Қайлардасан, болалигим. Худойберди Тухтабоев

Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Қайлардасан, болалигим - Худойберди Тухтабоев страница 5

Жанр:
Серия:
Издательство:
Қайлардасан, болалигим - Худойберди Тухтабоев

Скачать книгу

salkam bir qop o‘tni yerga qo‘ya turib, – bog‘chaga bormadinglarmi?

      – Endi hecham bog‘chaga bormaymiz, – shoshilib dedi Davronboy, – biz endi poyloqchilik qilamiz.

      – Oyi, men akam bilan urishmadim, – deb axborot berib yubordi Omonboy.

      Bir tomonda daladan horib-charchab qaytgan oyilari, bir tomonda poyloqchilik qilamiz, deb oftobning damida terga pishib ketgan va puxtagina qurollanib olgan yosh soqchilar – Davronboy bilan Omonboylar tikkama-tikka turib, rosa savol-javob qilishdi. Oyilari nima bo‘lganda ham bog‘chadan qolmaslik kerak edi, aftilaringga qarab bo‘lmaydigan bo‘lib ketibdi, o‘sha yerda ozodagina yurgan bo‘lardilaring, degan gaplarni aytdi. Yosh soqchilar bo‘lsa, aftimiz bilan ishingiz bo‘lmasin, mashinani tashlab ketishga haqqimiz yo‘q edi, degan gaplarni aytishdi. Aka-uka bir bo‘lganlari uchun, oyilari yengilib, uncha xafa ham bo‘lmay, uncha xursand ham bo‘lmay, haligi salkam bir qop o‘tni ko‘tarib, ichkariga kirib ketdi.

      Xuddi shu payt kun bo‘yi kutilgan eng dahshatli xavf – Mahmud olako‘z paydo bo‘lib qoldi. U eshagini yalang‘och qilib minib, bo‘lar-bo‘lmasga irillayveradigan, tumshug‘igacha jun bosib ketgan kuchukchasini ortidan ergashtirib, qo‘lida tuguncha, jadal yurib kelar edi, mashinaga yaqinlashgach, eshagini to‘xtatib, hayrat ichida uzoq tikilib qoldi:

      – Voy-bo‘y, kattaligini qaranglar! – dedi nihoyat ko‘zi chaqnab. – Kimning mashinasi bu?

      – Bizniki! – ataylab qovog‘ini solib dedi Davronboy.

      – Shofyor amaki bizni qorovul qilib ketgan, – qo‘shimcha qildi Omonboy. – Qaytayotganda bizga chelakda gaz olib keladi.

      – Borib-borib senlarni qorovul qildimi, a?

      – Qildi, alam qilsin!

      – Bir tepsam yetti dumalab ketasan-ku!

      Mahmud Davronboydan bor-yo‘g‘i bir yosh katta, xolos. Aka-ukalarni yolg‘iz uchratdi deguncha, albatta yig‘latib qochadi. Lekin hozir Davronboy bilan Omonboy undan zig‘ircha ham qo‘rqishmadi, nega desangiz, qo‘llarida qurollari bor! Mahmud ham mana shu xanjar-u miltiqlardan sal-pal qo‘rqdi shekilli:

      – Opamnikiga pomidor olib ketyapman, bo‘lmasa ta’zirlaringni berib qo‘yardim-a! – deb asta jo‘nab keta boshladi. Bexavotirroq joyga borib olgach, eshagining boshini tortib: «Hali kelib, mashinalaringni ustiga chiqib, quvurlarini daranglatib chalib, maza qilib o‘ynayman», deb qo‘ydi.

      Asta-sekin kech kirib, qorong‘u tusha boshladi. Bu orada oyilari, ovqat pishdi, ichib olinglar, deb ikki marta chaqirib ketdi. Keyingisida televizor qo‘yib beraman, «Olamga sayohat» bo‘lyapti, har xil hayvonlar chiqyapti, deb yolvorib ham ko‘rdi. Aka-ukalar ko‘nishmadi. Biz kirib ketsak, begona bolalar quvurlarni dumalatib ketishadi, deb turib olishdi. Uchinchi gal oyilari to‘ppa-to‘g‘ri keldi-da, hech narsa demay, Davronboyni chap qo‘ltig‘iga, Omonboyni o‘ng qo‘ltig‘iga qisib, chumchuq boladek chirqillatib uyga olib kirib ketdi. Yerga qo‘yib, ikkovining ham orqasiga – yumshoq joylariga bir tarsakidan tushirib:

      – Qaysar bo‘lmay ketgurlar! – deb urishdi.

