Dunyoning ishlari. O‘tkir Hoshimov

Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Dunyoning ishlari - O‘tkir Hoshimov страница 2

Автор:
Жанр:
Серия:
Издательство:
Dunyoning ishlari - O‘tkir Hoshimov

Скачать книгу

bo‘lib qolganiga, yarim kechagacha yuramanmi, tongotar qaytamanmi, onamning chirog‘i muttasil lipillab turishiga xo‘p ko‘nikkan ekanman.

      Qaysi kuni ishdan keyin moskvalik mehmonlarni aeroportga kuzatib qo‘yadigan bo‘ldim, samolyot kechikib uchdi. Yarim kechada uyga qaytsam… hammayoq jimjit. Hamma o‘z oromi bilan…

      Tushimda onam chiroq ko‘tarib yurganmish.

      HAQQUSH

      Do‘stlarim: «Juda siqilib ketdingiz, aylanib kelamiz», deb toqqa sudrashdi. Alla-pallagacha o‘tgan-ketgandan gaplashib o‘tirdik. Qiziq, har gal bosh ustiga bosib tushgudek mag‘rur qad kerib turgan tog‘larni, ulkan novvot parchasidek qirrador qoyalarni ko‘rganda hayot abadiy emasligini o‘ylayman. Qorong‘i osmonda yana ham qoraroq soyadek qilt etmay turgan bu qoyalar bizga o‘xshaganlarning necha-nechasini ko‘rdi ekan?.. Faqat ularning tili yo‘q…

      Kechasi tunagan joyimiz sovuq edi. Anchagacha uxlay olmadim. Tashqarida teraklar shitirlaydi. Qayerdadir, yaqin joyda daryo shovullaydi. Bir mahal qulog‘imga dilni orziqtiruvchi mungli tovush chalindi: «Haq-qu, haq-qu…» Bir zum sukunat tushdi-da, ancha olisdan yana o‘sha tovush takrorlandi: «Haq-qu, haq-qu…»

      Bola edim, go‘dak edim. Onam aka-ukalar haqida g‘alati bir cho‘pchak aytib bergan edi. Emishki, bir zamonlar ikki aka-uka yashagan ekan. Birining oti Ilhaq, ikkinchisiniki Is’hoq ekan. Ikkalasi bir-birini ko‘rarga ko‘zi yo‘q, juda noahil ekan. Ularninng ko‘nglini olaman deb, ikki o‘rtada onalari adoyi tamom bo‘pti. Shunda qodir Xudoning qahri kelibdi-yu, ikkovining ham ko‘zini ko‘r qilib, qushga aylantirib qo‘yibdi. Shundagina aka-uka bir-birini ko‘rmasa turolmasligini, bir-biriga kerak ekanligini tushunibdi. O‘shandan beri ikkalasi kechalari bo‘zlab bir-birini chaqirib chiqisharmish-u topolmas emish…

      Tashqarida hamon terak barglari shitirlaydi. Daryo shovullaydi. Mana shu shovullagan sukunat ichida dilni titratadigan iztirobli nido yangraydi: «Ilhaq! Is’-hoq!..»

      Bechora onam! O‘sha iztirobli afsonani aytayotganingda inidan mo‘ralagan qaldirg‘och bolasidek ko‘rpadan bosh chiqarib yotgan besh bolang bir-biri bilan inoq bo‘lishini shunchalik xohlaganmiding!

      …Onalar farzandlari hamisha birga bo‘lishini istaydilar. Qismat esa, ularni qanot chiqarishi bilan har yoqqa uchirib ketadi. Hayot loaqal shu masalada ham onalarga shafqat qilmaydi.

      QARZ

      Bir kuni gapdan gap chiqib, aka-ukalar oyimga hazillashdik:

      –Har oy pensiya olasiz. Shuncha pulni qayoqqa qo‘yyapsiz? Sandiqqa bosyapsizmi?

      – Sandiq qatta, bolam? – deb kuldi onam. – Qarzlarim bor. O‘shanga beraman-da.

      Akamning qovog‘i osildi:

      – Qarz? Hali birovdan qarz ham olasizmi?

      – E, senga nima, bolam! Mening ishimga aralashib nima qilasan?

      Keyin gap boshqa yoqqa aylanib ketdi. Bu suhbatni butunlay unutib yuborgan edim. Qaysi kuni ertalab hovlida aylanib yursam, qo‘shinimizning yetti yashar qizchasi Nilufar chiqib qoldi. Oppoq bantik taqib, atlas ko‘ylak kiyib olibdi.

      – Ha, Nilu, yasanib olibsan, mehmonga ketyapsanmi?– dedim erkalab.

