Mo‘ttivoymisan, Mittivoymisan?. Anvar Obidjon

Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Mo‘ttivoymisan, Mittivoymisan? - Anvar Obidjon страница 4

Автор:
Жанр:
Серия:
Издательство:
Mo‘ttivoymisan, Mittivoymisan? - Anvar Obidjon

Скачать книгу

yuragim uzilib tushgudek bo‘ldi. Taqqa to‘xtab, bir o‘ng biqinimga, bir chap biqinimga ko‘z yugurtirdim. Bu yog‘imdayam, u yog‘imdayam o‘sha qo‘ng‘ir yunglar paxmayib turardi. Orqa tomonimda desangiz, buvimning hivichini eslatuvchi bir dum tinmasdan likillayapti. “Dod!” – deb qichqirmoqchi bo‘luvdim, og‘zimdan “vav, vav” degan ingichka sas taraldi.

      Bir narsaga hayron edim – yungim nega aynan qo‘ng‘ir? To‘g‘ri, sochim kichkinaligimda sarg‘ishroq edi, ammo yetti-sakkiz yoshimdayoq o‘z-o‘zidan qorayib ketgan. Kuchuk bo‘lganga yarasha yo oppoq, yo ola-bula bo‘lsang-da!

      Aldar Xoldorning eshigi yonidagi kajavali ko‘k mototsiklga yaqin borib, bir sakrashda egariga chiqdimda, ruldagi ko‘zguga bo‘ylandim. Qarasam, tumshug‘i bodringsimon, quloqlari qamishdek dinkaygan qo‘ng‘ir-bashara kuchukcha ko‘zlarini qitmirona yiltiratib, meni ermaklash bilan ovora. Itchasiga “Uvvv!” – deb yuborganimni bilmay qoldim.

      Shunda, bir gap lop etib esimga keldi. “Bu dunyoda kulfat ko‘rmayin desang, qarg‘ishmas, duo eshitishga urinib yashagin. Avliyolarning aytishicha, Tangri har qanday odamga karam ko‘rsatib, yurakdan chiqarib qilgan iltijosini, u duomi, qarg‘ishmi, hech bo‘lmasa, hayotda bir marta yuzaga chiqararkan”, degandi buvim. Sangin tandirchi umrida, balki, milliard marta tutoqib, milliard marta so‘kingandir. Qarangki, eng yurakdan chiqarib aytgan qarg‘oviga men ko‘ndalang kepturibman-ku. Bu tandirfurush, bolaligida qaysidir nafasi o‘tkirroq odamning g‘azabini qo‘zitib, hu, soqov bo‘lgur, degan tavqi la’natga yo‘liqmaganidan behad afsuslanib ketdim shu topda.

      Boshimda attanglar to‘zg‘ilanib, ingillay-hingillay yo‘l bosyapman-u, juftakni rostlash o‘rniga Sangin tandirchidan astoydil kechirim so‘rasam, og‘zim qiyshayib qolardimi, deb o‘ylanaman nuqul. Ja nari borsa, ikki-uch shapaloq yeb qutulib ketardim. Hatto, yalang‘och yotqizib qo‘yib, ho‘llangan so‘yilda savalasayam mayli edi. Harqalay, itga aylanib, egasiz itning kuniga tushmasdim.

      Ko‘cha chetidagi qum g‘arami ustida qo‘rg‘oncha yasab o‘tirgan bolalarni ko‘rib, badanimga bezilloq oraladi. Masalan, ularning o‘rnida bo‘lsam, sang‘i itga tosh-posh otmay turaverishga chiday olardimmi? Hecham-da!

      Toshbo‘ron qilmaslaridan burun, irillaganimcha borib, birontasining ishtonidan xappa tishlasammikin? Bu dunyoning ishlarini yaxshi bilaman – qopog‘ondan hamma o‘zini chetga oladi, qo‘rqoqni hech kim hurmat qilmaydi. Kunlarim izzatda o‘tsin deguchilar, jangarilik bilan yuvoshlikning o‘rtasini topib yashashni uddalashi kerak shekilli.

      TANISHING – ALDAR XOLDOR!

      Boyto‘ra tepakal bilan Masir yarg‘oqboshning avlodlari yoppasiga ota-buvalariga tortganini hisobga olmaganda, asosan, to‘liqsoch kishilardan iborat bo‘lgan, shunga qaramay, nimagadir, Kalto‘pi deb ataluvchi qishlog‘imizda bir yarim mingta xonadon bor. Biz mana shu kattakon qishloqning berigi chetida yashasak, opog‘otam narigi chekkasida turadi. U yoqqa yetib borgunimcha tomog‘im cho‘llab, tilim sangillab qoldi.

      Itlikni bo‘ynimga olib, opog‘otamning hovlisiga buvaklardek emaklab kirdim. Kirib-la, qatorlatib ekilgan sapsargullar ostidagi ariqchaga apil-tapil oyoq tiqdim-u, tilimni chilipa-chiliplatib suv icha ketdim. Chanqog‘imni bostirgach, ayvonning taxta polidagi sholchada qo‘larrani egovlab o‘tirgan, ora-sira menga qiziqsiranib qarab qo‘yayotgan opog‘otam tomonga yurdim. Dumimni yelpug‘ichlatib borib, tovoniga bosh ishqadim, maxsilarini galma-gal iskalab, ilpang-jilpang erkalanaverdim.

