Mo‘ttivoymisan, Mittivoymisan?. Anvar Obidjon
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Mo‘ttivoymisan, Mittivoymisan? - Anvar Obidjon страница 5
Shiyponning o‘ng yog‘idagi xirmon chetidan boshlangan kengdan keng paykalda ekinlarni bir paytning o‘zida ham tagini yumshatib, ham o‘g‘itlab ketuvchi traktor tarillaganicha to‘xtab turar, biri novcha, biri pakana kishi traktorchi bilan nimalarnidir muhokama qilayotgandi. Novchasi – dong‘i ketgan Rahimboy fermer, pakanasi – teskari dovrug‘ qozongan Aldar Xoldor ekanini tanib olish qiyin emasdi.
Opog‘otam shiypon yaqinida to‘xtalib, tevarakka alangladi:
– Otaquuul! Shu yerdamisan?
Shiypon ichidan oldin “hov” degan tovush, so‘ng polning g‘ijirlashi eshitilib, Otaqul tog‘am uyqusiragan kepatada chiqib keldi.
– Assalomalaykum, dada. Suvchilarimiz tun bo‘yi g‘o‘za sug‘orishdi, shularga choy-poy damlab yurib, uyqum chala bo‘luvdi. Sal ko‘zim ilinibdi.
Ayvonga to‘shalgan eskiroq to‘shaklardan biriga opog‘otam, ikkinchisiga tog‘am o‘tirdi. O‘rtadagi dasturxonda katta cho‘yan choynak, uch-to‘rtta piyola turardi. Itligim xayoldan ko‘tarilib, men ham to‘shakning bir chetiga cho‘nqayganimni bilaman, tog‘am yuziga fotiha tortib bo‘liboq, kaftini selpidi:
– Chip! O‘zini yumshoq joyga urishini qarang! Buni qaysi go‘rdan topdingiz, dada?
– Bugun o‘zicha alanglanib kepqoldi. Itlarning peshanasiga yozilgani shu – sutdan chiqdimi, onasining quvg‘iniga uchraydi, o‘z joniga o‘zi qayg‘urishni o‘rganadi.
Tog‘am menga zimdan razm solib, opog‘otamga yuzlandi:
– Shuningizni olib qolsammikin? Kechqurun biron sharpa sezsa, akillab-netib turarmidi. Pishgan-pishgan handalaklarimni qanaqadir maxluq kemirib ketyapti deng.
– O‘zingga o‘rgatolsang, ana, olaqol, – dedi opog‘otam. – Juda esli it bo‘ladi shekilli. Boya ovqat quyib bersam, yeb bo‘lib, kosasini ariqchada yuvib qo‘ydi.
– Yo‘g‘-ye!!!
– Kim biladi, balki yalog‘ini ariqchaga yiqitvorib, keyin sekingina tortib olgandir. Harqalay, ko‘zimga ataylab yuvganga o‘xshab ko‘rindi-da.
– Aytganday, bu mittivoyga ot qo‘ydingizmi?
– Ana, otni o‘zing topding. Endi Mittivoy deb chaqiraver buni.
Ming tasanno! O‘zimga jippa yopishadigan ot qo‘yishdi. Mo‘ttivoy nima-yu, Mittivoy nima?
Tog‘am piyolaga choy quyib, sovigan bo‘lsayam, chanqoqni bosishga yarar, deb opog‘otamga uzatdi. Opog‘otam piyolani oldiga qo‘yib, xaltadagi narsalarni dasturxonga to‘kdi.
Ota-bola yayrabgina gurunglashib o‘tirganida, Rahimboy fermer bilan Aldar Xoldor paykaldan chiqib kelib, suhbatning beliga tepishdi. Opog‘otam o‘rnidan turib, fermer bilan quyuq ko‘rishdi, baqaloq Aldar Xoldorga esa sovuqqina qo‘l cho‘zib qo‘ya qoldi.
– G‘imm… Menga doim shunaqa ola qaraysiz, – deb tutollandi Aldar Xoldor. – Tushunsangiz-chi, kulfat faqat o‘g‘lingizning boshiga tushgani yo‘q. Ikkalamiz kasodga uchradik, ikkalamiz qiynog‘ini tortyapmiz. Odamlar tashimga qarab baho beradi, ichimdan nima o‘tganini bilguchi zot yo‘q. Kamxarjlik qursin, payti kelsa, ro‘zg‘orimdagi qozon ikki-uch kunlab jaz ko‘rmaydi. Er-xotin shakarchoyga non bulab, bir-birimizga achinqirab o‘tiramiz.
Opog‘otam unga tumtayib qaradi:
– Senga biron nima dedimmi o‘zi?
– Demaslikka demadingiz-u, baribir, ko‘zingiz meni yeyman deb turibdi. Odamni bunaqa qon qilvormangda, Yo‘ldosh aka! Ilgariyam aytganman, yana aytaman – agar o‘g‘lingizni aldagan bo‘lsam, onamning… g‘imm… onajonginamning arvohi ursin meni!
