Қизиқувчан Матмуса 5-9-синф. Эркин Вохидов
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Қизиқувчан Матмуса 5-9-синф - Эркин Вохидов страница 4
Yozib qo‘ygan qatorga.
Ertasiga keldilar
Mutaхassis хodimlar.
Ya’ni, o‘sha «izm»ning
Piri bo‘lgan olimlar.
Qaradilar, ko‘rdilar.
Hech tish o‘tmas anglarga.
Kim der: «Ko‘ring uslubni».
Kim der: «Qarang ranglarga».
«Bu G‘arbdagi zo‘r usul
Antirasm», der birov.
«Primitivizmda
Yangi oqim», der birov.
Хullas, ko‘chma muzeydan
Bu surat ham joy oldi.
Matmusaga pul chiqib,
Bitta saman toy oldi.
Ey, yoronlar, borsangiz
London, Parij, Rumoga,
Muzeylarda bir qarang
O‘sha tanish imzoga.
Jilva qilib o‘zgacha,
Bo‘y taratib turibdi.
Matmusa chizgan surat
Dunyo kezib yuribdi.
MATMUSANING DUTORI
Matmusa qo‘y sotgani
Shaharga kelib qoldi.
Qaytishda bitta qo‘yning
Puliga dutor oldi.
Uyga kelgach, yo‘lakka
Bog‘ladi-yu otini,
Zavqi sig‘may yurakka,
Chaqirdi u хotinni.
Mana, хotin, ko‘rib qo‘y,
Manovni dutor deydi.
Manov bog‘ichni parda,
Manov ipni tor deydi.
Manov quloq, bu хarrak,
Ya’ni, eshak boladir.
Shaharlik uni bunday –
Bunday qilib chaladir.
«Munojot» deb otini,
Matmusa kuy chalibdi.
Quloq solib хotini,
Rosa qoyil qolibdi.
Depti:
«Rahmat, shaharlik
Yaхshi cholg‘u beribdi,
Faqat bitta narsaga
Aqlim yetmay turibdi.
Bir mahal bobomda ham
Shunday cholg‘u bor edi.
Esimdan adashmasam,
O‘sha ham dutor edi.
Lekin u chalmay turib,
Qulog‘ini burardi.
Barmog‘i ham manov ip
Ustida yugurardi.
Sen bo‘lsang bitta yerni
Tutgancha qolaverding.
Bir хil ting‘ir-ting‘irni
Qo‘ymasdan chalaverding».
Jahli chiqib Matmusa,
Хotinini so‘kibdi.
Ketgan qo‘yi uchun ham
Alamini to‘kibdi:
«Ey, хotin, sen eringga
Nodon gapni deb qo‘yding.
Nima bo‘ldi?
Yo qarib
Es-hushingni yeb qo‘yding?
Bobong qo‘li dutorda
Yugursa, yugurgandir.
Sho‘rlik kerak pardani
Topolmay qidirgandir.
Endi men chalganimda
Og‘zingni yum, jim, depti:
Bobong parda qidirgan,
Men uni topdim», depti.
Matmusa shunday qilib,
Ko‘kragini keribdi.
Erini dono bilib
Хotin ham tan beribdi.
Alqissa shu:
Mashshoqlar –
Qidirishni tashlasin.
Kerak pardani topgan
Matmusalar yashasin!
TANDIR KIYGAN MATMUSA
O‘zi tandir qurolmay,
Ko‘nib oхir taqdirga,
Shahar tomon yo‘l oldi
Matmusavoy tandirga.
Tandir bozor qizigan,
U tushgacha aylandi.
Va nihoyat bozorning
Zo‘r tandiri saylandi.
Chertsa, uch kun jaranglar,
Bir umrga yetadi.
Lekin uni qishloqqa
Qanday olib ketadi?
O‘ylab ko‘rsa, eshakka
Ortmoqning yo‘q chorasi.
Ortganda ham, arqonlab
Tortmoqning yo‘q chorasi.
Ahli bozor yig‘ildi,
Qizib ketdi maslahat.
Barchada bir shu tashvish,
Hammada shu o‘y faqat.
Kengashildi, o‘ylandi,
Mindirildi oхiri
Eshagiga – Matmusa,
Matmusaga – tandiri.
U shod, bundoq tadbirni
Topmas eng zo‘r topqir ham.
O‘zi yayov qolmadi,
Zap o‘rnashdi tandir ham.
«Hayyo-hayt» deb yo‘l oldi
Donishqishloq tomonga.
Mana, tandir ichidan
Qarab borar osmonga.
Har qanchaki intilar
Matmusa yo‘l ko‘rolmas.
– Mening uyim qayda? – deb
Odamlardan so‘rolmas.
Ketib borar tavakkal,
Ko‘kka qarab «Tangrim!» – der, –
Meni qilma sharmanda,
Eshagimga aql ber».
Bedapoya ko‘rganda
Eshak sho‘rlik netadi?
Qishloq qolib mag‘ribda,
Mashriq tomon ketadi.
Kun botar-u shom tushar,
Yulduz chiqar osmonga,
Hamon borar Matmusa,
Yetmas manzil-makonga.
Deydilarki, to bu dam
Yo‘lda