Заҳарли газандалар. Я. Давлатов
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Заҳарли газандалар - Я. Давлатов страница 10
Hasharotlar ustida odamni hayratda qoldiradigan kuzatishlar o‘tkazilgan. Ba’zi bir kapalaklarni qurti daraxt po‘stlog‘i ustida yashab turganida g‘umbakka aylansa, jigarrangga bo‘yalib qishlaydi, kapalaklar esa kelgusi yili bahorda chiqaboshlaydi. Agarda g‘umbakka aylanish davri daraxt yaprog‘i ustida o‘tsa, unda g‘umbak yashil rangga, bo‘yaladi, bunda rivojlanish tez amalga oshadi, kapalak kuz boshlanguncha uchib ketadi.
Shunday qilib yashash muhiti jonivorni ma’lum bir rivojlanish yo‘lidan ikkinchi bir taraqqiyot yo‘liga soluvchi o‘ziga xos kalit sifatida xizmat qiladi. Bir butun organizm darajasida ham yana o‘sha qonun – irsiy axborotni keragidan ortiqcha qonuni ishlaydi. Demak, aytishimiz mumkinki, axborotni ana shunday keragidan ziyod bo‘lishi organizm hayotini boshqaradigan qonunlar bilangina emas, balki populyatsion mexanizmlar bilan belgilanadi.
Kapalaklarni sanoat melanizmi degan iborani so‘ngi yillarda tez-tez eshitish mumkin. Qayin daraxtida yashaydigan odimchi degan hasharot o‘sha daraxt rangiga o‘xshash bo‘ladi. So‘ngi yuz yildan ziyodroq vaqt ichida Angliya sanoati shunchalik tutun chiqaradigan bo‘ldiki qayin daraxti po‘stloqlari qorayib ketdi. Nihoyat inson ko‘z oldida kapalaklarning rangi o‘zgara boshladi, ular qora rangga ya’ni daraxt rangiga bo‘yala boshladi.
Zoolog va genetik olimlarning aniqlashlaricha, kapalak rangini o‘zgarishi darvinizm qonuniga asoslangandir. Qora rangdagi kapalaklarni tanlanishi och rangdagi kapalaklarni siqib chiqazish yo‘li bilan amalga oshdi va kapalaklarning yangi formasi paydo bo‘ldi, bu yangi xususiyat kapalak irsiyatiga yaxshigina o‘rnashib oldi, shunday qilib inson birinchi marta evolyutsiya yo‘nalishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, bu esa fan zafari sifatida atom fizikasi bilan bir qatorga qo‘yib namoyish etildi. O‘n yillarcha vaqt o‘tgach ushbu ma’lumotlar qo‘shimcha kuzatishlar bilan jiddiy ravishdi to‘ldirildi.
Xon qizi populyatsiyalari haqida ham shunga o‘xshash ma’lumotlar to‘plandi. Yuqoridagi misollar ko‘rsatadiki, darvincha tabiiy tanlanish bu faraz emas, hattoki nazariya ham emas, u fakt bo‘lib qoldi.
Chavandozlarning urg‘ochisi tuxum qo‘yadigan ingichka va uzunchoq a’zosi bilan o‘ljasini halok etadi va unga tuxum qo‘yadi. Chavandozlarning Rissa degan urug‘i daraxtda hayot kechiradi, urg‘ochisi eski daraxt po‘stlog‘i bo‘ylab tinimsiz harakat qiladi, ya’ni uzun mo‘ylovi bilan daraxt po‘stlog‘ini paypaslab chiqadi, ma’lum bir joyga kelib u to‘xtab qoladi va o‘sha joyga tuxum qo‘yadi, aniqroq qilib aytganda shox dumli yog‘och qirquvchi jonivor g‘umbogini aniq nishonga oladi. Qanday qilib g‘umbakni topishi hali fanga ma’lum emas.
O‘simlik yaproqlarida izg‘ib yurgan jajji hasharotlar – shiralar o‘simlik bargini teshib uning sharbatini so‘rib oladi. Ana shu yerda chavandozlarning urg‘ochisi ham paydo bo‘ladi, shirani tutib olgan chavandoz uni qorin tomonini paypaslab qulay nuqtani topganda tuxum qo‘yadi. Tuxumdan lichinka paydo bo‘lganga qadar shirani hisobiga oziqlanib voyaga yetadi.
Karam zararkunandasi kapalak tuxumdan chiqishi bilan oziqlana boshlaydi, me’yorida rivojlangach, chavandoz kelib uning ustiga chiqib oladi-da, tuxum qo‘yadigan a’zosi bilan g‘umbak tanini parmalaydi, hosil bo‘lgan teshikchalarning har biriga bittadan tuxum qo‘yadi. Har bir g‘umbakka 20–30 dona tuxum joylashadi, keyin ikkinchi, uchinchi g‘umbakni izlaydi. Bechora g‘umbaklarni taqdiri nima bo‘lganini tasavvur etish qiyin emas – g‘umbakning ilma-teshikdan iborat terisi qoladi xolos.
