Дюймчахон. Сандиқ-самолёт. Йўлдош ўртоқ. Ганс Христиан Андерсен
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Дюймчахон. Сандиқ-самолёт. Йўлдош ўртоқ - Ганс Христиан Андерсен страница 2
– Odamzotga juda o‘xshab ketarkan-u, biroq ancha xunuk ekan, – degan xulosaga kelishibdi barcha qo‘ng‘izlar.
Hatto Dyuymchaxonni ko‘tarib kelgan may qo‘ng‘izining o‘ziga ham endilikda u xunuk ko‘rina boshlabdi va undan ajramoqchi bo‘libdi – qayoqqa ketsa ketaversin. U Dyuymchaxonni pastga olib tushib, moychechak ustiga o‘tqazib qo‘yibdi.
O‘zining bu qadar xunukligi alam qilib, Dyuymchaxon gul ustiga o‘tirganicha rosa yig‘labdi. Hatto may qo‘ng‘izlari ham uni quvib yuborishdi-ya!
Aslida esa u judayam yoqimtoy bo‘lib, dunyoda undan-da ko‘hlikroq qizaloqni topib bo‘lmas ekan.
Dyuymchaxon butun yoz bo‘yi kattakon o‘rmonda toq-tanho yashabdi. U o‘ziga o‘t-o‘lanlardan belanchak to‘qib olibdi va yog‘in-sochindan, quyosh taftidan panalash uchun uni qariqizning kattakon bargi ostiga osib qo‘yibdi. U har kuni gullar asalidan yeb, har ertalab yaproqlarga ingan shabnamdan ichib yuraveribdi.
Yoz shu tariqa o‘tib bo‘lib, kuz ham kirib kelibdi. Uzundan-uzoq qahraton qish nafasi sezila boshlabdi. Qushlar uchib ketishibdi, gullar so‘libdi, ostida Dyuymchaxon yashaydigan qariqiz bargi ham sarg‘ayib, qovjirabdi va quvurchadek buralib qolibdi.
Sovuq Dyuymchaxonning jon-jonidan o‘tib ketibdi. Ko‘ylakchasining julduri chiqibdi, jajjigina, nozikkina qizaloq bunaqada sovqotmaydimi, axir! Qor ham yog‘a boshlabdi, Dyuymchaxon uchun har bir qor zarrasi bizning bir belkurak qorimizga teng ekan. Biz-ku katta odamlarmiz, uning esa bor bo‘y-basti atigi bir dyuym ekan. U quruq yaproqlardan biriga o‘ranibdi, lekin bundan badani isimabdi, sho‘rlik shamolda tebranayotgan kuzgi barg kabi qalt-qalt titrar ekan.
Shunda Dyuymchaxon bu o‘rmonni tark etib, o‘ziga qishlik boshpana topmoqchi bo‘libdi.
U yashayotgan o‘rmon ortida kattakon dala bor ekan. Undagi g‘allani allaqachon yig‘ib olishgan, faqat muzlagan tuproqda quruq xas-xashaklar dikkayib turarkan, xolos.
Dala o‘rmondan ham sovuqroq ekan, qovjirab qolgan dag‘al somonpoyalar orasiga yetib olguncha Dyuymchaxon qotib qolibdi.
Nihoyat, u dala sichqonining iniga yetib olibdi. Inning og‘zi o‘t-o‘lan, xas-xashak ila hafsala bilan bekitilgan ekan.
Dala sichqoni iliqqina joyda to‘q-farovon yashar: oshxona va ombori don bilan liq to‘la ekan. Dyuymchaxon xuddi tilanchi kabi uning ini bo‘sag‘asida to‘xtab qolibdi va hech bo‘lmasa bir bo‘lak arpa doni berishlarini o‘tinib so‘rabdi – axir u ikki kundan beri tuz totmagan ekan-da.
– Voy sho‘rlikkina! – debdi dala sichqoni (chindan ham u saxiy kampir ekan). – Qani beri kel-chi, qani mundoq isinib, men bilan birga tamaddi qilib ol!
Dyuymchaxon inga tushib, isinib, ovqatlanib olibdi.
– Sen menga yoqib qolding, – debdi unga sichqon munchoq kabi yaltirab turgan qop-qora ko‘zchalarini tikib. – Qish ichi menikida qola qol. Men seni boqaman, sen esa uyimga bamaylixotir joylashib olib, menga ertaklar aytib berasan – men ularni o‘lguday yaxshi ko‘raman.
Xullas, Dyuymchaxon shu yerda qolibdi.
U qari sichqon buyurgan barcha yumushlarni ado etar, bu issiqqina ovloq inda harholda yomon yashamas ekan.
– Yaqinda biznikiga mehmon keladi, – debdi kunlarning birida dala sichqoni. – Haftada bir bor men qo‘shnimni yo‘qlab boraman. U juda badavlat, mendan ancha yaxshi yashaydi. Uning yer ostida kattakon uyi bor, o‘zi shunaqangi po‘stin kiyib yuradiki, bunaqasini sen umringda ham ko‘rmagan bo‘lsang kerak, ajoyib qop-qora po‘stin! Qizaloq, sen unga tega qol! Pichog‘ing moy ustida bo‘ladi! Attangki, u ko‘r, sening ko‘hlikkina husningni tomosha qila olmaydi. Lekin evaziga sen o‘zing bilgan eng yaxshi ertaklaringni aytib berasan.
