Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари - Чарльз Диккенс страница 33
O‘z do‘stining antiqa qiliqlarini bilgan mister Braunlou – garchi uning o‘zi ham tajang jentlmen bo‘lsa-da, bu gaplarning bariga ochiqko‘ngillik bilan quloq solib turdi; keyin mister Grimuig choy ustida bulkalarni maqtab iltifot ko‘rsatgani, choyxo‘rlikda ishtirok etgan Oliver ham endi jahldor jentlmendan unchalik xijolat chekmayotgani boisidan hamma ish nihoyatda osoyishta bordi.
– Xo‘sh, Oliver Tvistning hayoti va sarguzashtlari borasidagi mufassal, haqqoniy va mukammal hisobotni qachon eshitmoqchilar? – so‘radi Grimuig mister Braunloudan nonushta tugagach va shu haqda gap ocharkan, Oliverga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi.
– Ertaga ertalab, – javob berdi mister Braunlou. – Bu paytda u bilan tanho bo‘lsam degandim. Sen, bo‘tam, ertaga ertalab soat o‘nlarda kirarsan oldimga.
– Ixtiyor sizda, ser, – dedi Oliver. U biroz dovdirabroq javob berdi, sababki, uni mister Grimuigning tikilib turishi xijolatga solib qo‘ygandi.
– Sizga aytadiganim shuki, – shivirladi bu jentlmen mister Braunlouga, – u ertaga ertalab oldingizga kirmaydi. Esankirab qolganini o‘zim ko‘rdim. U sizni aldayapti, qadrdon do‘stim.
– Ont ichishga tayyorman, aldamayapti! – dedi mister Braunlou jo‘shqinlik bilan.
– Agar aldamayotgan bo‘lsa, unda men boshimni g‘ajishga tayyorman… – shunday deya turib hassasi bilan polni do‘qillatib urib qo‘ydi.
– Hayotim bilan kafolot beramanki, bu bolakay aldayotgani yo‘q! – dedi mister Braunlou stolga musht tushirib.
– Men bo‘lsam – boshim bilan, u aldayapti! – javob qaytardi mister Grimuig, shuningdek, u ham stolni mushtladi.
– Ko‘ramiz! – dedi mister Braunlou avjlanib borayotgan g‘azabini jilovlab.
– Mutlaqo to‘g‘ri! – javob qildi mister Grimuig g‘ashga teguvchi irshayish-la. – Ko‘ramiz!
Taqdir taqozosini qarangki, xuddi shu asnoda missis Beduin mister Braunlou bugun ertalab ushbu hikoyatda bir ko‘rinish berib o‘tgan o‘sha kitobfurushdan sotib olingan kichikroqqina kitob dastasini ko‘tarib kirib qoldi. U kitoblarni stolga qo‘yib, endi chiqib ketmoqchi bo‘lganida, mister Braunlou:
– Dastyor bolani ketkizmay turing, missis Beduin, undan uncha-muncha narsani berib yubormoqchiman, – dedi.
– Ketib bo‘ldi u, ser, – javob qildi missis Beduin.
– Qaytaring uni, – dedi mister Braunlou. – Bu muhim ish. Kitobfurush – bechorahol odam, kitoblarining bo‘lsa haqi berilmagan. Innaykeyin, yana bir necha kitobni qaytarib yuborish kerak.
Tashqari eshik ochiq edi. Oliver bir tomonga qarab, oqsoch ikkinchi tomonga yugurishdi, missis Beduin esa ostonada turgancha chiyillab dastyor bolani chaqirishga tushdi, ammo hech qanaqangi bolaning qorasi ko‘rinmadi. Oliver bilan oqsoch qaytib, halloslagancha, u allaqachon ketib bo‘lganini xabar qilishdi.
– Yo xudovandi karim-a, chakki ish bo‘pti-ku! – xitob qildi mister Braunlou. – Bu kitoblarni shu bugun kechqurun qaytarib yuborsam degandim-a!
– Oliverdan berib yubora qoling, – dedi mister Grimuig istehzoli iljayib. – Shubhasiz, bekam-u ko‘st eltib beradi.
Keksa jentlmen bir ko‘ngli, Oliverni o‘la qolsam yubormayman, demoqchi bo‘ldi, lekin mister Gri muigning badxohona tomoq qirishi o‘zgacha qarorga kelishga majbur etdi uni: Oliver topshiriqni zumda bajarib kelib, mister Grimuigning aqalli shu xususdagi shubhasi nohaq ekanini isbotlaydi, ha, isbotlaganda ham birpasda isbotlaydi!
