Gulyetim. Nabijon Qodirov
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Gulyetim - Nabijon Qodirov страница 15
Misha tog‘a shaharlik bir magazin mudirining uyida uch oy ishlagani, ish haqiga pul bilan birga ikkita Volxov rusumli televizor berganini va o‘sha televizorning birini bizga sotishi mumkinligini aytib qoldi.
Dadam qo‘li kaltaligini aytib, bu taklifni rad etdi. Misha tog‘a esa o‘z so‘zida qattiq turib oldi.
– Ergashboy, sen ham menga o‘xshab ko‘pchilikni hojatini chiqarib yuradigan odamsan. Xijolat bo‘lma. Pulini qistamayman, topganingda berarsan. Bermasang ham roziman. O‘zbeklarda berganda ol, urganda qoch, degan gap bor. Olaversang-chi, uka, – dedi jilmayib.
Dadamning rozi bo‘lishdan boshqa chorasi qolmadi. Bu ishlarni Misha aka aynan men uchun qilayotgan edi go‘yo. Quvonchimning cheki yo‘q. Zo‘r bo‘ldi-da! Chunki u paytlarda televizor juda katta yangilik hisoblanib, mahallamizda bitta-ikkita xonadonlarda endigina paydo bo‘lgan edi. Biz, bolalar, qo‘shnilarnikiga kirib, yarim tungacha televizor ko‘rishni odat qilgan edik. Bu ishimiz uy egalariga ba’zan malol kelsada, bizga sezdirishmas, uyning bir chetiga joy solib uxlayverishardi. Biz esa bolaligimizga borib surlik bilan yana kiraverardik.
O‘sha gapning ertasigayoq O‘ktam aka televizorni velosipedining bog‘ichiga boylab, uymizga olib keldi. Usta-shogird kun bo‘yi urinib antenna yasab, tomga o‘rnatdilar. Endi qo‘shnilarimiz biznikiga tomoshaga chiqadigan bo‘lishdi.
O‘QISHIMDAGI PASAYISH
Kunlar o‘tgani sayin menda o‘zgarishlar paydo bo‘la boshladi. Yotog‘imga kirgach, hadeganda uyqumni topolmay qiynalaman. Poyoni yo‘q o‘y-xayollar girdobida toliqib, tongga yaqin ko‘zim ilinganday bo‘lar, uyg‘onganimda esa vujudimda lanjlik va qattiq charchoqni his etardim.
Uyqumda alahsirab baqiradigan, ko‘zimga allaqanday alvastilar ko‘rinib, dod solganimcha o‘rnimdan turib ko‘chaga chopadigan odat chiqardim.
Qo‘rqib ketgan onajonim tutib kelib, yana o‘rnimga yotqizar, ertalab uyg‘ongach, hech nimani eslay olmasdim. Uyqusizlik natijasida qaysar va jirraki bolaga aylanib qoldim.
Ba’zan oddiy narsalarga ham fahmim yetmas, aqlim to‘xtab qolganday edi. Algebra, ximiya, fizika fanlarini ham, o‘qituvchilarini ham ko‘rgani ko‘zim qolmadi. Uy vazifalarini butunlay bajarmay qo‘ydim. Oxiri, ustozlarning ham men bilan mutlaqo ishlari bo‘lmay qoldi. Darslarni o‘zlashtira olmasam, nima qilay. Bo‘lmagurga bo‘lishma. Hamma o‘qib olim bo‘laversa, oddiy ishlarni kim qiladi? Odamlarga traktorchiyam, suvchiyam, mardikor ham kerak, to‘g‘rimi?
To‘xta! – deyman yana o‘zimga o‘zim, axir men dadamga so‘z bergandim-ku. Bu yog‘i nima bo‘ladi?
O‘z so‘zida turmaslik o‘g‘il bolaga yarashmaydi.
Darslarni o‘zlashtirolmayotganim menga juda alam qilardi, boshim qotib o‘z yog‘imga o‘zim qovurilaman. Bir kun yaxshi bo‘lsam, ertasiga mendan qaysar bola yo‘q. Nega bunday bo‘lyapti? O‘ylarimning oxiri ko‘rinmasdi. Ammo ko‘nglimning ich-ichida yorug‘lik bor, hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonchmi, umidmi – qandaydir ilinj bor. U menga kuch berib turadi. Bular yiqilganimdan keyingi asoratlar ekanligi xayolimga ham kelmas, tezda davolanishim zarurligiga bolalik aqlim yetmasdi. Soddagina onajonim bolamga jinlar ilashgan, deb Maxsum buvaga dam soldirar, Sora xolaga kinna silatish bilan ovora.
