Qasoskorning oltin boshi. Xudoyberdi To‘xtaboyev
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Qasoskorning oltin boshi - Xudoyberdi To‘xtaboyev страница 23
– Agar lozim ko‘rsangiz, – negadir kaftlarini bir-biriga ishqab qo‘ydi hokim.
– Qobil deganlari Sibirdan qochgan, – bisotini yoza boshladi mirshabxona noziri.
– Sibirdan?! – patak qoshlari kerilib ketdi hokimning.
– Ha, Tarxon o‘lkasidan qochgan.
– Opkeling o‘shani buyoqqa!
Xuddi shu paytda mahkamaga boshyalang, yoqavayron bir yigit yugurib kirib, o‘zini hokimning oyog‘iga tashladi:
– Bir qoshiq qonimdan keching, hokim janoblari!
– Nima gap?! – Mirza Hamid jirkangannamo oyoqlarini tortib oldi.
– Qaynotangiz Sharif bazzozning uyini bosdilar!– yig‘lab yubordi xabarchi.
– Kim bosadi?! – sakrab o‘rnidan turib ketdi Mirza Hamid.
– Qaroqchilar!
– Namozmi?
– Xuddi shunday janoblari! – shum xabarni keltirgan yigit o‘rnidan turib, ko‘ksini yirtgudek yig‘lashga tushdi, – yigirma chog‘li otliq qo‘rg‘onni qurshab, Bazzoz bobomni daraxtga bog‘lab, ustilaridan sovuq suv quymoqdalar.
– Otlaning! – baqirib yubordi hokim, – Zamonbek, siz Shahob guzari tomondan borasiz, Mixail to‘ra janoblari, siz Oynaqo‘rg‘on guzaridan aylanib o‘tasiz. Men yigitlarim bilan Mazang guzari tarafidan boraman, toki hamma yo‘lni to‘sib boraylik, bironta ham itvachcha qochib qutulmasin, kolyaskani keltiring! – baqirgancha hovliga yugurdi Mirza Hamid, – Jiyanbek, sen avaxtaxonada qorovulda turgan yigitlaringni olib, Samarqand yo‘lini to‘s! Ot! Chop, bittasini ham tirik o‘tkazma!..
Ko‘z yumib ochguncha bu atroflar bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi. Qo‘liga miltiq ushlashi, otga minishi mumkin bo‘lgan erkak zoti borki, qamalda qolgan Sharif bazzozni qutqarish uchun urho-ur, surho-sur qilishib, ko‘chalardan seldek oqishib o‘sha yoqqa ketishdi.
Xuddi shu paytda Dehqon guzar tarafdan olti otliq qiyg‘ir qushdek uchib chiqib kela boshladi. Hokimlik mahkamasi ostidagi avaxtaxona oldida otlardan tap-tap tushib biri cho‘qmor bilan, boshqasi og‘ir bolta bilan yong‘oq daraxtidan pishiq ishlangan zil-zambil eshiklarni pora-pora qilib sindira boshladilar.
– Namoz! – qorong‘i xonada yotgan Qobil quvonchdan qichqirib yubordi, – do‘stim, xaloskorim!
– Tez chiqinglar! – buyurdi Namoz, – otlarga mingashinglar.
Kechadan buyon qo‘l-oyog‘i yechilmay zaxda dumalab yotgan Kenja Qorani Namozning o‘zi qo‘zichoqni qo‘ltiqlaganday qo‘ltiqlab chiqdi-yu, oldiga o‘tqazib, otiga qamchi bosdi.
– Sabr qil, Kenjavoy, sabr qil ukam, eson-omon dashtga borib olaylik, qo‘llaringdagi kishanni tishlarim bilan uzib tashlayman.
Olti otliq xalos etilgan mahbuslarni orqalariga mingashtirib Qangli, Bo‘g‘ajil taraflarga qarab ot surib ketdilar.
Shiddat bilan kim o‘zarga ot qo‘yib borayotgan Mirza Hamidning navkarlari Sharif bazzoz qo‘rg‘onini to‘rt tomondan qurshovga olishdi. Mirza Hamid qochishga to‘g‘ri kelib qolsa, shoshilib qolmay deb kolyaskadan tushmadi. To‘pponchasidan osmonga qarab ikki bora o‘q bo‘shatdi.
– Taslim bo‘llaring! – deb qichqirdi, so‘ng yarim ochiq turgan darvozaxonaga qarab, – bo‘lmasa hammangni qirib tashlayman!
Sharif bazzoz kechki namozga tahorat olayotgan edi. Nogahoniy shovqin-suron-u o‘qlar ovozidan qo‘rqib ketganidan yalang‘och orqasi bilan yerga o‘tirib qoldi. Cho‘zilib yotishning payti emasligiga aqli yetib, pitillab o‘rnidan turdi-da, bog‘ichini boylagani toqati chidamay, chap qo‘li bilan ishtonini ko‘tarib, uyga qarab yugurdi. Devorga osig‘liq turgan qo‘shotarni olib varanglatib ketma-ket o‘q bo‘shata boshladi.
Besh-o‘n daqiqalar chamasi davom etgan pala-partish otishmadan so‘ng, nihoyat, panalab, pusib qaynotasi qamalgan uy yoniga kelib olgan hokim taklif qildi:
– Namoz, otishmani to‘xtat, taslim bo‘l!
Kuyovining ovozini tanib Sharif bazzozning rangiga sal qon yugurgan bo‘ldi. Haligacha oyog‘ida kalavalanib turgan oq surp ishtonining bog‘ichini boylarkan:
– Mirza Hamid, bu menman! – dedi negadir yig‘lamsirab.
– Namoz qochdimi? – o‘rnidan g‘oz turib so‘radi Mirza Hamid.
– Hech qanday Namozni ko‘rganim yo‘q, – tushuntira boshladi qaynota, – sizlarni Namoz gumon qilib, miltiqni men otayotgan edim.
– Nima-nima?! – achchig‘i chiqib dedi Mirza Hamid, – tag‘in u bosqinchini yashirib qo‘ygan bo‘lmang?
– Namozni berkitgan bo‘lsam, kalomulloyi sharif ursin, kuyov!
– Hozirgina bizga Namoz bosdi, deyishdi-ku?
– Xudoga shukur, sizdan boshqa hech kim mening xonadonimni oyoqosti qilgani yo‘q, kuyov…
Bo‘lis hokimi mulzam bo‘lib, orqaga qaytarkan alamidan yig‘lagudek bir ahvolda edi. Mahbuslar qochganini eshitib ich-ichidan g‘alati bir qaltiroq turdi-yu, o‘zi-o‘ziga xunuk ko‘rinib ketdi. O‘zini ojiz-u notavondek seza boshladi, ammo uning tabiatiga yot bo‘lgan bu ruhiy holat bir-ikki daqiqadan so‘ng tarqaldi-yu, o‘rnini qasoskor, beshafqat, yovuzona bir tuyg‘u egalladi.
– Orqamdan ot qo‘yinglar! – deb buyurdi navkarlariga, – u qochoqni ushlamaguncha orqaga qaytish yo‘q endi.
O‘sha kuni Jarqishloq fuqarosining boshiga ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan bir falokat yog‘ildi. Bo‘lis hokimi qishloq o‘rtasidagi keng yalanglikka yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan jamiki kishilarni to‘plab:
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «ЛитРес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию на ЛитРес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.