      Davronboyga negadir juda alam qilib ketdi, ho‘ngrab yig‘lab yubordi:

      – Ovqatingizni ham ichmayman! – javrab alamini chiqara boshladi. – Uyingizni poylamayman, echkingizga ham qaramayman!

      Oyilari chiday olmadi, shekilli, ikki o‘g‘lini tizzasiga olib, ter hidi kelib turgan kir peshonalaridan o‘pib: «Do‘mboqlarim, bilmay qoldim, kechiringlar», – deb uzr so‘radi.

      Aka-uka hiqillashib o‘tirib, chuchvara yeyishdi, so‘ng indamasdan borib, o‘rinlariga yotishdi-yu, boshlariga choyshab tortib olishdi.

      – Ukajon, o‘zimizni uxlaganga solib yotamiz, xo‘pmi? – sekin shivirladi Davronboy.

      – Nega unday qilamiz, akajon? – undan ham pastroq ovozda so‘radi Omonboy.

      – Biz uxlasak, oyim dadamga ovqat olib boradilar.

      – Uxlamasak-chi?

      – Obormaydilar… Unda biz mashina poylashga chiqolmaymiz, xo‘p degin, jon uka!

      – Keyin ertak aytib berasanmi?

      – Aytib beraman.

      – Tuxumniyam kattasini berasanmi?

      – Beraman.

      – Xo‘p.

      Oyilari shoshilib boshini yuva boshladi, keyin kattakon toshoyna yoniga kelib, sochini uzoq taradi, atir sepdi, quloqlariga sadarayhon shoxchalaridan qistirib oldi. Eng oxirida tashqariga chiqib, kastryulga to‘ldirib chuchvara soldi, oyoq uchida bitta-bitta yurib kelib, yolg‘ondakam pishillab yotgan Davronboy bilan Omonboyning peshonasidan ohista-ohista o‘pib, yana oyoq uchida yurib chiqib ketdi.

      Ko‘cha eshik g‘ichillatib yopilishi bilan aka-ukalar sapchib o‘rinlaridan turib, o‘choq boshidagi xanjar miltiqlarini olib, chinakam soqchilardek qaytadan qurollana boshlashdi.

      – Aka, biz hech kimdan qo‘rqmaymiz-a? – so‘radi Omonboy poyloqchilik qiladigan o‘rinlariga borgach.

      – Qo‘rqmaymiz! – deb qo‘ydi Davronboy.

      – Aka, ajinaning bir quloch dumi bo‘ladimi?

      – Bilmasam.

      – Aka, alvastilar kunduzi qayerda yotishadi?..

      – Bilmasam, – qo‘rqqanidan ukasidan battarroq qaltirab dedi qorovulboshi Davronboy, – ukajon, ke, quvurning ichiga kirib olamiz.

      – Voy, men chiqolmayman-ku!

      Quvurlarning biri qiyshayib, yerga tegay-tegay deb turgan bo‘lsa-da, baribir, unga ikkovlarining ham bo‘yi yetmas edi. Og‘ilxonada eski yog‘och quti olib chiqib, oyoq ostilariga qo‘yib, oldin Davronboy, ketidan Omonboy ko‘tarilib olishdi. Hech kimga ko‘rsatmasdan chiqib olganlari uchun o‘zlarida yo‘q xursand edilar. O‘rtarog‘iga borib, taglariga dadalarining uvadasi chiqib ketgan eski to‘nini tashlab, joylashibroq o‘tirishdi. Endi hech narsa qo‘rqinchli emas! O‘sha dumi uzun alvasti-yu, hamisha tumshug‘ini jun bosgan kuchugini ergashtirib yuradigan Mahmud olako‘zlar ham kelaversin, paq-paq otib tashlashadi, tamom-vassalom! Oyilariyam topolmaydi, endi shapaloq bilan urib ham bo‘pti.

      – Men maza qilyapman, – cho‘zib esnab qo‘ydi kichik qorovul.

      – Menam, – hatto esnashga ham holi kelmay qoldi katta qorovulning.

      – Akajon, men uxlab qolyapman.

      – Menam…

      Umuman qorovullarning gapida jon bor edi, negaki, «Qo‘rg‘oncha» qishlog‘ining kichik fuqarolari uyquga ketadigan vaqt allaqachon bo‘lgan edi.

      TO‘RTINCHI BOB

      QUVUR ICHIDA QO‘RQINCHLI SAYOHAT

      Shofyor amaki tuman markazidagi avtobazadan ko‘tarma kran topib kelganda vaqt yetti xufton bo‘lgan edi. Amaki ko‘tarma kran yordamida yorilgan ballonlarni ko‘z yumib ochguncha almashtirib oldi-yu, kunduzi olib chiqqan yog‘ochni

Скачать книгу