Ilohiy duolardan ruhim birmuncha yengil tortadi. Xuddi qovjirab qurib borayotgan nihol tagiga suv quyganday, jonlana boshlayman. Qalbimdagi sirli, madad beruvchi yorug‘likni chuqurroq his qilaman. U ko‘nglimning tub-tubidan doim menga taskin berar, «Sabr qil, bu hammasi vaqtincha, hali sen katta odam bo‘lasan, puling ham juda ko‘p bo‘ladi» deganday bo‘laveradi. Men o‘sha sehrli ovozga chin dildan ishonaman va sabr bilan baxtli kunlarni intiq kutaman.
KUTILMAGAN JUDOLIK
Dadamni kasallik yengdimi, hech qayerga ishga chiqmay qo‘ydi. Uning sog‘lig‘i yaxshi bo‘lmasada, bizlarga bildirmaslikka urinardi. Ertalab barvaqt uyg‘ondim. O‘rnimdan turishga erinib yotgandim, beixtiyor dadamning onajonimga aytayotgan so‘zlari e’tiborimni tortdi. Ular odatdagidak dahlizdagi o‘choqboshida nonushta qilib o‘tirardilar.
– Biz, bolalar, D.D.T. degan kasofat dorini etaklarimizga solib, qo‘limiz bilan g‘o‘zalarga separdik. Kun bo‘yi bajargan bu ishimiz evaziga Omon aka degan brigadir har birimizga uch so‘mdan naqd pul berardi. Shu arzimagan choychaqani deb hammamiz jonimizni garovga qo‘yganimizni endi tushunib turibman. Yigitligimda samolyotga yo‘l ko‘rsatyapman, – deb fahrlanibman-u ustimdan zahar sochib o‘tayotganiga bu xom kallam ishlamabdi. Hammasi o‘sha nodonligimning mevasi.
O‘rnimdan turib dahlizga chiqdim. Dadam lovullab yonayotgan olovga xomush termilib o‘y surar, onajonim esa unsiz yig‘lardi. Yuz-qo‘limni yuvib, ularning oldiga kelib o‘tirdim. Onam ro‘molini tortib yuziga tushirdida, ko‘z yoshlarini yashirib tashqariga chiqib ketdi.
– Barakalla, o‘g‘lim, turdingmi? Bir ikkalamiz mazza qilib choy ichaylik, – dedi dadam o‘choqda sharaqlab qaynayotgan qumg‘onga qo‘l uzatib.
– Shoshmang, choyni o‘zim damlayman.
Dadamning qo‘lidan choyjo‘sh ushlashda ishlatiladigan buklangan eski do‘ppini oldim.
– Ehtiyot bo‘l, o‘g‘lim. Mayli, bir sening qo‘lingdan ham choy ichaylik-chi…
Choyni damlab uch marta qaytardim va ustini sochiq bilan yopib qo‘ydim.
– Ha, tuzuksan-ku, – dedi dadam jilmayib. – Endi katta yigit bo‘lib qolding, otam vafot etganlarida men sakkiz yoshli bolakay edim. Qiyinchiliklarni halol mehnatim bilan yengib o‘tdim. Odam mehnatdan qochmasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Lekin baribir o‘qish kerak. O‘qigan odam kam bo‘lmaydi.
Choyni ustma-ust qaytarib dadamga uzatdim.
– Men senga harom luqma yedirmay katta qildim. Ko‘nglim to‘q. Sen yaxshi inson bo‘lib voyaga yetasan, ammo onangni chizgan chizig‘idan chiqmagin, xo‘pmi?
– Nega unday deyapsiz, dada. Yoki biror yoqqa ketyapsizmi?
– Hech qayoqqa ketayotganim yo‘q. Shunchaki aytib qo‘ydim-da o‘g‘lim. Tez-tez choyingni ich, bolam. Yana maktabingga kech qolmagin.
Ota-bola kulishib nonushta qildik.
– Bozorga yangi bodring chiqdimikan? – dedi dadam o‘ylanib.
– Bilmadim. Nimaydi?
– Ikki-uch kundan beri biram bodring yegim kelyaptiki, asti qo‘yaverasan.
Maktabga ketayotganimda qo‘limga o‘ttiz tiyin tanga berib uzoq duo qildilar.
Uydan chiqarkanman, dadamni quchoqlab, bo‘ynilariga osilib erkalagim keldi, ammo bunga botinolmadim. Ikki yuztacha qadam tashlagach, beixtiyor ortimga qaradim. Dadam ko‘cha eshigimiz oldida turib, menga qo‘lini ko‘tardi. Men ham kulib unga qo‘l silkidim. Yo‘lda tasodifan Misha tog‘ani uchratib qoldim. U meni bag‘riga bosib ko‘rishdi. Sog‘lig‘imni so‘rab, qarshiligimga qaramay, qo‘limga bir so‘m pul tutqazarkan, so‘radi:
– Do‘xtirga bordingmi?
– Yo‘q.
– Men dadangga tayinlagan edim-ku, – dedi afsus langanday bo‘lib. – Eslatib qo‘y, seni, albatta, bir tekshirtirsin.
– Xo‘p