– Ho‘o‘, Xoldor, onangni go‘rida tinch qo‘y! – deb jerkindi opog‘otam. – Bilaman, qasam ichish araq ichishdek bir gap senga. Fermerlar uyushmasida senday mo‘ltoniga kim amal berdi, bilmadim. Bu idoradayam bir ishkal chiqarasan hali.
Otaqul tog‘am opog‘otamning yelkasiga qo‘lini yengilgina bosib, dada, bo‘ldi endi, qo‘ying, deb, uni tovranishdan qaytardi.
Aldar Xoldorning paytavasiga qurt tushib bo‘pti, Rahimboy, narigi fermerdayam bir ishim boridi, deya tez-tez odimlab uzoqlasha boshladi. Borib, mototsiklni o‘t oldirgach, “pat-pat”latib oldinga haydadi.
Opog‘otam uning ortidan tikilib, xudo shu qilvirgayam, hech bo‘lmasa, bittagina farzand bersaydi, boladan poklik yuqib, haromdan hafsalasi sovirmidi, deb qo‘ydi.
– Bu zang‘arning nimasidan o‘pkalaysiz, Yo‘ldosh aka, – deya, mo‘ylovining bir tomonini dikkaytirib, labini burdi Rahimboy fermer. – O‘z oti o‘zi bilan Aldar Xoldor-ku bu. Qancha-qancha odamni chuv tushirgan. Otaqulingiz nima jin urib shunga sherik bo‘ldi, o‘ylab, hech aqlim yetmaydi.
Otaqul tog‘am birdan shalvirab, nima qilay, avrashiga uchibman-da, deb past ovozda qisinqilandi.
– Ha, avrashda bunga teng keladigani yo‘q, – yuzini tepchitib jiyindi Rahimboy fermer. – Mana, hozirgina biqinimga suykanib, shiyponimning tomidagi shiferlardan yigirmatasini bo‘ron uchirib ketdi, deb ariza yozishga meni iylab turuvdi. Sug‘urta idorasida tanishim bor, pul undirib, arra qilamiz, deydi-ya. Bunaqa pulga olingan narsani bolamga yedirishdan qo‘rqaman, dedim.
– Oh, oh, oh! – deb tebrandi opog‘otam. – Zap o‘rinlatib aytibsan! Barakalla, Rahimboy! Manavi Otaqul oshnanggayam shunaqa hikmatlardan ko‘proq gapirib tur.
Buni eshitib, Otaqul tog‘am duv qizarib ketdi.
Tomorqachilardan meva-sabzavotni ko‘taramasiga olib, qo‘shni yurtlarga “fura” deb ataluvchi vagonsimon mashinalarda eltib sotish orqali ancha boylik orttirgan Otaqul tog‘am birdan kasodga uchrab, bor butidan ayrilgani qishloqda rosa shov-shuv bo‘lganidi. Buning ikir-chikirini, biznikiga xamirturush so‘rab kirgan qo‘shni kampir, mevafurush qondoshingiz katta zarar ko‘rganmishmi, deb gap kovlagach, buvim uni so‘riga o‘tqazib, ijikilanishga tushganida bilvolgan edim.
Aldar Xoldor bir kuni Otaqul tog‘amga yo‘liqib, Sho‘ro armiyasida birga xizmat qilgan jonajon o‘rtog‘i qo‘shni yurtdagi yirikkina bozorni o‘ziniki qilib olgani, yaqinda mehmonga kelib ketgani, davrimda sandig‘ingni pulga to‘ldirib tashlasang-chi, deya tan-tilanganini aytib; pishiq mevafurushligingni yaxshi bilaman, xohlasang, sherikchilikda ish qilaylik, Ota-qul, debdi. Bir o‘ris kishi chindan ham unikida uch-to‘rt kun mehmon bo‘lib yurganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani tufayli (aslida, u kishi boshqa viloyatda yashovchi tanishi ekan), tog‘am tezda tuzoqqa ilina qolibdi. Tog‘am bu yoqdan yuk jo‘natishni, Aldar Xoldor u yoqdagi “o‘rtog‘ining bozori”da pullab yurishni boshlabdi. Aldar Xoldor, avvaliga, bir-ikki marta mo‘may-mo‘may pul yuborib turgach, keyin boshqacha yo‘lga o‘tib, sen yuklarni nasiyaga olib bo‘lsayam jo‘nataver, foydadagi mablag‘imizni ulgurji lattafurushlarning qo‘lida aylantirib ko‘paytiraman, borganimda barini butunicha bo‘lishib olaqolamiz, deb telefon qilibdi. Ilgarilari tog‘amdan biror marta pand yemagani uchun qishloqdagilar meva-sabzavotini nasiyaga beraveribdi, mashina bozorga yetib borganida yo‘lkirani o‘sha yoqdagi Xoldordan olish sharti bilan yuklar “fura”larga bosib jo‘natilaveribdi.
Uch oydan so‘ng Aldar Xoldor kir-chir kiyimda qaytib kelib, keyingi mollarning bir qismi irib-chirib yetib bordi, ba’zan boshqa yurtlardan shunga o‘xshash