Қуёш барибир чиқаверади. Эрнест Миллер Хемингуэй
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Қуёш барибир чиқаверади - Эрнест Миллер Хемингуэй страница 3
– Bekor qilasiz.
– O‘z vaqtida ko‘p narsaning tashvishini chekkanman. Yetar endi.
– Baribir Janubiy Amerikaga borishni istayman.
– Quloq soling, Robert. Boshqa mamlakatga borganingiz bilan hech nima o‘zgarib qolmaydi. Bularning hammasini men boshimdan kechirganman. Bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib, o‘zingizni ovutolmaysiz. Bunga hech nima yordam berolmaydi.
– Lekin o‘zingiz Janubiy Amerikaga hecham bormagansiz-ku.
– Janubiy Amerikangiz boshingizda qolsin! Agar siz hozirgi kayfiyatingiz bilan o‘sha yoqqa borsangiz, hamma narsa o‘z holicha qolaveradi. Parij – ajoyib shahar. Nega endi siz Parijda bemalol yashay olmayapsiz?
– Parij jonimga tegdi. Lotin kvartalidan bezib ketdim.
– U yoqqa bormay qo‘yaqoling. O‘z holingizcha sayr qilib ko‘ring, o‘shanda nima bo‘lishini ko‘rasiz.
– Menga hech qachon hech nima bo‘lmaydi. Bir marta yolg‘iz o‘zim tun bo‘yi sayr qilib yuruvdim, hech nima sodir bo‘lmadi, faqat velosipedli politsiyachi meni to‘xtatib, hujjatlarimni so‘radi.
– Nahotki tunda shahar go‘zal bo‘lmasa?
– Men Parijni yoqtirmayman.
Tavba, muncha qaysar bo‘lmasa-ya! Konga achinib ketdim. Men unga hecham yordam qilolmasdim, chunki bir gap deyishim bilanoq darrov uning ikkala mutaassib g‘oyasiga duch kelardim: «Hamma narsadan qutulishning yagona yo‘li – Janubiy Amerikaga jo‘nab ketish va Parijni yoqtirmaslik» fikrida turib olgan edi. Birinchi g‘oyani kitobdan o‘qib olgan, ikkinchisini ham aftidan, kitobdan olgan bo‘lsa kerak.
– Xo‘sh, endi men yuqoriga chiqib telegramma jo‘natishim kerak, – dedim.
– Yuqoriga chiqishingiz shartmi?
– Ha, telegrammalarni jo‘natishim kerak.
– Agar siz bilan tahririyatda o‘tirsam xalaqit bermaymanmi?
– Marhamat.
U birinchi xonada gazetalarni hamda «Muharrir va noshir» jurnalini o‘qib o‘tirdi, men esa ikki soat mashinkani chiqillatib ishladim. Keyin qo‘lyozmani nusxalarga ajratib, tuzatishlar kiritdim-da, hammasini qayta konvertga joylab, ularni Sen-Lazar vokzaliga yetkazib berish uchun kuryerni chaqirdim. Narigi xonaga chiqdim. Robert Kon katta kresloda o‘tirib uxlab qolibdi. U boshini qo‘llariga qo‘yib uxlardi. Konni uyg‘otishga ko‘zim qiymadi-yu, biroq tahririyatni berkitib uyga ketmoqchi edim. Yelkasiga qo‘limni qo‘ydim. U boshini chayqab qo‘ydi.
– Men buni qilolmayman, – dedi uyqisirab boshini qo‘llari orasiga tortarkan. – Qilolmayman. Hecham qilolmayman.
– Robert, – chaqirdim uning yelkasiga turtib.
U boshini ko‘tardi, ko‘zlarini pirpiratib jilmayib qo‘ydi.
– Men hozir biror nima dedimmi?
– Ha, gapirdingiz. Lekin eshitolmay qoldim.
– E, Xudoyim-e, bu qanaqangi ahmoqona tush bo‘ldiykin-a!
– Mashinkamning chiqillashi sizni mudratib qo‘yibdi-da?
– Shunaqaga o‘xshaydi. Kecha tunda uxlamagandim.
