftar va uning bir chetidagi ilmoqda maxsus kumush qalam bor edi.
– Ana endi ishondingmi, Tommi? – dedi Peppi. – Bu dunyoda iskovuch bo‘lishdan-da yaxshiroq kasb yo‘q? Faqat juda kamdan kam odamlar shunday ajoyib kasbni egallashlarini hech aqlimga sig‘dirolmayman-da. Kosibmi-yey, tikuvchimi-yey, mo‘ri tozalovchimi-yey, xullas, bunday kasb egalarini har qadamda uchratasan, kishi, lekin iskovuchlar anqoning urug‘idan ham taqchil hozirgi zamonda.
So‘ng Peppi Annikaga yuzlandi:
– Sen-chi, qurigan daraxt kovagiga qo‘l solib ko‘rmaysanmi? Aminmanki, daraxt kovagiga qo‘lini tiqqanlarning hech biri haligacha quruq qolmagan.
Annika ham uning gapiga kirib, qo‘lini daraxt kovagiga tiqdi va darrov qizil marjondan yasalgan zebigardon topib oldi. Tommi va Annikaning og‘zi hayratdan lang ochilib qoldi. Bundan keyin ular har kuni iskovuchlik qilish haqida kelishib olishdi.
Kecha qariyb ertalabgacha to‘p o‘ynab chiqib saharga yaqin uxlagani uchunmi, Peppining ko‘ziga uyqu ilina boshlandi.
– Endi borib, biroz mizg‘ib olsam, yaxshi bo‘lardi, – dedi Peppi. – Istasangiz, siz ham borib, meni uxlatib qaytishingiz mumkin.
Karavotining bir chetida o‘tirib, oyoq kiyimini yecharkan, Peppi nimanidir eslaganday bo‘ldi-yu, Tommi va Annikaga qarab, dedi:
– Haligi qariya Bengt eshkak eshishga bormoqchiman, deganmidi?