Dunyoning ishlari. O‘tkir Hoshimov

Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Dunyoning ishlari - O‘tkir Hoshimov страница 5

Автор:
Жанр:
Серия:
Издательство:
Dunyoning ishlari - O‘tkir Hoshimov

Скачать книгу

yeyishim bilan to‘satdan soqqam esimga tushib qoldi. U cho‘ntagimni qarayman – yo‘q, bu cho‘ntagimni qarayman – yo‘q.

      – Nima bo‘ldi? – dedi oyim tipirchilayotganimni ko‘rib.

      – Soqqam qani?

      – Qanaqa soqqa?

      – Yutadigan soqqam!

      Birdan ko‘nglimga g‘ulg‘u tushdi. Oyim soqqamniyam qo‘shib chaqib qo‘ygan bo‘lsa-ya!

      Og‘zimda tolqon bilan oshxonaga yugurdim. Bir chekkada yarimta g‘isht, yonida tesha yotibdi. Po‘choqlar orasini titkilab, yutadigan soqqamning yaltiroq po‘chog‘ini topdim. Alamimdan chinqirib yubordim:

      – Soqqamni nima qilib qo‘ydingiz?

      Supa tomondan onamning ovozi keldi:

      – Nima bo‘pti?

      – Nima qildingiz? – dedim alam bilan. – Soqqamni nima qilib qo‘ydingiz?!

      Oyim sekin tepamga keldi.

      – Mana, – dedim po‘choqni ko‘rsatib. – Soqqamni chaqib qo‘yibsiz-ku!

      Oyim negadir kuldi:

      – Qayoqdan bilaman. Qo‘y, bolam, akang boshqasini topib berar.

      Oyimning kulishi battar alam qildi.

      – Kerakmas, kerakmas! – dedim oyog‘imni tipirlatib.– Yutadigan soqqam edi.

      Oyim boshimni siladi.

      – Bilmabman-da, o‘g‘lim. O‘zing do‘ppisi bilan berding. Yur, choyingni ich! – U qo‘limdan tutib yana supaga olib chiqdi. Oldimga tolqonli tovoqni surib qo‘ydi. – O‘tir, ovqatlanib ol. Qorning ochib ketdi-ku!

      Tovoqni nari surdim.

      – Yemayman!

      Oyim tovoqni yana men tomonga surdi.

      – Ol, bolam, shirin bo‘pti.

      – Kerakmas! Kerakmas! Kerakmas! – Tovoqni qo‘lim bilan bir urgan edim, uchib avval supaga, undan yerga tushdi. Tolqon yer bilan bitta bo‘lib sochildi-da, tuproqqa qorishib ketdi.

      Birdan oyimning ko‘zida g‘azab chaqnadi. Shapalog‘ini yozib quloq-chakkamga yaqin keltirdi. Qo‘rquvdan ko‘zimni yumib oldim. Yo‘q, urmadi. Biroq labi titrab pichirladi:

      – Non-ku, bu, ahmoq! Gunoh bo‘ladi-ku!

      U sekin yerga tushdi. Sochilgan tolqonni kafti bilan sidirgan edi, tuproq aralashib chiqdi. Onam boshini ko‘tarib menga qaradi. Ko‘zlarida alam, ta’na bor edi.

      Birpasdan keyin opam, akalarim dasturxon atrofida yig‘ilishdi. Har bittasiga yarim qoshiqdan tolqon yo tegdi, yo tegmadi. Keyin dadam keldi, oyim oshxonadan bug‘i chiqib turgan bir lagan lavlagi ko‘tarib chiqdi. Lavlagi shirin narsa-yu, har kuni yegandan keyin jonga tegadi. Baribir non emas.

      – Tolqon qilmadingmi? – dedi dadam bir bo‘lak lavlagini puflab-puflab yer ekan.

      Qo‘rquv ichida oyimga qaradim.

      – Qiluvdim, – dedi u sekin.

      – Qolmadimi?

      – O‘g‘ir o‘lgur ag‘darilib ketdi, – dedi onam aybdor ohangda.

      – Nima? – dadam lavlagi bo‘lagini qo‘lida tutgancha jahl bilan onamga qaradi.

      – To‘kilib ketdi, – dedi oyim boshini quyi solib.

