Qasoskorning oltin boshi. Xudoyberdi To‘xtaboyev
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Qasoskorning oltin boshi - Xudoyberdi To‘xtaboyev страница 17
– Hoziroq bozorga hayda bu yaloqxo‘rni. Keyin sudlovni tezlashtir. Sibir qildiramiz bu isyonchini!
Vujudida qo‘zg‘algan g‘azabning behad kuchliligidanmi, qamchilar zarbidan taniga yetgan ozorning iztirobidanmi, xo‘rligi oshib, dunyo-dunyosi qorong‘i bo‘lib ketganidanmi, Namoz shu paytda xuddi nasha elitgandek garang, vujudi karaxt edi. Voqealar bamisoli tushida sodir bo‘layotgandek, unga aloqasi yo‘q, bemaqsad, ma’nosizdek tuyula boshladi.
Uch navkar oldida, uch navkar ketida, nog‘orachi oldinroqda Dahbedning mashhur Omon jarchisi orqaroqda bozorjoyga olib kirayotganlarida, Namoz to‘satdan uyqusidan uyg‘onib ketgandek bo‘ldi:
– Yo‘q, yo‘q!
Omon jarchi yer-u ko‘kni larzaga keltirib o‘kira boshladi:
Bozordagi odamlar,
Eshitmadim demanglar.
Kazzob, o‘g‘ri Namozboy,
Ot o‘g‘irlab o‘tgan oy…
«Nahotki, bularning hammasi o‘ngimda yuz berayotgan bo‘lsa. E, xudo, o‘g‘ri emasligim o‘zingga ayon! Tamom, hammasi tamom bo‘ldi. Tomchilab yiqqan obro‘yim chelaklab to‘kildi parvardigor! Odamlarning ko‘ziga qanday qarayman endi. Qarindoshlarim, yor-u do‘stlarim oldida yuzim qaro bo‘ldi-ku! Odam bolasi pulini yo‘qotsa hech narsa yo‘qotmaydi, sog‘lig‘ini yo‘qotsa ko‘p narsa yo‘qotgan bo‘ladi, obro‘yini yo‘qotsa – hammasidan mahrum bo‘lgan bo‘ladi, der edingiz, Devona bobo. Men hamma narsamni boy berib qo‘ydim… Go‘dakligimdayoq ota-onamdan ayrilganim kammidi. Bir burda nonga zor bo‘lib, qishloqma-qishloq kezganim yetmasmidi, o‘lib-tirilib, ozgina obro‘ orttirgan edim, uni ham ko‘p ko‘rdingmi, e, xudo! Yo‘q, yigit kishi badnom bo‘lib yashaganidan o‘lgani yaxshi. Undan ko‘ra meni tezroq osib qo‘ya qolmaysanlarmi! Yo‘q, «oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘, deydilar. Chidashing kerak, yetimcha! Chidaysan, boshqa ilojing yo‘q. Yuzingga qorakuya surkab qo‘ydilar. Nomingni poklab ketishing kerak, u dunyoga uncha oshiqma, bu qaro yuz bilan u dunyoga ham sig‘maysan endi…»
Qo‘li orqasiga bog‘langan mahbusning qorniga chambarak qilib arqon o‘rashgan. Arqonning boshqa uchini otliq navkar egarning qoshiga bog‘lab olgan. Namozning boshi solingan, ko‘zlarini chirt yumib arqon qayoqqa sudrasa o‘sha yoqqa chalama-chatti qadam tashlab boryapti u.
– Bay-bay-bay! Qomatni qarang-u, qilgan ishini qarang!
– Voy, bu Namoz polvon-ku.
– Polvon emish, ot o‘g‘irlabdi, ovsar!
– Otga ishqibozligi bor edi!
– Toshbo‘ron qilish kerak.
– Ur o‘g‘rini!
– Voy, sho‘rlikning bola-chaqasi bordir, – o‘ng-u so‘ldan ana shunday past-u baland ovozlar ham eshitilib turibdi. Namoz boshini ko‘tarolmaydi, ko‘zini ocholmaydi, vujudi uyatdan qora terga botib boryapti.
Omon jarchi avjiga chiqadi:
– To‘rt bedovni o‘g‘irlab,
Arzon garovga pullab…
Xuddi shu paytda olomon orasidan paranji-chachvonga o‘ralgan bir ayol xuddi poloponini qirg‘iydan himoya qilgan chumchuqdek chirqillab chiqib bandini quchoqlab oldi:
– Voy-dod, musulmonlar, bu mening ukam-ku! U o‘g‘ri emas, imonsiz Hamdamboy tuhmat qilayapti unga! Hoy, Omon nega qarab turibsan, arqonni qirq, qirq zormandani! Tog‘angni qutqar!