Asalarilar (Apis mellifera). Xasharotlarning xulq-atvori, ya’ni jamoa bo‘lib yashashi munosabati bilan organizmdan yuqori daraja degan tushuncha diqqatga sazovordir. Masalan, asalari oilasi barcha individlar jamoasi emas, balki bitta organizmdir, unda barcha individlar organizm a’zolari vazifasini bajaradi. Mazkur nazariyani yuzaga kelishida dastlabki kuzatishlar o‘ta qiziq. Gap jamoadan ajratib olingan ayrim hasharotlar ustida boradi. Ularga o‘ta yaxshi sharoit yaratib berilsa-da, ular tez orada halok bo‘ladi. Bunday qonuniyat chumoli, termit va ba’zi baliqlarga ham taalluqli ekan. Keyinchalik mazkur nazariya umum biologik qonuniyat ekanligi ayon bo‘lib qoldi.
Asalari organizmini tekshirganda shu narsa aniq bo‘ldiki, yosh asalari tanida qancha B darmondori bo‘lsa, katta arida ham uning miqdori shuncha ekan. Buning sababi arilarning ozuqa almashinishi bilan bog‘liq ekan. Alohida ajratib boqilgan arilar bunday ozuqa ayirboshlash imkoniyatidan mahrumdirlar. Radioaktiv fosfor bilan olib borilgan tajribalar natijasi ham ana shunday xulosaga olib keldi.
Shuningdek, arilarning barcha instinktlari faqatgina jamoada namoyon bo‘ladi. Masalan, himoya instinkti arilarning soni o‘ntadan kam bo‘lmagandagina amalga oshadi. Ari tuxumining so‘ngi stadiyasi rivojlanishi uchun guruh tarkibidagi arilar soni 20 va undan ziyod bo‘lmog‘i kerak, uyada tegishli haroratni yaratish uchun esa arilar soni 30 tadan kam bo‘lmasligi kerak, aks holda uyani isitish refleksi namoyon bo‘lmaydi.
Asalari odamni chaqqanidan keyin uning o‘zi ko‘pincha halok bo‘ladi, sababi shundaki, odamning terisi yumshoq va cho‘ziluvchan bo‘lgani bois asalari nashtarini qisib oladi va ari ko‘pincha nashtarini sug‘irib ololmaydi, buning ustiga nashtarning ikki yon tomonida orqaga qayrilgan arra tishlari bor, bu esa nashtarni sug‘irib olishni yanada qiyinlashtiradi. Demak, odam terisida nashtar bilan birga uning zaharli bezi va qisman ichaklari ham qolib ketadi, natijada asalari halok bo‘ladi.
Umuman asalarining umri qisqa bo‘lib, ikki oydan oshmaydi, faqat ona ari bir necha yil yashaydi. Asalari o‘sib ulg‘aygan sari uning bajaradigan yumushi ham o‘zgarib boradi. Masalan, endigina dunyoga kelgan ari bolasi inining kataklarini tozalaydi. To‘rt kunlik bo‘lgach, uyadagi lichinkalarga qaraydi, 8 kundan so‘ng enagalik qiladi.
Asal nektardan tayyorlanadi, arilar gullarning nektarini yig‘ib uyadagi mumkataklarni to‘ldiradi, so‘ngra uni qanotlari bilan yelpib nektar tarkibidagi namni qochiradi. Nektarga dastlab arining asal qorinchasida ishlov beriladi, lekin nima bilan ta’sir ko‘rsatilishi hozircha aniq emas. Ari qorinchasidan bir tomchi nektarni xartumchasi yordamida chiqazadi va yana yutadi, keyin yana chiqazadi, bunday jarayon 240 martagacha takrorlanadi, shundan keyingina nimfabrikat shirin mum kataklarga joylanadi. Ish bu bilan tugamaydi. Nektarni asalga aylantirish jarayonini boshqa asalarilar davom etdiradi. Ular chala asal va chala nektarni mum katakning bir ko‘zidan ikkinchi ko‘ziga joylaydilar. Arilar nektar nami qochirish uchun tinimsiz mehnat qiladilar, ya’ni qanot qoqib uni yelpiganlarida bir daqiqa ichida 26 ming 400 marta qanot qoqadilar.
Hisob-kitoblarga ko‘ra 100 gramm asal tayyorlash uchun bir asalari bir million gulning nektarini yig‘ishi kerak. Ana shuncha nektarni uyiga tashish uchun asalari 15 ming marta qatnaydi. Propolis asalari yelimi bo‘lib, asalarilar ana shu elim bilan uyalarining teshik-tirqishlarini berkitadi. Propolisni nimadan va qanday tayyorlanish sirlari haligacha noma’lum. Ma’lum bo‘lishicha, propolis asosan ikkita manbadan: biri o‘simlik changi, ikkinchisi oq va qora qarag‘ay, qayin daraxtining po‘stlog‘i va kurtagidan iborat bo‘lsa kerak.
Ma’lumki, qovoqari asalari zotiga qiron keltiradi. Qovoqarini yaqinlashib kelayotganini payqab qolgan asalarilar guruhi g‘animiga yopriladi, uni o‘rab oladi, ana shunday jonli zoldir ichida qolgan qovoqari bir necha daqiqadan so‘ng yuqori haroratga bardosh beraolmasdan jon taslim qiladi.