Jilg‘a navolari. Bayoz
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Jilg‘a navolari - Bayoz страница 6
Samolar torayib dor ko‘ringanda,
Men sensiz juda ham ojizman, onam.
ONAMGA
Azoblab qo‘ydi-ku seni o‘z bolang,
Tinmayin qiynaydi qalbdagi jolang,
Tangriga yetarmi alamli nolang,
Kechirgin, onajon, badbaxt bolangni.
Yolg‘onchi dunyoda alamdan to‘ydim,
Gohida gunohim sho‘xlikka yo‘ydim,
Onajon, qaddingni men bukib qo‘ydim,
Kechirgin, onajon, badbaxt bolangni.
Yiqilsam suyading, qo‘limdan tutding,
Kechiksam tunlari uxlamay kutding,
Men deya azob-u alamlar yutding,
Kechirgin, onajon, badbaxt bolangni.
Ortiq qiynamagum, bo‘ldi yetar bas,
Onajon, seningsiz bu dunyo qafas,
Qulingman chiqquncha oxirgi nafas,
Kechirsang bo‘lgani badbaxt bolangni.
OTAMGA
Ajinlar tushibdi, qara, yuzingga,
Kemirib bormoqda yuragingni g‘am.
Ayt, qanday qarayman endi ko‘zingga,
Yig‘lashni bilmagan bechora otam.
Qara, sochlaringga oralabdi oq,
Yengibdi seni ham qayg‘u va alam.
Quvonchli kunlarga bo‘libsan mushtoq,
Yig‘lashni bilmagan bechora otam.
Belingda mador yo‘q, qo‘llaring titroq,
Qaniydi ko‘zingning nuri bo‘lolsam.
Yig‘lamay yurganing yaxshi-ku, biroq
Kulishni unutib qo‘yibsan, otam.
O‘ZBEKISTONIM
Nasim shamolingning boynidan quchib,
Bog‘larda gullarning iforin ichib,
Musaffo samoda qushlarday uchib,
Bag‘ringda yayradim, O‘zbekistonim.
Qo‘limga dutorim, sozimni olib,
Dala-yu dashtlarda xayolga tolib,
Topmadim qiyosing bir nazar solib,
Tengi yo‘q chamanim, O‘zbekistonim.
To‘rt fasl mujassam hur diyorimda,
Tabiat in’omi ixtiyorimda,
Vatanga muhabbat qaynar qonimda,
Betakror vatanim, O‘zbekistonim.
Xazon yaproqlaring ko‘zimga surib,
O‘zga yurt guliga alishmam uni.
Butun Yer sharini kuzata turib,
Men shuni angladim, O‘zbekistonim.
SENSIZ
Sensizlikda yana bedorman,
Ko‘zginamga kelmaydi uyqu.
Ne qilayin, vaslinga zorman,
Qiynab qo‘ydi meni bu tuyg‘u.
Qani endi sevmasa yurak,
Sog‘inmasa seni xasta dil.
Dilimda bor faqat bir tilak:
Visolingni istaydi ko‘ngil.
Bir soniya baxshida et, yor,
Yonginangda yor bo‘lib turay.
Men kutaman seni umidvor,
Bir soniya shu baxtni ko‘ray.
SEVARMIKANSAN
Ne qilay, sevdim-u sevilolmadim,
Seni sevmoqlikdan sira tolmadim,
Ko‘zdagi yoshlarim tiya olmadim,
Bir kuni meni ham sevarmikansan.
Seni so‘rayverib yurak bechora,
Kelishing kutadi mayli bir bora.
Men-ku seni sevdim, qaniydi zora
Bir kuni meni ham sevarmikansan.
Mayli taqdir ekan yo‘lingni kutish,
Tun-u kun azoblar, alamlar yutish.
Nahotki armonmi qo‘lingdan tutish,
Bir kuni meni ham sevarmikansan.
SEVMA
Muhabbatdan so‘z ochma, go‘zal,
U azobdir, u faqat alam.
Unga atab bitmayman g‘azal,
Uni deya ko‘zlarimda nam.
Mayli sevsin boshqa birovlar,
Ular azob chekishi tayin.
Lek shundayin keladi onlar,
Men sevmayman bilgin atayin.
Qo‘y, yig‘lama muhabbat uchun,
Aziz umring ketmasin zavol.
Sevgan ko‘ngil doimo mahzun,
Oshiq yurak hamisha behold.
SHOIR O‘KINCHI
Savollardan charchadim, hayot,
Tanam jonsiz, yuragim xasta.
Izladim-u topmadim najot,
Bevafodan ko‘nglim shikasta.
Sevgi deya og‘rinar yurak,
Umrim tugar misoli xazon.
Bu dunyodan topganim beshak
Faqatgina boldi-ku armon.
Mehr izlab o‘tmoqda ko‘nglim,
Aslida-chi barchasi sarob.
O‘rtanadi bu yurak-bag‘rim,
Qo‘llarimda bir qadah sharob.
Sendan shuni so‘rabmidim, ayt,
Nega tunlar tortaman azob?
Yashashimning ma’nosi, bir bayt
Bitolmasam, ahvolim xarob…
SOG‘INCH
Tunlarni uyqusiz o‘tkazib bedor,
Ko‘zinga to‘xtamay yoshlar to‘larkan.
Kelishin kutasan yo‘llariga zor,
Sog‘inchning azobi yomon bo‘larkan.
Ketarkan yuzingdan shirin tabassum,
Yuraging misoli xazon so‘larkan.
Ko‘rishni istaysan mayliga bir zum,
Sog‘inchning azobi yomon bo‘larkan.
Unutay deysan-u unutolmaysan,
Kunlaring azobda shunday o‘tarkan.
Sog‘inib yoniga bora olmaysan,
Sog‘inchning azobi yomon bo‘larkan.
Baxtigul