O‘tmishdan ertaklar. Abdulla Qahhor

Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу O‘tmishdan ertaklar - Abdulla Qahhor страница 4

Автор:
Жанр:
Серия:
Издательство:
O‘tmishdan ertaklar - Abdulla Qahhor

Скачать книгу

yoliga, uzun ayri soqoli qornining ikki tomoniga tushgan bir odam chiqdi. «Buvaqovoq» degan shu ekan. Buvaqovoq qirg‘izning oldidan o‘tayotib qimizning narxini so‘radi. Qirg‘iz qimizni maqtab: «Bir shokosasi ikki pul», dedi. Buvaqovoq o‘n shokosasini bir pul so‘radi. Qirg‘iz unamadi, bag‘illab berdi. Odamlar xo‘p kulishdi. Buvaqovoq eshagidan tushdi, sanochlardan birining og‘zini ochib qimizni tatib ko‘rdi; ikkinchisini ochdi, bundan ham tatib ko‘rdi. Qirg‘iz ochilgan ikkala sanochning og‘zini burab, mahkam ushlab turganda Buvaqovoq uchinchi sanochni nariroq tortdi-da, qimizni tatib-netib o‘tirmasdan shokosaga quyib ichaverdi va har safar shokosani bo‘shatganida qirg‘izga qarab: «Gap bitta – o‘n shokosasi bir pul!» deb qo‘yardi. Qirg‘iz shovqin solar, talpinar, so‘kar, lekin ikkala sanochning og‘zini qo‘yib yuborolmas edi. Odamlar yumalab-yumalab kulishdi.

      Shunday qilib, piston kasofatining sharofati bilan «xudoga shukur, bozor-shablarga boradigan kap-katta yigit» bo‘lib qolganimdan keyin vaqt bemahal ko‘chaga chiqsam, bolalar bilan yashin topaloq, tut-mindi, dasta, to‘ppi tepish o‘ynab uzoq yursam ham ayam tergamas, aksincha, behad quvonar edi. Mendan begonasiraydigan bolalardan endi bir-ikki o‘rtoq orttirganimda bu mahalladan ko‘chadigan bo‘ldik.

      Bir kuni dadam shayton aravasini minib Qo‘qonga ketgan edi, kechqurun qaytishda Olim buvaning opasi – saksonlardan oshib qolgan kampirga yo‘liqibdi. Dadam qo‘ng‘iroq chalmay uning yonidan shuv etib o‘tib ketibdi. Uning shabadasidan seskanib ketgan kampir boshini ko‘tarib qarasa, oldinda odamga o‘xshagan bir maxluq oyog‘i yerga tegib-tegmasdan uchib ketayotgan-mish. Kampir shaytonlab o‘zini tashlab yuboribdi. Odam yig‘ilibdi. Kampirni uyiga zambilda olib ketishibdi. Dadam qo‘rqqanidan ko‘chaga chiqmay, do‘konga ham bormay qo‘ydi. Uch kun deganda kampir o‘lib qoldi. Dadam tergov va Olim buvaning g‘azabidan qo‘rqib cho‘p-ustixon bo‘lib qoldi. Ayam yig‘idan boshini ko‘tarmas edi. Kampirning yettisi o‘tgandan keyin Olim buva dadamga kishi qo‘yib: «Mayli, usta xafa bo‘lmasin, opamning kuni bitgan, qazosi yetgan ekan, xudoning irodasi, lekin bundan keyin shayton arava minmasin, shu shayton arava olib kelgandan beri Yaypandan fayz ketdi», debdi.

      Dadam ertasigayoq shayton aravani Qo‘qonga eltib sotib keldi, Olim buvaga uchrab uzr-ma’zur aytdi; unga ikkita o‘n ikki qadoqlik ketmon, bitta bolta yasab berdi. Chol dadamni hol-joniga qo‘ymasdan bu narsalarning pulini beribdi.

      Shu bilan tinchigan edik, oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas yana bir voqea yuz berdi.

      Dadam ertalab do‘konga ketayotganida yo‘lakda paranjilik bir xotinni ko‘ribdi. Paranjining orqa etagiga bir shox yantoq ilashib borayotgan ekan, dadam xotinga yetib olib yantoqni bosibdi. Yantoq yerda qolib, xotin dadamga qayrilib qarabdi-yu, ketaveribdi. Bu xotin Olim buvaning erga tegib ketgan qizi ekan, paranjisiga ilashgan yantoqdan bexabar, «usta menga tegishmoqchi bo‘lib paranjimni tortdi», degan xayolga boribdi-da, bu gapni otasiga aytibdi.

      Olim buva ertasiga ertalab yo‘lakda shovqin soldi:

      – Ho‘ shayton arava! Ho‘ kelgindi! Bu yoqqa chiq! Chiq deyman bu yoqqa!

      Cholning bunaqa shovqin solganini emas, balandroq tovush chiqarganini ham hech birimiz eshitmagan edik. Dadam cho‘chib ayamga qaradi. Uning ham rangi o‘chib ketdi. Dadam yo‘lakka tomon yugurdi. Men ham chopdim. Yo‘lakda o‘ng qo‘lini yengidan chiqarib olgan Olim buvani ko‘rib tanimadim: meni hamisha bolam-bo‘tam deb suyadigan, shirinso‘z, yuzidan tabassum arimaydigan chol qani? Uning o‘rnida ko‘zlari qinidan chiqay deb turgan, rangi soqolidan ham oqroq, vujudi titrab, uzun soqoli silkinayotgan dahshatli bir odam turardi. Dadam ro‘para bo‘lishi bilan uning og‘zidan haqorat yog‘ildi, ikki gapni birida «kelgindi it» deb, qizidan eshitgan gaplarini dadamning yuziga soldi, yana haqorat qildi. Dadam boshini quyi solganicha nuqul:

      – Otaxon, avval gapga quloq soling, – der, shundan bo‘lak gap aytsa chol kelib musht soladiganga o‘xshardi.