– Nega?
– Gaplashib chiqdik.
Ularning suhbatini tasavvur qilishim qiyin emasdi. Menda do‘stlarimning yotoqxonadagi holatini o‘zimcha tasavvur qilishdek yomon odat bor edi. Biz «Napoliten» kafesiga aperativ vinosidan ichgani va xiyobondagi kechki sayilni tomosha qilgani jo‘nab ketdik.
Uchinchi bob
Bahorgi iliq kechalardan biri edi. Robert uyiga jo‘nab ketgach, «Napoliten» kafesining ayvonida o‘tirib nurli reklama chiroqlarini, svetoforning qizil va yashil signallarini, sayilga chiqqan odamlarni, qator ketayotgan taksilar oqimi yonida taqa-tuq qilib borayotgan izvoshlarni, kechki ovqat ilinjida yakka holda va juft-juft bo‘lib yurgan do‘ndiqchalarni tomosha qildim. Men o‘tirgan stol yonidan ko‘hlikkina bir ayol o‘tib, ko‘cha bo‘ylab ketayotganiga nazar solib turdim-u, uni ko‘zdan qochirib boshqasiga qaragan edim, boyagi ayol yana qaytayotganini ko‘rib qoldim. U yana yonimdan o‘tib ketayotganida ko‘zlarimiz to‘qnashdi-yu, ayol yonimga kelib o‘tirdi. Darrov ofitsiant yetib keldi.
– Sen qanaqasidan ichasan? – so‘radim men.
– Pernodan.
– Go‘daklarga perno ichish mumkin emas.
– O‘zing go‘daksan. Garson, bir ryumka perno keltir.
– Mengayam.
– Qalay, ko‘ngilxushlik qilishni istaysanmi? – so‘radi u.
– Ha. O‘zing-chi?
– Ko‘ramiz. Bu shaharda oldindan nima bo‘lishini bilib bo‘larmidi?
– Nima, Parijni yoqtirmaysanmi?
– Yo‘q.
– Nega bo‘lmasa boshqa joyga bormaysan?
– Boshqa joy yo‘q-da.
– Bu yerning nimasi yomon?
– Nimasi yomon emish?!
Perno – absent sharbatidan ishlangan ko‘kimtir musallas. Agar unga suv aralashtirilsa, xuddi sut kabi oqish tusga kiradi. Ta’mi chuchukmiyani eslatadi va u avval kishini tetiklashtiradi, keyin esa lohas qiladi. Perno ichayotganimizda u nimadandir norozi ko‘rindi.
– Xo‘sh, balki meni kechki ovqat bilan mehmon qilarsan? – so‘radim men.
U jilmayib qo‘ydi va shunda men nega uning hecham kulmayotgani sababini fahmlab qoldim. Og‘zi yumuq paytda u juda go‘zal ko‘rinarkan. Pernoning haqini to‘ladim va biz ko‘chaga chiqdik. Izvoshchini chaqirdim, u yo‘lkaga kelib to‘xtadi. Bir tekisda sekin yuradigan izvoshga qulayroq joylashib olganimizdan keyin opera teatrining chiroqlari porlab turgan, kimsasiz keng xiyoboni bo‘ylab yurib, eshiklari yopiq, vitrinalari yorishib turgan magazinlar yonidan o‘tdik. Izvoshimiz hamma derazalariga soatlar osib qo‘yilgan «Nyu-York gerald» tahririyati binosiga yaqinlashdi.
– Shuncha soatning nima keragi bor ekan-a? – so‘radi u.
– Bular butun Amerikadagi vaqtni ko‘rsatib turadi.
– Hazilingni qo‘y.
Biz Piramida ko‘chasiga burilib, tor Ryu-de-Rivolidan o‘tdik-da, qop-qorong‘i darvoza orqali Tyuilriga kirib bordik. Ayol menga suykalgan edi, uni quchoqlab oldim. U o‘parmikan, deb menga qaradi. Qo‘lini bo‘ynimga tashlagan edi, o‘zimni chetga oldim.
– Keragi yo‘q.
– Senga nima bo‘ldi? Kasalmisan?
– Ha.