      Opog‘otam miyig‘ida kulimsirab, joning uzilgudek ochqagandirsanki, begonaligimdan hayiqmay, poychamga suykanayotgandirsan, deb o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Ayvon chetidagi pastak so‘rida o‘rog‘lik turgan dasturxondan bir to‘g‘ram non olib, yalangga chiqib bordida, ma, jonivor, ma, deya uni avaylab yerga qo‘ydi. Asta kelib, tuproqda yotgan nonni ko‘nglim tortmayroq hidladim. Keyin, birdaniga nafsim hakalak otib, shappa-shuppa yeyishga tushdim. O‘l deydigan odam yo‘q.

      Qornimni shildiramagudek to‘ydirdim-u, hanuz arra egovlayotgan opog‘otamga boshqatdan yaqinlashib, oyog‘iga biqinimni bosdim:

      – Bu – menman, opog‘otajon! Mo‘ttivoyingizni nimaga tanimayapsiz? Quruq nondan boshqa narsayam bordir bu uyda!

      Gapim ichimda qolib, tashimda g‘ingshib-g‘ingshib qo‘yganim bois, opog‘otam so‘zimga tushunmadi. Faqat, qo‘lini ehtiyotlik bilan cho‘zib, boshimni bir-ikki siypalagan bo‘ldi.

      Vah-vah, qanday yoqimli!

      – Bo‘ldi, ko‘p yopishaverma, – deb, uzatig‘liq oyog‘ining tizzasida yelkamga beozorgina turtkiladi opog‘otam. – Menga burgangni yuqtirib yurmagin tag‘in.

      Shu chol juda qiziq odam-da. Aniqroq aytsam, haddan tashqari sodda. O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, bundan bor-yo‘g‘i o‘n bir kun oldin hammomga tushgan bolada burga nima qiladi?

      Iye, “bola” devordimmi? Tilimni ahvolimga moslashtirish ancha qiyinga o‘xshayapti-ku.

      Arraning tishlarini o‘tkirlab bo‘lgach, opog‘otam ariqchada qo‘lini yuvib, eshigi lang ochiq turgan oshxonaga kirdi; gazga gugurt chaqib, plitadagi qozoncha ostiga o‘t yoqdi. Bog‘chada ishlovchi kelini yo nonushtadan, yo kechagidan ortgan ovqatni qozonning tagida qoldirib ketgan bo‘lsa kerak, degan taxminda to‘xtadim. Ishqilib, bizgayam ehson-pehson qilinarmikin? Uch-to‘rt yutum bo‘lsayam mayli-da.

      E, yashasin-e! Xuddi ko‘nglimdagini sezib turgandek, opog‘otam idishjavonni timirskilab, chetlari uchgan eskiroq bir kosa topdi; isitilgan mastavaning quyuq-quyuq joyini o‘ziga quyib, qolganini menga atalgan idishga ag‘dardi.

      Salgina o‘tib qarabsizki, opog‘otam ayvondagi so‘rida, men sapsargullar salqinida taomni yumaloq-yostiq qilyapmiz.

      Opog‘otam ichidagini o‘zi biladi; mendan ahvol so‘rasangiz, quvonchim qulog‘imdan toshgudek kayfiyatdaman. Ko‘zim ovqatda-yu, ko‘nglim chamanda. Endi tayinli hovlim bor, bu uydagilar o‘zimga eskitdan qadrdon kishilar. Eng muhimi, mana, doimiy ityaloqqa ham ega chiqdim. Bitta itga bundan ortiq nima kerak?!

      Ovqatni tinchitib bo‘lib-la, kosaning chetidan tishlab, ariqchadagi suvda yaxshilab chayqadim. Ityaloqni qaytib joyiga qo‘yayotganimda, “Vohh!” – degan tovush yangradi. Yarq etib o‘sha yoqqa boqsam, opog‘otam, og‘zi karrak, ko‘zi durbin bo‘lganicha, menga lol tikilib turibdi.

      Buning nimasi hayron qolarli, bilmadim. Men uchun kundalik odatga aylanib ketgan bu ish – maktabga borishni boshlaganimdan beri ovqatimning idishini o‘zim yuvaman. Shunday qilmasam, buvim tinch qo‘yarkanmi? Idish-ku – idish, onda-sonda tobi qochibroq tursa, kiyimimniyam o‘zimga yuvdiradi.

      Tushlikdan keyin opog‘otam do‘ppi-yu yaktagini almashtirib, ko‘cha tomonga odimladi. Darvoza oldida menga yuzlanib, boradigan bo‘lsang, yur, dedi. Tarang qilmay, shippa ortidan ergashdim. Kimsasiz hovlida yolg‘iz qolish qo‘rqinchli. Birorta katta it ivirsib kirib qolsa, u yog‘i nima bo‘lishini folchi ham aytolmaydi. Ayniqsa, butun boshli qishloqni kezib charchamaydigan o‘sha Oqchopon degan ko‘ppakning yo‘li shu tarafga tushsa bormi, ityalog‘imning bo‘m-bo‘shligini ko‘riboq, alam ustida meni tizg‘itishga tushadi.

      Opog‘otam novvoyxonadan to‘rtta kulcha, do‘kondan oqqand, quruq choy sotvolib, salafan xaltani ko‘targanicha, to‘g‘ri kunchiqarga qarab yo‘l oldi. Qishlog‘imizning u yog‘i – dalalar.

      Tuproq yo‘ldan, birida g‘o‘za gul tashlay boshlagan, birida bug‘doy boshoqlab qolgan paykallar, meva tugib ulgurgan bog‘lar oralab yurib; derazasining oynalari changdan xira tortgan, shiferli tomini xas-xashak qoplagan, oq devorining suvoqlari u yer-bu

Скачать книгу