Dunyoning ishlari. O‘tkir Hoshimov

Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Dunyoning ishlari - O‘tkir Hoshimov страница 4

Автор:
Жанр:
Серия:
Издательство:
Dunyoning ishlari - O‘tkir Hoshimov

Скачать книгу

afsona hayotdek oddiy, hayotdek chuqur haqiqat ekan.

      GILAM PAYPOQ

      Har yili dam olishga borganimda onamga gilam paypoq olib kelaman. Kavkaz tomonda ko‘p bo‘ladi. Juba deyishadi, jurabi deyishadi. Oyim xuddi noyob narsaga ega bo‘lgandek, uzundan uzoq duo qiladi. Shundoq mehribon o‘g‘li borligini aytib qo‘shnilarga maqtanadi. Uning oyog‘i kasal. Salqin tushishi bilan shishib ketadi, og‘riydi.

      Qo‘ni-qo‘shnilar ahvol so‘rasa, ularniyam, o‘ziniyam yupatadi.

      – Ha, endi keksalik-da, o‘rgilay.

      Lekin onamning oyoq og‘rig‘i faqat keksalikdan emas. Buni boshqalar bilmasa ham, men bilaman. Yaxshi bilaman.

      Bolaligimda ko‘p kasal bo‘lardim: qizamiq, ko‘kyo‘tal, bezgak… Shuning uchun oshxonadagi mixda ko‘k qarg‘aning patidan tortib, gultojixo‘rozgacha ilig‘lik turardi… Ayniqsa, tomoq og‘rig‘i yomon qiynaydi. Oyog‘im zaxga tegishi bilan tomog‘im og‘rishga tushadi. Oyoq bilan tomoqning nima aloqasi borligini haliyam tushunolmayman.

      O‘shanda necha yoshligim esimda yo‘q. Biroq juda kichkina edim. Bir kuni akalarim bilan yaxmalak o‘ynab terlab ketdim. Terlab turib muz yedim. Kechqurun isitmam ko‘tarildi. Quv-quv yo‘talaman. Oyim tomog‘imni achchiqtosh bilan chayib ko‘rdi, bo‘lmadi, turshak qaynatib suvini ichirdi, bo‘lmadi… Oxiri tomog‘im xippa bo‘g‘ilib qoldi. Og‘riqni sezmayman-u nafas olishga qiynalaman. Hushimdan keta boshlaganimni es-es bilaman. Qulog‘im ostida onamning chirqillab yig‘lagani, hadeb bir gapni qaytarayotgani eshitiladi:

      – Voy, endi nima qilaman! Voy, bolam o‘lib qoladi!

      Keyin meni shosha-pisha ko‘rpachaga o‘radi. Bir mahal onamning qo‘lida ketayotganim esimda bor. Gupullatib qor yog‘ayotganini his etib turardim-u, biroq yuzimga qor tushmas edi. Onamning issiq nafasi urilib turar, u sirg‘anib-sirg‘anib borar, og‘ir hansirar edi.

      Xira chiroq miltirab turgan allaqanday uyga kirdik. Ko‘z o‘ngim yana qorong‘ilashib ketdi. Oyim hamon chirqillaydi.

      – O‘lib qoladi! Bolaginam o‘lib qoladi!

      – Vahima qilmang, poshsha, dardni bergan Xudo, davosiniyam beradi.

      Bu Hoji buvining ovozi ekanini g‘ira-shira idrok etdim.

      Hoji buvi boshimni tizzasiga qo‘yib chalqancha qilib yotqizdi. Doka o‘ralgan barmog‘ini og‘zimga tiqdi. Ko‘nglim ag‘darilib, tipirchilagancha yig‘lar, ammo Hoji buvining qo‘lidan chiqib ketolmasdim. U tomog‘imga nimadir qildi. Dod solib qo‘lini tishlab oldim. Qiziq, birpasdan keyin ahvolim yengillashdi. Ko‘zimni ochsam, Hoji buvi jilmayib turibdi.

      – Nega tishlaysan, kuchukvoy? – dedi boshimni silab.

      Keyin tepamga oyim engashdi. U hamon hansirar, sochlari to‘zg‘ib ketgan, yuzi jiqqa ho‘l edi.

      Birpasdan keyin qaddimni rostlab, tanchaga oyog‘imni tiqib o‘tirdim. Hoji buvi allaqanday taxir suyuqlik ichirdi. Keyin oyimga qaradi-yu, birdan xitob qildi.

      – Voy poshsha-a-a! Nima qilib qo‘ydingiz, tamom bo‘psiz-ku!

      Oyim talmovsirab, goh menga, goh Hoji buviga qarar edi.

      – Oyog‘ingizdan ayrilibsiz-ku! – dedi Hoji buvi boshini chayqab. – Shu ahvolda qandoq keldingiz?

      Kavshandozda turgan oyimning kalishini endi ko‘rdim. Kalishning ichi qorga to‘la edi.

