Қайлардасан, болалигим. Худойберди Тухтабоев

Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Қайлардасан, болалигим - Худойберди Тухтабоев страница 8

Жанр:
Серия:
Издательство:
Қайлардасан, болалигим - Худойберди Тухтабоев

Скачать книгу

soqchi o‘g‘illarim, mashinaga marhamat! – deb qoldi shofyor amaki, – endi tezroq jo‘naylik, bechora onalaring qidirib yurgandir…

      Amakilarining hammasi qo‘l silkib, xayrlashib qolishdi, yana tag‘in kelinglar, lekin quvurning ichida emas, kabinada o‘tirib kelinglar, degan gaplarni ham aytishdi.

      – Sizga-chi, amaki, tuxum olib kelaman, – deb va’da berdi Davronboy oq shlyapali amakiga.

      – Men-chi, amaki, uzum olib kelaman, – deb baqirdi Omonboy ham.

      OLTINCHI BOB

      GAZ QOZONDA SHO‘RVA PISHGANI

      Davronboy bilan Omonboy uylariga qorong‘i tushay-tushay degan paytda kirib borishdi. Novcha amaki yo‘lda jindek uxlab oldi, bo‘lmasa bundan ham oldinroq yetib kelishgan bo‘lardi.

      Ulkan mashina ko‘cha eshiklari oldida to‘xtashi bilan aka-ukalar cho‘zib-cho‘zib uch marta signal berishdi. Keyin Davronboy:

      – Amaki, oyim meni ursalar ajratib olasiz, xo‘pmi?

      – deb shivirladi.

      – Seni urdirgani qo‘ymayman, – deb shivirlab qo‘ydi novcha amaki ham. Omonboy ham bir narsa deb shivirlamoqchi bo‘luvdi, ulgurolmadi. Nega desangiz, xuddi shu paytda mashinaga qarab yugurib kelayotgan oyijoniga ko‘zi tushib qoldi:

      – Oyijon!!!

      – Toychog‘im! – deb ona-bola bir-birlarini achomlashib ketishdi.

      – Voy o‘lmasam, Davron qani? – deb so‘radi oxirida oyisi.

      – Tushsam urasiz, – hiqillab dedi Davronboy.

      – Voy, onaginang o‘rgilsin, urmayman.

      – Bugun urmasangiz, baribir ertaga urasiz.

      – Urmayman, endi hech ham urmayman.

      Davronboy ishning buyog‘ini ham puxtalab olgandan keyin kabinadan turib to‘ppa-to‘g‘ri oyijonining bag‘riga otildi.

      Bir-birlarini o‘pishib, ko‘z yoshlarini to‘kishib hovlilariga kirguncha atroflarini xotinlar-u bolalar qurshab olishdi. Qishloqdagi jamiki katta kishilar to‘satdan yo‘q bo‘lib qolgan Davronboy bilan Omonboyni birinchi bo‘lib men topib kelaman, deyishib, har tomonga jo‘nab ketishgan edi. Shuning uchun ham qishloq chekkasidagi daraxtlarga burkalgan bu hovlida faqat xotinlar-u bolalar to‘planishgandi. Bir xillari oyilarini ko‘ngillarini ko‘tarib, boshqa birlari har xil vahimali gaplarni aytib, oyilarining ko‘ngliga g‘ulg‘ula solib o‘tirishgan edi.

      Ko‘z yumib-ochguncha hovlilari bamisoli to‘yxonaga o‘xshab ketdi, desam ishonavering. Poyloqchilikda turib, nom chiqarib qaytgan Davronboy bilan Omonboyning Mahmud, Salim, Shavkat, Qurbon degan o‘rtoqlari bor edi. Ularni ko‘rishga o‘shalar ham kelishibdi. Aka-ukalarni o‘rtaga olib har xil savollarni shunaqangi yog‘dirib tashlashdiki, asti qo‘yaverasiz.

      – Biz gaz olib kelgani boruvdik, bildilaringmi! – deb gapni qisqa qilib qo‘ymoqchi bo‘ldi Davronboy.

      – Hecham-da, – deb gapni yana chuvalashtirmoqchi bo‘ldi Mahmud olako‘z, – gaz senga kuchukmidi, yur desang, orqangdan ergashib kelaveradigan.

      Shundan keyin bolalar qiy-chuv to‘polon qilishib, novcha amakining yordamida tashqariga gaz o‘choq bilan gaz to‘ldirilgan ballonlarni olib kirishib, hovlining qoq o‘rtasiga o‘rnatishdi. Shofyor amaki gaz o‘choqning plitasini yoqib yuborgan edi, bolalarni-ku qo‘yavering, xotinlardan tortib, to soy mahalladan kelgan kampir buvilargacha hamma-hammalari hang-mang bo‘lib qolishdi. Bir xillar temir ballonning ichida ming metrcha keladigan piligi bor, o‘sha buralib-buralib yonayapti, dedi. Yana bir xillar mana shu temir ballonning tagidan yerga ingichka quvur ketganga o‘xshaydi, gaz o‘shandan oqib kelayotgan bo‘lsa kerak, degan taxminlarni ham aytishdi. Kampir buvilar bo‘lsa: «Yo tavba, bu Omonboy bilan Davronboy balo ekan-ku, shu olovni o‘shalar olib keldimi-a? – deb, yoqalarini ushlab, orqalariga tisarilgandan-tisarilaverishdi.