– Juda soz! Sen borasan, bo‘tam, – dedi keksa jentlmen. – Kitoblar stolimning yonidagi kursida turibdi, ularni bu yoqqa olib kel.
Oliver foydasi tegadigan fursat kelganidan sevinib, darrov kitoblarni qo‘ltig‘iga urdi-yu, shapkasini ushlaganicha, nima deyishi kerakligini aytishlarini kuta boshladi.
– Unga aytasanki, – so‘zini davom ettirdi mister Braunlou mister Grimuigga tikilganicha, – unga aytginki, bu kitoblarni qaytarib olib keldim, degin, keyin unga qarzimni, to‘rt funt-u o‘n shilling haqini berasan. Mana senga besh funt. Demak, menga o‘n shilling qaytimini olib kelasan.
– O‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas shu yerda bo‘laman, ser! – dedi Oliver qizg‘in.
Qog‘oz pulni tugmali kamzuli cho‘ntagiga yashirib, qo‘ltig‘idagi kitoblarni mahkam qisganicha, ehtirom-la ta’zim bajo keltirdi-da, xonadan chiqib ketdi u. Missis Beduin uni tashqari eshikkacha kuzatib bordi, talaygina yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib, qaysi yo‘l qisqaligini, kitobfurushning ismi sharifi va ko‘chasining nomini tayinladi; Oliverning gapiga qaraganda, hammasini juda yaxshi tushunib olibdi. Buning ustiga tag‘in bola shamollab qolmasligi uchun ancha-muncha maslahatlar berib, nihoyat yo‘lga tushishiga ijozat etdi keksa xonim.
– Iloyo, yoqimtoy bu go‘dakni o‘zi yomon ko‘zdan asrasin! – deb qoldi keksa xonim orqasidan tikilgancha. – Nimagadir uni ko‘zdan yiroqlashtirgim qiyinroq bo‘lib turibdi-da.
Xuddi shu payt Oliver sho‘x-shodon o‘girilib qarab, muyulishdan burilib ketishdan oldin unga bosh irg‘ab qo‘ydi. Keksa xonim bunga javoban kulib qo‘ydi-da, eshikni yopib, o‘z xonasiga qarab ketdi.
– Qani, ko‘raylik-chi: yigirma daqiqa o‘tmayoq qaytib kelarov, – dedi mister Braunlou soatini chiqarib, uni stolga qo‘yar ekan. – Bu orada qosh qorayib qoladi.
– O! Astoydil qaytib keladi, deb o‘ylaysizmi? – surishtirdi mister Grimuig.
– Siz-chi, siz bunday deb o‘ylamaysizmi? – kulib turib so‘radi mister Braunlou.
Baayni shu asnoda mister Grimuigning vujudini qarama-qarshilik kayfiyati batamom qamrab oldi, do‘stining takabburona kulgisi uni battarroq vasvasaga soldi.
– Bunday deb o‘ylamayman! – dedi u stolga musht tushirib. – Bolaning egnida yap-yangi kiyim, qo‘ltig‘ida bir dasta qimmat kitob, cho‘ntagida bo‘lsa besh funt pul. U o‘g‘rivachcha oshnalarining oldiga jo‘naydi va sizni mazax qilib kuladi. Mabodo, shu bola bu yerga qachon bo‘lmasin qaytib kelsa, ser, men o‘z boshimni o‘zim g‘ajishga tayyorman.
Shunday deya u kursisini stolga yaqinroq surdi. Ikki do‘st jimgina o‘tirishar, o‘rtalarida esa soat yotardi.
Shu narsani aytib o‘tmoq joizkim, biz o‘z hukmi muhokamamizning ahamiyatini oshirmoqqa urinamiz va yana g‘ururimiz tazyiqida eng mulohazasiz hamda oshig‘ich xulosalar chiqaramiz, shundoq ekan, mister Grimuigning mutlaqo toshbag‘ir odam emasligini va bordi-yu, uning qadrdon do‘stini laqillatib, ahmoq qilsalar, astoydil ranjishi tayin ekanligini, lekin shu bilan birga, ayni damda Oliver Tvistning hech qachon qaytib kelmasligiga chin dildan, samimiy umidvor ekanligini ta’kidlab o‘tmoq darkordir.
Qorong‘ilik shunchalik quyuqlashdiki, soat raqamlarini ilg‘ab bo‘lmay qoldi, biroq ikki keksa jentlmen boyagidek sukut saqlab o‘tirishar, o‘rtalarida esa soat yotardi.
O‘N