      – Sarpoychan kelaverdingizmi?! – dedi Hoji buvi hamon o‘sha vahimali ohangda. – Endi nima qilasiz? Qarg‘aning miyasini chaqib surmasangiz, cho‘loq bo‘lib qolasiz.

      Oyim tanchadan oyog‘ini chiqardi. Ikkala oyog‘i qip-qizil go‘sht bo‘lib ketgan edi.

      – Sovuq yegani yo‘q, – dedi sekin. – Qaytaga isib ketdi. Qorda o‘zi isib ketarkan.

      Hoji buvi uning oyog‘ini uqalab ko‘rdi.

      – Sezyapsizmi?

      – Nimani? – dedi oyim oyog‘iga emas, menga qarab.

      – Qo‘limni sezyapsizmi?

      Oyim indamay bosh chayqadi-da, piqillab yig‘lab yubordi.

      … Ertasiga u yotib qoldi. Uzoq yotdi. Dadam bir joydan qarg‘a otib keldi. Hoji buvi qo‘lidan kelgancha dori-darmon qildi… keyin oyim tuzaldi. Biroq salqin tushishi bilan oyoqlari shishib, azob beradigan bo‘lib qoldi…

      Har yili dam olishga borganimda onamga gilam paypoq olib kelardim. U xuddi noyob narsaga ega bo‘lgandek, uzoq duo qiladi, birpasda hamma qo‘shnilarga ko‘z-ko‘z qilib chiqadi, shundoq «mehribon» o‘g‘li borligini aytib maqtanadi. Shunda qor gupullab yog‘ib turgan mudhish kecha, onamning qip-qizil go‘shtga aylanib ketgan oyoqlari ko‘z o‘ngimga keladi-yu, indamay chiqib ketaman.

      ENG OG‘IR GUNOH

      Kuz kirganini qishloq bolasining qo‘lidan bilsa bo‘ladi. Yong‘oq hali «paqqa» bo‘lib ajralmasdan turib, daraxtga tarmashib ketamiz. Xom yong‘oqning po‘stini tozalash oson emas. G‘adir-budur g‘isht topib, ishqalayverasiz, ishqalayverasiz. Oxiri sap-sariq yong‘oq ajralib chiqadi. Ammo qo‘lingiz ham xina qo‘ygandek sarg‘ayib ketadi. Loy bilan ming marta ishqalab yuvsangiz ham foydasi yo‘q. Pishmagan yong‘oqning bitta yaxshi tomoni bor: og‘ir bo‘ladi. Uchi bilan dum tomonini yaxshilab ishqalab yog‘lasangiz, zoldirdek sip-silliq soqqaga aylanadi. Ana undan keyin «soqqa quvar» o‘ynayverasiz. Soqqa qancha kichkina bo‘lsa, shuncha yaxshi. Manaman degan yong‘oqqa qars etib uriladi-yu, o‘ziga uncha-muncha yong‘oq tegmaydi. Tuproq orasiga yashirinib yotaveradi. O‘yin-ku o‘z yo‘liga. Yong‘oqning yana bitta fazilati bor: qorinni to‘q tutadi. To‘rttasini yeb olsangiz, yarim kun kekirib yurasiz.

      … Endi o‘ylab qarasam, o‘sha – urush endi tugab, og‘irchilikning zahri ketmagan yillarda yaxshiyam meva-cheva bo‘lgan ekan. Odamlarning joniga shu ora kirgan ekan-da. Erta ko‘klamda sumalak, ketidan ismaloq, keyin qarabsizki, tut pishadi. Ermon buvaning tuti! Mayiz deysizmi, shinni deysizmi, hammasi tutdan bo‘ladi. Bundan keyin olma, uzum, kuzda yong‘oq. Ham ovqat, ham o‘yin.

      Bir kuni Xo‘ja, Toy, Vali to‘rtovlashib rosa soqqa quvar o‘ynadik. Jimitdekkina soqqam bilan bir do‘ppi yong‘oqni yutib oldim. O‘yinga jo‘raboshimiz ham aralashgan edi, uyam bir cho‘ntak yong‘og‘idan ayrildi.

      Kechqurun og‘zim qulog‘imga yetgudek bo‘lib bir do‘ppi yong‘oq ko‘tarib keldim. Qarasam, oshxona tomondan gup-gup etgan tovush kelyapti – oyim tolqon qilyapti.

      Nima uchundir onam tez-tez tolqon qilardi. Sababini keyin tushunganman. Non ko‘pligi uchun emas, kamligi uchun tolqon qilisharkan. Tolqon to‘yimli bo‘ladi. Ikki qoshiq yeb, ustidan olma choy ichsangiz, darrov nafsingiz qonadi.

      Yong‘oqni ko‘tarib oshxonaga kirdim-u do‘ppini uzatdim.

      – Qayoqdan olding? – dedi oyim ko‘zimga tikilib.

      – Yutdim. Mang, tolqonga soling.

      Bilaman, yong‘oqli tolqonning ta’mi boshqacha bo‘ladi. Yog‘ mazasi kelib turadi.

      Onam do‘ppi to‘la yong‘oqni qo‘limdan olib, yelkamga

Скачать книгу