      – Bugun man tug‘ildim, – dedi u qop-qora ko‘zlarini pirpiratib jilmayarkan.

      – Iya, yubilyar ekansan-da, shoshmay tur-chi, hozir…

      Uydan bir hovuch konfet olib chiqdim.

      – Mana, o‘rtoqlaring bilan ye.

      Nilufar kattalardek jiddiy bosh chayqadi:

      – Men ishkalad yemayman. Tishim tushgan. – Keyin yana o‘sha jiddiy ohangda qo‘shib qo‘ydi: – Bultur poshsha buvim menga tufli olib beruvdilar. Tug‘ilganimda. – Qizcha o‘ylanib qoldi. – Keyin-chi, Bahoga uch oyoqli velosiped, Baxtiga ko‘ylak…

      Qo‘limdan konfet tushib ketdi.

      IKKI AFSONA

      Gazetachining ishi bir tomondan uloqchi otga, ikkinchi tomondan omoch tortadigan otga o‘xshaydi. Uloqchi otdek manzilga yuguradi-yu, yer haydaydigan otdek har kuni omoch tortadi…

      Navbatchi edim. Xonada yolg‘iz ishlab o‘tirsam, farrosh kampir Vera xola kirdi.

      – Shu stol siznikimi? – dedi negadir qovog‘ini solib.

      – Shu.

      – Chekasizmi?

      – Chekaman.

      – Nega kulni polga tashlaysiz? Kuldoningiz bo‘lmasa, ayting, uydan obkeb beray!

      Mulzam bo‘ldim. Yo‘q, yo‘lakning devorida «Farrosh mehnatini hurmat qiling» degan yozuv ilib qo‘yilgani uchungina emas. Gap shundaki, farroshning ishi qanaqa bo‘lishini yaxshi bilaman, o‘zimning boshimdan o‘tgan.

      Oyim farrosh edi. Shundoq hovlimizning yonida pioner lageri bo‘lardi. Oyim kun chiqmasdan turib yo‘lkalarni supurardi. Biz aka-ukalar suv sepamiz. Aslida suv sepish unchalik qiyin emas. Yo‘lka chetidagi ariqchaga tushib olasiz-u alumin tog‘oracha bilan sepib tashlayverasiz. Keyin oyim bandiga uzun tayoq bog‘langan burgan supurgi bilan supurib ketaveradi. Ertalab suv muzdek bo‘lgani uchun oyog‘ingiz sovqotib «kesilib» ketadi. Ammo gap bunda ham emas. Hammasidan yomoni – tong otmasdan turish. O‘zi yarim kechagacha «ko‘cha sanqib» rosa holdan toyamiz. Endi shirin uxlab yotganda oyim sekin turtadi:

      – Bo‘la qol, o‘g‘lim, hali-zamon kun yoyilib ketadi.

      O‘zing tengi bolalar lager palatkalarida maza qilib uxlab yotganida sen suv sepib yo‘lka supurishing… Nima desam ekan… Sal alam qiladi kishiga. Shundanmi, vaqti-vaqti bilan «shaytonlik» qilaman. Goh boshim og‘rib qoladi, goh oyog‘im… Oyim negadir ko‘proq meni avaylaydi. O‘rnimga o‘zim bilan bir ko‘rpada tepishib yotadigan Abduvohid degan o‘rtog‘immi, akammi turib ketadi. Ba’zan dadamning jahli chiqadi. «Nima, buningni boshida shoxi bormi, ishlasin-da», deydi…

      Katta akam institutga kirganida beshinchimi-oltinchimi sinfda o‘qir edim. Akam student bo‘lganidan keyin oyimning kasbi unga yoqmay qoldi. Oxiri ochig‘ini aytdi:

      – Oyi, qo‘ying endi shu ishingizni…

      Oyim o‘yga toldi.

      – Nima, or qilyapsanmi? – dedi bir muddat xomush o‘tirgach. – Men o‘g‘irlik qilayotganim yo‘q-ku, bolam. Mehnatning aybi bormi?

      Dadamdan ham, akalarimdan ham sado chiqmadi.

      Nimagaligini bilmayman-u, o‘sha kuni negadir qaytadan go‘dak bolaga aylanib qolgandek bo‘ldim. Kichkintoylik paytimda onam bir yoniga ukamning beshigini qo‘yib, bir yonida meni olib yotardi.

      Qish kechalari sandalga tiqilib yotarkanman, yalinaman:

      – Oyi, cho‘pchak aytib bering.

      – Uxla, bolam, charchaganman.

      – Ayta qoli-i-ing.

      – Xo‘p, ko‘zingni yumib yotgin-da, eshit… Bir bor ekan, bir

Скачать книгу