      – Padaringga la’nat! – dedi dadam sekin, ammo tahdidli ohangda. – Kap-katta xotin uvol qilib o‘tirsang. Bilib qo‘y, non ko‘r qiladi seni! – U shaxt bilan o‘rnidan turdi-da, bir hatlab supadan tushdi. Tez-tez yurib ko‘chaga chiqib ketdi.

      Men oyimga qaradim. U bo‘lsa hamon bosh ko‘tarmay o‘tirar, ko‘zlarida iztirob bor edi.

      BOLA YIG‘ISI

      Onamning jahli chiqqanini kamdan kam ko‘rardim. Ammo bu gal juda qattiq achchiqlandi. Opamnikiga ketayotgan edik. Tor ko‘chaga burilishimiz bilan yig‘i ovozi eshitildi. Ko‘cha chetida uch yoshlardagi bola yerga dumalab tajanglik bilan chinqirar, oppoq ko‘ylagi, ishtonchasi qora tuproqqa belangan edi.

      – Mashinani to‘xtat, o‘g‘lim, – dedi onam xira tortgan ko‘zlarini o‘sha tomonga tikib.

      – Nima edi?

      – To‘xtata qol, bolam, – deya onam ma’yus jilmaydi.

      Ikkilanibroq to‘xtatdim.

      Onam inqillab-sinqillab eshikni ochib tushdi. Uvishgan oyoqlarini uqalagancha oqsoqlana-oqsoqlana orqaga, bola yig‘layotgan tomonga qarab ketdi. Men ham beixtiyor ergashdim. Bola hamon yerga dumalar, har dumalaganda quloqni teshib yuborgudek chinqirar edi. Uning tepasida o‘zi ham o‘pkasini arang bosib turgan yoshgina juvonga endi e’tibor berdim.

      – Jinni bo‘lib qolgan bu, – dedi juvon yig‘lamoqdan beri bo‘lib. – Morojniy ober, dedi. Olib bersam bunaqa qilyapti.

      Bola hamon chinqirib yig‘lar, xarxasha qilar edi:

      – Issiq manoj! Issiq manoj obering!

      – Unaqasini qayoqdan topaman! – Juvonning toqati toq bo‘ldi shekilli, dumalayotgan o‘g‘lini yerdan yulqib ko‘tardi. Orqasiga bir-ikki shapatiladi.

      – Hoy, qizim, bola-ya bu, bola-ya! – onam chumchuqdek chirqillab juvonga yopishdi. – Kel, jonim, – dedi bolani bag‘riga bosib. – Kela qol, o‘zim senga issiq morojniy olib beraman.

      Bola yig‘idan to‘xtamadi. Ammo avvalgidek tipirchilamasdi. Uning shunchalik jahlini chiqargan «sovuq manoj» oqib ko‘ylakchasining oldini shalabbo qilgan, boshdan oyog‘igacha loy edi.

      – Nimaga qarab turibsan? – dedi onam menga to‘satdan. – Yo sen ham bolamisan? Bor, olib kel mashinangni. Hozir u-utaga boramiz. Di-ditga tushamiz-a?

      Rostini aytsam, bolani shu ahvolda mashinaga o‘tqazgim kelmadi. Chet eldan keltirilgan yangi parolon g‘ilof olgan edim. Hammasini rasvo qilib yuboradi endi. Noiloj mashinani tislantirib olib keldim, qovog‘imdan qor yog‘ayotganini o‘zim ham sezib turardim.

      Onam yoniga o‘tirgan juvonga tushuntirdi:

      – Bunaqada bola xuyli bo‘lib qoladi, qizim. Aldab-suldab ovuting-da. Ana, di-ditga tushdik.

      Bola endi yig‘lamas, ammo o‘pkasi to‘lib to‘xtovsiz hiqillar edi.

      – Qayoqqa ketayotgan edinglar, o‘rgilay? – dedi onam ayolni ham yupatuvchi ohangda.

      Meni ona-bolaning qayoqqa borishi emas, o‘rindiqning qancha joyi loyga belangani ko‘proq o‘ylantirardi.

      Ayol chimirilib o‘tirganimni sezdi shekilli, xijolat chekib shosha-pisha qo‘l siltadi.

      – Mana, keldik. Rahmat. Shu yerda trolleybusga

Скачать книгу