Namozning ko‘zlari yaraqlab ochilib ketdi:
– Opajonim!
– Hoy musulmonlar!
Orqadagi navkarlardan biri otini tezlatib ayolning yaqiniga keldi-yu, engashib ko‘ksidan nari itardi:
– Oling qo‘lingizni.
Omon yelkasidagi xurjunni yerga qo‘yib otliqlar davrasiga shoshilib kirdi-da, onasini dast ko‘tarib nari keta boshladi.
– Ukaginam, pahlavonim! – battar chinqirib yubordi Ulug‘oy. – Zolimlar, qon tupurgurlar…
Namozning qulog‘ida anchagacha Ulug‘oyning chinqirig‘i jaranglab turdi. Ancha uzoqlashgach yelkasi osha orqasiga ko‘z tashlab, opasini yana ko‘rib qoldi. Omon uni qo‘lidan chiqarib yubormaslik uchun bag‘riga mahkam bosar, Ulug‘oy bo‘lsa tipirchilanib, tatalanib, o‘g‘lining ko‘ksiga, yuzlariga ayamay mushtlar edi.
– Yo‘q!! – Namoz orqasiga yarim burilib shunday bir kuch bilan oldinga intildiki, egarning qoshiga mahkam bog‘langan jun arqon tarang tortilib otning orqa oyoqlarini bukib yubordi. Olti navkar har qancha urinsa ham bandini joyidan siljita olmadi. Namoz ikki oyog‘ini oldinga tirab, xiyol orqasiga tashlangan ko‘yi tishlarini g‘ijirlatgancha tik turaverdi.
– Otga qamchi bos, – buyurdi qorovulboshi, – menga desa o‘lib ketmaydimi!
Namozni bozorjoydan otga sudratib olib chiqib ketishdi…
Hozir yigit ana shularni o‘ylab o‘tirbdi. Shuning uchun ham Mirza Qobilning nima deyayotganini yaxshi anglay olmadi.
– Uxlab qoldingizmi? – ovozini bir parda yuqorilatib so‘radi Mirza Qobil.
– Uxlaganim yo‘q.
– Ayting bo‘lmasa.
– Nimani aytay?
– Ot o‘g‘irlashda ishtirok etgan sheriklaringizni so‘rayapman.
– Menga qarang, Mirza, siz o‘zi qachondan buyon qozi bo‘lib qoldingiz? – betoqat bo‘lib so‘radi Namoz, – siz yaxshisi mirzaligingizni qilaversangiz-chi! Uch-to‘rt kundan buyon boshimni qotirib yubordingiz-ku.
– Shodixon to‘ram menga vakolat berganlar.
– Lekin, fuqaro vakolat bermagan-ku!
Mirza Qobil o‘rnidan turib, daricha orqali hovliga ko‘z tashladi. Bitta-bitta bosib, Namozga yaqinlashib:
– Niyatim sizga yordam bermoq, – deya shi-virlab qo‘ydi, – kecha oqshom mening hovlimga do‘stlaringiz kelib ketishdi.
– Kimlar keldi? – to‘satdan hushyor tortdi Namoz.
– Sherniyoz bilan Jumanboy otliq yigitlar.
– Ul-bul tashlab ketishgandir?
– Baholi qudrat, – g‘alati jilmayib qo‘ydi Mirza Qobil.
«Obbo, nomard-ey, fikridan o‘tdi Namozning,– olgansan, olgandayam juda katta olgansan. Bechoralarning sho‘ri quriydi endi. Sendan keyin qozi kalon tergov boshlaydi, undan keyin mirovoy sudya-yu okrug sudlari yeng shimarib ishga kirishadi, sho‘ring qurg‘urlarning chaynab turgan nonigacha tortib olasanlar, xudo berdi endi senlarga! Bu o‘rtada Hamdamboy vaqtdan yutib, janjallarni bosti-bosti qilib oladi. Ming tanga sarflaydi-yu, yuz ming tangani urib ketadi bu nomard. Rejalarining puxtaligini qarang-a… Yo‘q, qanday bo‘lsa ham men bu yerdan chiqib ketishim kerak. Bo‘lmasa, badnom bo‘laman.