      Chol do‘g‘ayib keldi.

      – Hozir ko‘rpangni ko‘tar, it kelgindi! – dedi va po‘sht-po‘shtlab hovlimizga, taxta bo‘lib qotib qolgan va kishidan qochishni ham unutgan onamning yonidan o‘tib, uyga otildi.

      Hovlidan uning shovqini eshitilib turardi.

      Dadam hamon «otaxon, otaxon» deya uning ketidan ergashdi. Olim buva uydan bir quchoq ko‘rpa ko‘tarib chiqib ko‘chaning o‘rtasiga uloqtirdi. Odam yig‘ildi. Hech kim Olim buvaga taskin-tasalli bermasdi, aksincha kimdir baqirib:

      – Shayton arava minadigan odamdan yaxshilik chiqmaydi, ur bo‘yniga! – dedi.

      Olim buva boshini quyi solib eshik oldida turgan dadamning yonidan o‘tarkan, qo‘lini paxsa qilib baqirdi:

      – Mening qizimni ko‘chada sanqib yurgan qanjiq deb o‘ylaganmiding? Ho‘ it! Qaytib yuzingga qarasam xotinim uch taloq! – dedi-yu, hovlisiga kirib ketdi.

      Dadam ko‘rpalarni otyo‘lakdan olib hovliga kirdi. Ayam boshini devorlarga urib, sochlarini yulib yig‘lar edi. Dadam boyagi yantoq voqeasini aytib, ayamni yupatmoqchi bo‘ldi:

      – Cholning qulog‘iga hozir gap kirmaydi, og‘ziga so‘z olib qo‘ydi, mayli, keyin biladi, uyalib qoladi, – dedi.

      Ayam birdan yig‘idan to‘xtadi.

      – Siz uyaling, bir mo‘minning xotiniga ko‘z olaytirgani siz uyaling! – dedi.

      Dadam unga bir xo‘mrayib qaradi-da, indamadi, indamay ko‘chaga chiqib ketdi.

      Dadam kechki payt qaytib keldi, Qo‘shariq degan mahalladan uy topib, eshak-arava olib kelibdi. Ko‘ch-ko‘ronimizni eshak-aravaga ortib Qo‘shariqqa ko‘chdik.

      «INDAMAS»

      Qo‘shariq mahallasi guzardan ancha nari, ko‘cha ikkita katta-katta ariq o‘tadigan daraxtzorga borib taqalgan, biz ijaraga olgan hovli shu daraxtzordan beriroqda ekan. Hovlini ko‘rib ayam suyunib ketdi: bir tup kattakon tut, pachaqroq bo‘lsa ham ayvon, to‘qqiz yog‘ochlik vassabo‘yra yo-rug‘ uy…

      Namozgarga yaqin ko‘chada bolalar chug‘urlashib qolishdi. Chiqdim. Bolalar mening uchun yangi «Oq terakmi, ko‘k terak» o‘ynashayotgan ekan. Bu o‘yinda bolalar orada yigirma-o‘ttiz qadam masofa qoldirib ikki safga tizilishar, qo‘l ushlashib turishar, safning boshlig‘i qarshi safga qarab: «Oq terakmi, ko‘k terak, bizdan sizga kim kerak?» derkan; qarshi tomonning boshlig‘i «falonchi kerak» deganda nomi aytilgan bola safdan chiqar ekan-u yugurib borib o‘zini jon-jahdi bilan qarshi safga urar ekan; shunda safni uzolsa g‘olib bola mag‘lub safdan bir bolani yetaklab kelar, safni uzolmasa o‘zi shu safda qolib ketar ekan. Men Olim buva mahallasida bolalar qatoriga kirib qolganim uchun dadil borib safga qo‘shildim. Qanchadan qancha bolalar qarshi safni buzib bola olib keldi, qanchadan qanchasi safni buzolmay qolib ketdi. Orziqib kutdim: meni ham «kerak» desa, men ham yugurib borib safni buzsam, bola yetaklab kelsam… Biroq meni hech kim «kerak» demadi. Bu bolalar mening nomimni bilmasligi esimga kelmabdi.

      Bolalar charchab o‘yin buzilganda narigi tomonning boshlig‘i – hammadan ko‘proq shovqin solib yelib-yugurgan bola meni payqab oldimga keldi, menga boshdan oyoq razm soldi-yu, birdan:

      – Kelgindi! – deb urgani qo‘l ko‘tardi.

      – O‘zing kelgindisan! – dedim ehtiyotdan orqaga chekinib.

      Bola bir irg‘ib mening kallamga qo‘yib yubordi. Men javob qilolmadim, qarasam, boshqa bolalar ham urmoqchi bo‘lib, ilonni ko‘rgan chumchuqday atrofimda chug‘urlashib turishibdi. Shu payt bizni kuzatib turgan kichkina salla, uzun malla to‘nli novcha

Скачать книгу