Беш болали йигитча. Худойберди Тухтабоев
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Беш болали йигитча - Худойберди Тухтабоев страница 16
– Besh bolali, ke, bov ustiga bov o‘ynaymiz! – taklif qilib qoldi Hayitkalla.
– Boshladik! – dedim ko‘chaning sertuproq joyiga yugurib. Bunaqangi o‘yinni hech o‘ynaganmisiz! Oh-oh, juda gashtli bo‘ladi-da, uch-to‘rtta baquvvat-baquvvat bola o‘rtaga turib oladi, o‘nlab mayda-chuyda chuldirvoqilar ularga tashlanib yiqitmoqchi bo‘lishadi, goh chuldirvoqilar ularni yiqitgan bo‘ladi, goh haligi baquvvatlar chuldirvoqilarni bosib olgan bo‘ladi.
– Bos!
– Ustiga min!
– Oyog‘idan tort!
– Ur-re, biz yengdik! – degan qiyqiriqlar eshitilib turadi.
O‘ziyam o‘tgan yilgi sumalakdan buyon bunaqangi ko‘p bola to‘planmagan, o‘yin ham shu bugungidaqangi qizimagan edi. Bov ustiga bov o‘ynab charchagach, «Eshak mindi»ga o‘tdik ketidan «G‘itting-bitting» degan bir o‘yinni boshlab yubordik. Endi, nimasini aytsam ekan, qiziqdikda aslida bunga teng keladigan o‘yin yo‘q dunyoda. Bir bolaning yelkasiga minib, oyoqlaringni ko‘kragiga tashlab, qorning bilan chekkasiga suyanib olasan. O‘n metr narida ikkinchi bola ham shunday qilib turgan bo‘ladi, tepada turgan bola;
– G‘itting! – deya do‘ppisini narigi bolaga otadi, narigi bola ilib olsa:
– Bitting! – deya egasiga qaytaradi. Do‘ppining egasi ilolmasa yutqazgan bo‘ladi, sherigi bilan o‘rin almashtirib oladi.
Men Hayitkallaning yelkasiga bahuzur minib olib, endi mazza qilayotgan edim, ichkaridan hovliqqancha Usmon chiqib: «Tez yur, opam chaqiryapti» deb oyog‘imdan tortqilay boshladi.
– Nima ishi bor ekan? – dedim jerkib.
– Robinisani uxlatolmayapti, – tushuntirdi ukam. Shu Robinisa juda qiziq bola bo‘ldi-da, uyqusi kelib qolsa tuqqan opasi u yoqda qolib, mening tizzamga bosh qo‘ymaguncha uxlay olmaydi deng.
– Ha, katta xola, bolang yig‘lab qoptimi? – deb mazax qildi Hayitkalla.
– Ha, ha, yig‘layverib kallasi pishib ketganga o‘xshaydi, – dedim men ham bo‘sh kelmay.
Ichkari kirsam chindan ham jajji singlim yig‘layverib ko‘karib ketibdi, opam bechora menga ko‘zi tushishi bilan:
– Orifjon, buningni o‘zing tinchit, jon bolam, – deb yolvordi.
Robinisani qo‘limga olib lu-lu-lu qilganimcha o‘choq boshiga bordim. To‘g‘ridagi uyda To‘xta xolamga o‘xshagan yigirma chog‘li kampir-u, amma-buvilar yig‘ilishib olib, savobi urushga ketgan o‘g‘illarimizga tegsin, eson-omon qaytib kelishsin, deb «Mushkulkushod» o‘qishyapti. Otinbibi xolam sal g‘amginroq, lekin shirali ovoz bilan xuddi allakimga yolvorgandek nola qilib:
Salli olo saodat,
Har kim aytsa bir soat,
Duo bo‘lgay ijobat,
Lo iloho illo anta…
deb men tushunmaydigan g‘alati-g‘alati she’rlar o‘qiyapti. Amma-buvilar uning g‘amgin, qaltiroq ovoziga hamohang chayqalishib, har zamonda:
– Huvvv! – deb yig‘lab qo‘yishadi.
Otinbibi xolam sumalak qanday kelib chiqqanini ham gapira boshladi, ilgarigi zamonda Bibifotima degan bitta ayol, o‘zi juda obro‘li odamning xotini bo‘lishiga qaramay, bexad kambag‘al bo‘lganidan bolalariga ovqat topib berolmay qozonga tosh bilan ko‘k o‘t solib qaynata boshlabdi. Bir mahal bunday qarasa, shu sumalak pishib qolgan emish, ko‘zini kattaroq ochib qarasa, o‘choq boshida seyimalak ya’ni o‘ttizta farishta o‘tirgan emish.
– Huvvv! – yig‘lab yuborishdi yana amma-buvilar.
Xullas, bu sumalak deganlari xudoyi taoloning taomi emish, kimda-kim pishirib, yaxshi niyat bilan yalasa niyatiga yetarmish, bitta yetim qiz shu sumalak tufayli naq podshoning o‘g‘liga erga tegib olgan emish.
– Huvvv! – degan ovoz eshitildi yana ichkaridan. Mana shunaqangi gaplardan eshitib, mazza qilib o‘tiraverar edim-u, ammo Robinisa tizzamda uxlab, yuk bosib oyoqlarim uvishib qoldi.
Jajji singlimni uyimizga yotqizib chiqdim. Yotqizib chiqqanimni opamga aytib qo‘yishim kerak edi. Opam bo‘lsa, kampirlarning orasida ko‘rinmayapti. To‘xta xolamlarning hovlisi, sizga aytuvdim shekilli, ichkaritashqarili, sumalak tashqarida pishyapti, «diydiyo»ni ham shu yerda o‘qishyapti, ichkari hovliga o‘tdim… O‘hho‘, ishning kattasi bu yoqda ekan-ku!
Parpi buvam chekkaroqdagi pastakkina uychada butun dunyoni unutib shaq-shuq moki otib, bo‘z to‘qiyapti, uning sumalak bilan ham, podshoning o‘g‘liga tegib olgan yetimcha qiz bilan ham ishi yo‘q, faqat bo‘zini tezroq to‘qib, pulini ko‘paytirib, Meli boqqoldan olgan qarzini tezroq to‘lasa bo‘lgani! Beriroqda bo‘l-sa… hali aytganimdek ishlar gumbir! O‘ttiz chog‘li qiz-u juvonlar to‘planishib, yaxshi qizdirilmagan childirmani dapir-dupur urishib o‘yin qilishyapti. Opam davraning o‘rtasida, galma-galdan qizlarni o‘yinga tortib:
– Hoy, yosh narsa kimdan uyalasan, – deb tanbeh ham beryapti.
– Karomatxon, o‘zingiz ham bir o‘ynab bering, – taklif qilib qoldi ayollardan biri.
– Ha-ha, o‘zlariyam o‘ynasin.
– O‘rtadan chiqarmanglar, – deya qiz-u juvonlar opamni davradan chiqarishmay, o‘ynab bermaguningizcha javob bermaymiz, deb turib olishdi. Opam qo‘llarini o‘yinga moslab bir ko‘tardi-yu, bir oz o‘ylanib turgach, «Yo‘q, bo‘lmaydi» deya kulib yubordi. Qiz-juvonlar qiyqirishib talab qila boshlashdi.
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.