Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари - Чарльз Диккенс страница 21

Mabodo, keksa jentlmen cho‘ntagiga kimningdir qo‘li kirganini sezib qolsa, qo‘l qaysi cho‘ntakda ekanini qichqirib aytardi, ana shunda o‘yin boshqatdan boshlanardi.
Bu o‘yinni bir necha marotaba takrorlashgach, bir payt yosh jentlmenlarni yo‘qlab ikki xonim kirib kelishdi; ulardan birining ismi Bet, boshqasiniki Nensi ekan. Qizlarning sochi nihoyatda paxmaygan, paypoqlari bilan boshmoqlari ham iflos. Darvoqe, ularni ko‘hlik deb bo‘lmasdi-yu, lekin ikki betlari qip-qizil, o‘zlari baquvvat hamda quvnoq ko‘rinishardi. O‘zlarini emin-erkin va sho‘x-shodon tutishayotganidan Oliver ularni, yaxshi qizlar ekan, degan qarorga keldi. Aslini olganda ham, shubhasiz, shundoq edi.
Bu mehmonlar uzoq o‘tirishdi. Viski ichishdi, negaki, yosh xonimlardan biri ich-ichimgacha muzlab ketyapman, deya zorlangan edi. Shundan keyin nihoyatda qizg‘in va ibratomuz suhbat boshlandi. Nihoyat, Charli Beyts, uning fikricha, oyoqning chigilini yozadigan fursat yetganini aytdi. Oliver, aftidan, bu birpas aylanaylik degani bo‘lsa kerak, deb o‘yladi, negaki, shu so‘zlardan keyinoq Tullak, Charlilar sarf-xarajatga mehribon keksa juhuddan choychaqa olishib, ikkala yosh xonim bilan birga chiqib ketishdi.
– Ana shunaqa gaplar, azizim, – dedi Fedjin. – Bunday yashash nash’u namoli-ya, to‘g‘rimasmi? Ular kun bo‘yi aylangani ketishdi.
– Ishlarini bitirib bo‘lishganmi, ser? – so‘radi Oliver.
– Barakalla, topding, – javob berdi juhud, – mabodo, sayr qilib yurishganida bironta yumush chiqib qolmasa; bordi-yu, shunday bo‘lsa, albatta shug‘ullanishadi u bilan, azizim, bunga shubha qilmasang ham bo‘ladi. Ana o‘shalardan o‘rnak olgin, bo‘talog‘im. O‘shalardan o‘rgan, – takrorladi u o‘z so‘zlari salmog‘ini oshirish niyatida kurakcha bilan o‘choq tubiga to‘q-to‘q urib qo‘yar ekan. – Ular nimaniki buyurishsa, jamini bajar, keyin, hamma ishda ularning maslahatiga quloq sol, azizim, ayniqsa Tullakning maslahatiga. U ulug‘ odam bo‘lib yetishadi, agar unga ergashsang, seni ham buyuk odam qilib yetishtiradi. Aytmoqchi, bo‘talog‘im, cho‘ntagimdan ro‘molcha chiqib qolmabdimi? – so‘rab qoldi juhud banogoh.
– Shunday, ser, – javob berdi Oliver.
– Ko‘ramiz, qani, uni menga bildirmay ololarmikansan? Ertalab o‘ynayotganimizda ular buni qanday qilishganini o‘zing ko‘rding-ku.
Oliver boya ko‘zi oldida Tullak qilganday bitta qo‘li bilan cho‘ntakning pastidan ushlab, ikkinchisi bilan dastro‘molni sekin sug‘urib oldi, – Tayyormi? – xitob qildi juhud.
– Mana, ser! – dedi Oliver dastro‘molni ko‘rsatib.
– Epchil bola ekansan, azizim, – dedi keksa jentlmen Oliverning boshini silab. – Bunaqangi o‘tkir bolani sira ko‘rmaganman. Agar xuddi shundoq zaylda davom ettiradigan bo‘lsang, dunyoda eng ulug‘ odam chiqadi sendan. Endi, bu yoqqa kel, ro‘molchadagi belgilarni qanday so‘kishni o‘rgataman senga.
Oliver keksa jentlmenning cho‘ntagidan dastro‘molini o‘g‘irlashning – hazillashib – o‘zining ulug‘ odam bo‘lib yetishishiga nima aloqasi bor ekanini tushunmadi. Biroq o‘zidan bir necha baravar katta juhudga bu narsa juda yaxshi ayon bo‘lsa kerak, degan xayolga borib, itoatkorlik bilan stol yoniga keldi va ko‘p o‘tmay yangi mashg‘ulotga berilib ketdi.
O‘NINCHI BOB
OLIVER YANGI O‘RTOQLARI BILAN YAQINDAN TANISHGANI-YU, ZO‘R MASHAQQATLAR BILAN TAJRIBA ORTTIRGANI HAQIDA. MAZKUR BOB HIKOYATIMIZDAGI QISQA, AMMO NIHOYATDA MUHIM FASLDIR
Oliver dastro‘molchalardagi belgi hamda tamg‘alarni so‘kib (ularni ko‘plab keltirishardi), goho esa ikkala bola bilan juhud har kuni ertalab mashg‘ul bo‘lishadigan yuqorida tasvirlangan o‘yinda ishtirok etib, talay kunlargacha ostona hatlab cholning xonasidan tashqari chiqmadi. Nihoyat, u ochiq havoga chiqishni qo‘msay boshladi va keksa jentlmendan ikkala o‘rtog‘i bilan birga ishga borishga ruxsat berishini bir necha bor iltijo qildi.
