Қайлардасан, болалигим. Худойберди Тухтабоев

Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Қайлардасан, болалигим - Худойберди Тухтабоев страница 9

Жанр:
Серия:
Издательство:
Қайлардасан, болалигим - Худойберди Тухтабоев

Скачать книгу

style="font-size:15px;">      – Voy bolam, nega dodlaysan? – deb so‘rabdi.

      – Peshonamga televizor yopishib qoldi, ko‘rmayapsizmi? – deb rasmana yig‘lab yuboribdi Omonboy.

      – Voy o‘lmasam, chindan ham peshonang shishib ketibdi, – shunday deb mehribon oyijonisi o‘g‘lini tizzasiga olib, peshonasini silasa, tavba, peshonasi qo‘lni kuydiradigan darajada issiq emish.

      – Voy o‘lmasam, seni qovoqari chaqqanga o‘xshaydi, – debdi yana oyijonisi.

      Omonboy yig‘lab:

      – Ari chaqqani yo‘q, kichkina televizorcha miyamning ichiga kirib qoldi, mana o‘zingiz paypaslab ko‘ring, mana ekrani, mana buraydigan joylari, ana otliqlar kelyapti, qo‘llarida yalang‘och qilichi bor. Ana, qo‘sh karnaylar chalindi, qoching, hozir jang boshlanadi, – degan gaplarni aytarmish.

      Oyijonisi qo‘rqib ketibdi, juda-juda qo‘rqibdi, suyukli o‘g‘lini ko‘tarib, ichkariga olib kirmoqchi bo‘lgan ekan, voy tavba, zil-zambildek og‘ir emish. Bunday qarasa, xontaxta ustida turgan kichkina televizorcha ham yo‘q bo‘lib qolgan emish.

      – Televizorchani biron kishiga berganing yo‘qmi? – deb so‘rabdi o‘g‘lidan.

      – Peshonamning ichida deyapman-ku! – endi Omonboy rasmana dodlab yuboribdi. Oyijonisi ham rasmana qo‘rqib ketibdi.

      SARGUZASHTNING UCHINCHI BOBI

      Oyijonisi qo‘shnilarini chaqirib chiqibdi. Omonboyning peshonasida televizorchaga o‘xshash bir narsa borligini ular ham ko‘rishibdi. Bitta qo‘shnilari «Bu o‘g‘lingiz o‘zi hazilkash edi, odamlarni kuldiraman deb, televizorchani ataylab peshonasiga yopishtirib olgandir», desa, yana bitta qo‘shnilari «Tavba, bolaning peshonasida hech narsa yo‘q-ku, sal-pal shishinqirab qolibdi, xolos, hadeb vahima qilaverasizlarmi?» – debdi.

      Qiziq, televizorcha Omonboyning peshonasida bir paydo bo‘larmish, yana bir yo‘q bo‘lib qolarmish.

      – Ajinalar o‘yin qilyapti, – debdi bitta qo‘shnilari.

      – Sehrgarlarning ishiga o‘xshaydi bu, – debdi kap-katta bir odam.

      – Osmondan uchar likopchalarda noma’lum odamlar tushib, miyasiga televizorchani joylab bir ko‘rinadigan, bir ko‘rinmaydigan qilib qo‘ygan, – degan gapni aytibdi qo‘lida gazeta ushlab turgan bitta amaki. – Mana, gazetada o‘sha haqda yozishgan, – deb qo‘shimcha ham qilibdi.

      Vahimali gaplar ko‘paygandan-ko‘payaveribdi.

      Qo‘rqqanidan Omonboyning rangi oqarib ketayotganmish. Oxiri, peshonasidagi bir ko‘rinib, bir yo‘q bo‘lib qolayotgan televizorcha sehrlimi, sehrli emasmi, shuni sinab ko‘rmoqchi bo‘lishibdi. Bu foydali gapni Omonboyning jonajon o‘rtog‘i Davronboy aytibdi. Nega desangiz, u Omonboyning chinakam do‘sti ekan. Qirq yilga o‘rtoq bo‘lamiz deb, jimjiloqlarini birlashtirib olishgan ekan. Birga o‘qishar ekan, bir partada o‘tirishar ekan, narigi mahallaning bolalari bilan koptok o‘ynashganda bittasi hujumda, bittasi himoyada turib, o‘ntadan to‘p urishar ekan. Shuning uchun ham jonajon o‘rtog‘ining joni qiynalayotganini ko‘rib, hammadan ko‘ra ko‘proq ana shu Davronboy achinibdi, yig‘lab yuboray-yig‘lab yuboray debdi.