      Mana shunaqangi gaplar ko‘payotgan paytda amaki gaz o‘choqda sho‘rva pishirayotgan, chinakam oshpazlarga o‘xshab, har zamonda shopirib-shopirib ham qo‘yayotgan edi.

      – Amaki, shu gazni biz olib keldik-a? – sheriklarim eshitsin, deb ataylab baland ovozda so‘radi Davronboy.

      – To‘g‘ri, – undan ham balandroq ovozda javob qaytardi shofyor amaki. – Bu gazni Omonboy bilan Davronboylar olib kelishdi. Quvurlarni poylab, o‘z joyiga eson-omon yetkazib olishimizda yordamlashganliklari uchun boshlig‘imiz mukofot qilib berdi bularni…

      O‘sha kecha «Qo‘rg‘oncha» qishlog‘ining katta-kichik aholisi deyarli uxlamadi hisob, ular Davronboy bilan Omonboy olib kelgan gazning yonishini tomosha qilib chiqishdi.

      TELEBOLA

(Peshonasiga televizor yopishib qolgan bolaning sarguzashtlari)

      SARGUZASHTNING BIRINCHI BOBI

      Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim-qadim zamonlarda emas, o‘zimizning shu kunlarda go‘zal Farg‘ona tomonda, undan ham go‘zal Tagob qishlog‘ida Omonboy degan bola yasharkan. O‘zi juda hushyor, aqlli ham ekan. Televizor tomosha qilishni yaxshi ko‘rarkan. Har kuni o‘n soat tomosha ko‘rmasa ham oyog‘i, ham tomog‘i og‘rib qolar ekan. Dars tayyorlayotganda eski televizorlarning ichidagi ashqol-dashqolini olib tashlab, bo‘shagan qutichasining ichiga kirib olib tayyorlarkan. Shunday qilmasa, miyasiga hech narsa kirmas ekan. O‘sha kuni Omonboyning maktabga borgisi kelmabdi. Yo‘q, borgisi ham bor ekan-u, dars tayyorlamagan ekan, shuning uchun borgisi kelmabdi. Dadasi bilan oyijonisi barvaqt ishga jo‘nashibdi. Keta turib oyijonisi: «Jon o‘g‘lim, avval qaymoq bilan nonushta qilgin, keyin echkingga xashak solgin, keyin tovuqlaringni katakka qamab qo‘ygin, keyin maktabga keta turib kalitni Xosiyat xolangga berib ketgin, degan ekan. Omonboy hech qaysisini bajarmabdi, yo‘q-yo‘q, bajarmoqchi ekan-u, ularni bajargani ketsam, televizordagi qiziq-qiziq tomoshalar o‘tib ketib qoladi, deb qo‘rqibdi. To‘g‘ri-da, qiziq-qiziq tomoshalar o‘tib ketib qolsa, hammaga ham alam qiladi-da.

      Katta televizor uyda, dadajonisi dalada suv quyganda ko‘rib yurarman deb olib kelgan kichkina televizorcha ayvonda, xontaxtaning ustida ekan. Omonboy chaqqon bola bo‘lgani uchun goh unisiga, goh bunisiga o‘tib, tomosha ko‘ra boshlabdi. Katta televizorni tikka turib, kichkina televizorni chalqancha yotib, qornini yerga berib, qiziq-qiziq joylari kelganda xuddi suvda suzib ketayotgandek oyoqlarini gilamga tapillatib urib-urib tomosha qilar ekan. Eh, o‘sha kuni juda-judayam zo‘r bo‘libdi, biri-biridan qiziq tomoshalar emish. Unisiga qarasang, bunisi qolib ketar emish, bunisiga qarasang, unisi. Kun botay-botay deganda Omonboyning boshi aylanib, ko‘zi tinib, qulog‘idan g‘alati-g‘alati ovozlar eshitilarmish, xuddi qulog‘ining ichidan pakana-pakana odamlar chiqib kelayotganga o‘xsharmish. Keyin sehrli voqea yuz beribdi, ha-ha, chinakam sehrli hamda sirli emish. Xontaxta ustida turgan televizorcha pastga tushib, Omonboy tomonga qarab surilib kelayotgan emish. Uning odamga o‘xshash boshi, javdirab turgan ko‘zi, shalpang quloqlari ham bor emish. Surilib kelib-kelib, Omonboyning peshonasiga chippa yopishib qolibdi.

      SARGUZASHTNING IKKINCHI BOBI

      – Voy! – debdi Omonboy peshonasini ikki qo‘llab ushlab. Keyin qo‘rqib ham ketibdi. O‘rnidan turmoqchi bo‘lgan ekan, qiziq, boshi zil-zambildek og‘ir emish. Peshonasiga yopishib qolgan televizorchani ajratib olmoqchi bo‘lgan ekan, televizorcha

Скачать книгу