Oliverning tezroq ishga kirishishga yana shuning uchun ham sabri chidamayotgan ediki, u keksa jentlmenning badfe’l, ayni chog‘da saxovatli odam ekanini bilib olgandi. Mabodo, Tullak bilan Charli Beyts ikki qo‘llarini burnilariga tiqib quruq kelishsa, chol kuyib-pishib, bekorchi xo‘jalik va sandiroqlab yurish eng yaramas odat, deb va’z o‘qir, nonni ter to‘kib halollab yeyish kerakligini uqtirib, kechlikka ovqat ham bermasdi. Bir kuni u hatto ikkovini ham quvib soldi, lekin chamasi, bu qilmishi bilan pand-nasihat bobida quyushqondan xiyla chetga chiqib ketdi.
Axiyri, Oliver jon-jahdi bilan intilgan ruxsatni olishga muyassar bo‘lgan kun ham yetib keldi. Keyingi ikki-uch kun ichida ro‘molcha keltirmay qo‘yishgan va u qiladigan ishi yo‘q, bekor o‘tirar, yeyar-icharlarining ham tanobi tortilib qolgan edi. Ehtimolki, keksa jentlmen xuddi ana shu boisdan rozilik bergandir. Xullasi kalom, u Oliverga ruxsat berib, bolaga ko‘z-quloq bo‘lishni Charli Beyts bilan Tullakka yukladi.
Bolalar uchovlon yo‘lga tushishdi. Tullak odaticha yenglarini shimarib, shlyapasini chakkasiga dol qo‘ndirganicha odimlardi; Beyts qo‘llarini cho‘ntagiga tiqib olgandi, Oliver esa ikkovlarining o‘rtasida qayoqqa ketayotganlari va o‘ziga birinchi navbatda qaysi hunarni o‘rgatishlari borasida boshi qotib, hayron bo‘lib borardi.
Ular eran-qaran, shoshilmay borishardi, shu sabab Oliver hech qancha vaqt o‘tmayoq, o‘rtoqlarim keksa jentlmenni laqillatishmoqchi, ishga borish xayollarida ham yo‘q shekilli, deb o‘ylay boshladi. Buning ustiga desangiz, Tullakning yomon qilig‘i bor ekan, nuqul bolalarning boshidan shapkasini yulqib olib, hovlilarga qarab uloqtiradi, Charli Beytsning bo‘lsa birovning haqidan sirayam qo‘rqmaydigan odati chatoq ekan, hadeb yo‘lka yoqalab ketgan do‘konchalardan olma, piyozlarni lippa oladi-yu, qurdum cho‘ntaklariga soladi desangiz, cho‘ntaklariyam shunaqangi chuqur va kattaki, nazaringizda kamzuli-yu ishtoni faqat cho‘ntaklardan iboratga o‘xshaydi. Uning bu qilig‘i Oliverga shunchalik yoqmadiki, u qaytib ketaman deyishga endi og‘iz juftlagan ham ediki, ittifoqo, o‘y-xayoli mutlaqo boshqa narsaga chalg‘ib qoldi, negaki, Tullakning xatti-harakati sirli bir tarzda, judayam o‘zgarib qolgandi.
Ular tor hovlidan o‘tib, Klerkenueldagi negadir «Maysazor» deb atalguvchi maydon yaqinidan chiqishlari bilanoq Tullak to‘satdan to‘xtadi-yu, barmog‘ini labiga bosib, o‘rtoqlarini bag‘oyat ehtiyotkorlik bilan orqaga tortdi.
– Nima bo‘ldi? – so‘radi Oliver.
– Jim… – shivirladi Tullak. – Kitob do‘koni oldidagi cholni ko‘ryapsanmi?
– Narigi betdagi keksa jentlmennimi? – so‘radi Oliver. – Ha, ko‘ryapman.
– Bo‘ladi-a? – dedi Tullak.
– Bo‘lganda qandoq! – deb qo‘ydi Charli Beyts.
Oliver ang-tang bo‘lib sheriklarining dam unisiga, dam bunisiga tikilardi, biroq savol berishga ulgurmadi, zeroki, ikkala bola ham zipillagancha ko‘chani kesib o‘tishdi-yu, sharpa chiqarmay hozirgina unga ko‘rsatishgan keksa jentlmenga orqa tomondan yaqinlashishdi. Oliver bir necha odim tashladi, orqalaridan borish yoxud orqasiga qaytishini bilmay to‘xtadi-da, sassiz-sadosiz hayrat-la baqrayib turib qoldi.
Sochiga upa sepilgan, tilla gardishli ko‘zoynak taqqan keksa jentlmenning qiyofasi g‘oyatda salobatli, nuroniy ko‘rinardi. Uning egnida qora duxoba yoqali shisharang frak, och tusli shim, qo‘ltig‘iga chiroyli bambuk hassa qistirib olgandi. U peshtaxtadagi kitobni olib, tikka turganicha, xuddi o‘z xosxonasidagi yumshoq kursida o‘tirgandek, berilib o‘qiyotgan edi.