      Mahallada Turg‘un aka degan televizor ustasi bor ekan. Sinab ko‘rish uchun ana shu amakini chaqirib keladigan bo‘lishibdi.

      SARGUZASHTNING TO‘RTINCHI BOBI

      Odamlar ikkiga bo‘linishibdi. Katta yoshdagilar ichkariga, katta televizor yoniga o‘tishibdi. Yosh bolalar Omonboyning yoniga o‘tirishibdi. Turg‘un amaki katta televizorni ishlatib:

      – Xo‘sh, Omonboy o‘g‘lim, sening miyangdagi televizorcha ham ishlab ketdimi? – deb so‘rabdi.

      – Ha, ishlab ketdi, – debdi Omonboy.

      – Nimani ko‘ryapsan, o‘g‘lim? – so‘rabdi ichkaridagi amaki.

      – Miyamda bitta odam ashula aytyapti, – debdi Omonboy.

      Amaki televizor kanalini o‘zgartirib:

      – Endi-chi? – deb so‘rabdi.

      – Birov traktor haydayotganga o‘xshaydi, – javob qaytaribdi Omonboy.

      – To‘g‘ri, – debdi amaki, – bizning televizorda ham shuni ko‘rsatyapti.

      – Endi-chi?

      – Bitta bola eshak aravada xashak olib kelyapti.

      Televizor kanali yana o‘zgaribdi.

      – Endi-chi? – deb so‘rabdi amaki.

      – Haligi ashula aytgan odam yana ko‘rindi.

      – Endi-chi?

      – Traktorchi amaki sekin pastga tushyapti…

      Mana shunaqangi savollar-u javoblar bo‘laveribdi, bo‘laveribdi. Ichkaridagi katta televizor nimani ko‘rsatsa, Omonboyning peshonasida bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay qolayotgan sehrli televizorcha ham xuddi o‘sha tomoshani ko‘rsataveribdi, ko‘rsataveribdi. Ichkaridagi katta odamlar hayron qolib, goh tashqariga, Omonboyning oldiga yugurib chiqisharmish, goh yana e tavba, deya ichkariga chopib kirisharmish. Omonboyning yonida o‘tirgan o‘rtoqlari esa nima deyishlarini bilmay dovdirab qolishgan emish. Ayollar bo‘lsa o‘zlarini bosolmay vahimali gaplar aytisharmish.

      – Bas qilinglar, o‘rtog‘im qiynalib ketdi, – deb baqiribdi Davronboy, – bas qilmasalaring, chelakda suv olib kelib, ustilaringga sochaman, – deb qo‘rqitib ham qo‘yibdi.

      Qo‘shnilar suvga pishilib qolishdan qo‘rqib, tezgina tarqalishibdi. Bittasi ko‘cha eshik yoniga borganda, bu bola sehrgarga o‘xshaydi, degan ekan, Davronboy o‘rtog‘ini himoya qilib, o‘zing sehrgarsan, kavushingni poyma-poy kiyib chiqqansan, deb unga ham baqirib beribdi.

      Onasi yumshoqqina joy hozirlabdi, Omonboyni avaylab yotqizishibdi, Davronboy, o‘rtog‘im tuzalmaguncha yonida o‘tiraveraman, hech yoqqa ketmayman, deb so‘z beribdi. O‘rtog‘ining sal shishinqirab, sal-pal qizib turgan peshonasini yumshoq-yumshoq silay boshlabdi.

      SARGUZASHTNING BESHINCHI BOBI

      Kech kiribdi, Omonboyning dadasi ishdan qaytibdi. Yelkasida bir qop o‘t olib kelgan ekan, o‘shandan bir qo‘ltig‘ini tinmay ma’rayotgan echkining oxuriga tashlabdi. Omonboy mehribon dadasining beparvoligini ko‘rib:

      – Dadajon! – deya yig‘lab yuboribdi.

      – Nima deysan? – deb so‘rabdi dadasi.

      Uyda supra yoyib, un oshiga ugra to‘g‘rayotgan onasi yugurib chiqibdi. Bo‘lgan voqeani goh onasi, goh Davronboy so‘zlab beribdi. Omonboy hiqillab-hiqillab ko‘zlarini mo‘ltillatganicha jim yotaveribdi. Dadasi bu gaplarga uncha ishonmay:

      – Peshonangda hech narsa ko‘rinmayapti-ku? – deb so‘rabdi.

      – Tikilib qarasangiz ko‘rinadi, – o‘rtog‘ining o‘rniga javob beribdi Davronboy.

      Xuddi shu paytda qiziq voqea yuz beribdi.

Скачать книгу