Biroq Dyuymchaxon bu boy qo‘shniga turmushga chiqishni sirayam xohlamas, chunki bu badqovoq yer osti fuqarosi – ko‘rsichqon ekan.
Chindan ham ko‘p o‘tmay bu qo‘shni ularnikiga mehmon bo‘lib kelibdi.
Haqiqatan ham u qora baxmaldan judayam ajoyib po‘stin kiyib olgan ekan. Buning ustiga, dala sichqonining aytishicha, u o‘qimishli va juda boy bo‘lib, uyi oddiy sichqonlarnikidan yigirma barobar katta ekan. Biroq uning quyoshga aslo toqati yo‘q, barcha gullarni so‘kkani-so‘kkan ekan. Buning ajablanarli joyi yo‘q! Axir u umrida hech qachon birorta gulni ham ko‘rmagan ekan-da.
Mezbon sichqon Dyuymchaxonga muhtaram mehmon uchun qo‘shiq kuylab berishni buyuribdi, qizaloq istar-istamas ikkita qo‘shiq aytibdi, shunaqangi jozibali kuylabdiki, ko‘rsichqon bundan jo‘shib ketibdi. Biroq hech narsa demabdi – u shundoq takabbur, dimog‘dor, kamgap ekan…
Bu mehmondorchilikdan so‘ng ko‘rsichqon o‘z uyidan dala sichqonining inigacha yer osti yo‘lagi kavlabdi va kampir bilan uning tutingan qizini bu yer osti lahmi bo‘ylab sayrga taklif etibdi.
U tumshug‘iga bir bo‘lak chirindi tishlab olibdida, yo‘lni yoritganicha oldinga tushibdi, chunki bu chirindi zulmatni xuddi shamdek yoritib turar ekan.
Yo‘l yarimlaganda ko‘rsichqon to‘xtab bunday debdi:
– Bu yerda qandaydir bir qush yotibdi. Lekin bizning undan qo‘rqadigan joyimiz yo‘q – u o‘lib qolgan. Buni o‘zlaringiz ham ko‘rishlaringiz mumkin.
Ko‘rsichqon o‘zining yapasqi tumshug‘i bilan to tuynuk hosil bo‘lmaguncha yo‘lak shiftini kurayveribdi. Yo‘lakka kunduzgi yorug‘lik tushibdi va Dyuymchaxon tepada o‘lib yotgan qaldirg‘ochni ko‘ribdi.
Sho‘rlik qaldirg‘och ehtimol sovuqdan halok bo‘lgandir. U qanotlarini tanasiga qattiq siqib, bosh va oyoqlarini patlari ichiga tiqib olgan ekan.
Dyuymchaxon unga qattiq achinibdi. U bu sho‘x, uchag‘on qushlarni juda yaxshi ko‘rar, chunki ular yoz bo‘yi qizaloqqa ajoyib qo‘shiqlar aytib berishgan, uning o‘zini ham kuylashga o‘rgatishgan ekanda. Biroq ko‘rsichqon o‘zining kalta panjalari bilan qaldirg‘ochni turtganicha javrabdi:
– Ha, daming o‘chib qoldimi? Hushtakvozliging tugadimi? Ana shunaqa bo‘ladi!.. Men bunday notavon qushcha bo‘lishni istamagan bo‘lardim. Havoda chirpirab yurib vijirlashdan boshqasini bilmaydi. Qish kelsa, holi ne kechadi? O‘ladi-qoladi. Yo‘q, mening bolalarim qishning sovug‘ida ochyalang‘och o‘lib ketadigan bo‘lmaydi.
– Haqqast rost, – debdi dala sichqoni. – Behuda vijir-vijir qilishdan ne foyda? Qo‘shiq bilan qorning to‘yib, vijirlashdan taning ilib qolmaydi-ku, axir!
Dyuymchaxon sukut saqlabdi. Ammo ko‘rsichqon va dala sichqoni qushga orqa o‘girishi bilan u darhol qaldirg‘och tomon egilib, patlarini yiribdi-da, uning yumuq ko‘zlaridan o‘pib qo‘yibdi.
“Ehtimol, bu yoz bo‘yi yoqimli qo‘shiqlar aytgan o‘sha qaldirg‘ochdir, – deb o‘ylabdi u. – Menga qancha-qancha shodliklar baxsh etgan eding, aziz qaldirg‘ochginam!”
Shu payt ko‘rsichqon shiftdagi tuynukni tag‘in bekitib qo‘yibdi. So‘ng chirindini tishlab olganicha qari sichqon va Dyuymchaxonni o‘z uyiga boshlab boribdi.
Dyuymchaxon kechasi uxlay olmabdi. O‘rnidan turib, quruq xashaklardan kattakon gilam to‘qibdi va yer osti yo‘lagiga tushib borganicha o‘lik qaldirg‘ochning