Suv ostida sakson ming kilometr. Жюль Верн
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Suv ostida sakson ming kilometr - Жюль Верн страница 11
Injener yana ko‘prikcha ustiga chaqirib kelindi.
– Bosimni so‘nggi nuqtasigacha yetkazdingiz-mi? – so‘radi kapitan.
– Ha, – javob berdi injener.
– Necha atmosferagacha?
– Olti yarimgacha.
– O‘nga yetkazing!
Bu haqiqiy amerikacha buyruq edi. Missisipida raqobatchisini quvib o‘tmoqchi bo‘lgan biror kompaniya paroxodining kapitani ham bundan oshirib bir nima deya olmas edi.
– Konsel, – dedim men yonimda turgan ajoyib xizmatkorimga, – bu ahvolda osmoni falakka uchib ketishimizni bilasanmi?
– Xo‘jam shuni istasalar, – javob berdi Konsel. To‘g‘risini aytsam, kapitanning bu haddan tashqari jasorati menga yoqdi.
O‘t qalovchilar o‘txonaga yana ko‘mir tashladilar. Ventilyatorlar o‘txona havosini yangilab turar edi. Bug‘ bosimi oshdi. «Avraam Linkoln» oldinga otildi. Kema ustunlari pastigacha zirillab titrar va tutun quyuni tor mo‘rilardan siqilib zo‘rg‘a chiqar edi.
Yana lag tashlandi.
– Qancha? – so‘radi kapitan.
– O‘n to‘qqiz-u, o‘ndan uch milya.
– Bosim yana ko‘tarilsin!
Injener bo‘ysunib, buyruqni bajardi. Monometr mili o‘n atmosferani ko‘rsatar edi. Aftidan, bahaybat maxluq ham «bug‘ga o‘t qalaganga» o‘xshardi. Chunki sira kuchanmay endi u ham soatiga o‘n to‘qqiz-u, o‘ndan uch milya tezlikda suzar edi…
Bu qanaqa quvish? Yo‘q, men qanchalik hayajonlanganimni so‘z bilan ta’riflay olmayman.
Hayajondan a’zoyi badanim qaltirardi.
Ned Lend qo‘lida garpuni bilan kema tumshug‘ida turar edi. Maxluq bir necha marta kemaning o‘ziga yaqinlashishiga yo‘l qo‘yib berdi.
– Yetyapmiz! Yetyapmiz! – qichqirdi kanadalik.
Biroq garpun tashlash uchun endi qo‘l uzatganda maxluq to‘satdan undan soatiga kamida o‘ttiz milya tezlikda uzoqlashdi. Bu kamlik qilganday eng so‘nggi tezlikda ketayotganimizda, u bizni masxaralaganday atrofimizni gir aylanib chiqdi. Kema ekipaji bunga qattiq qichqiriq bilangina javob bera oldi, xolos.
Kun peshindan og‘ganda ham biz bilan narval o‘rtasidagi masofa ertalab soat sakkizdagiday edi. Shundan so‘ng kapitan Faragut boshqa vositalarni ishga solishga qaror qildi.
– Hali shunaqami! – xitob qildi u. – Bu maxluq «Avraam Linkoln»dan ham tezroq suzadimi? Mayli, qani ko‘ramiz, konussimon bombadan ham o‘zib ketarmikan. Botsman! To‘pchi tumshuqdagi qurol oldiga kelsin!
Qurol bir zumda o‘qlanib, mo‘ljalga to‘g‘rilandi. O‘q uzildi, ammo u yarim milya narida turgan narvaldan bir necha fut balandlikdan o‘tib ketdi.
– Boshqa abjirroq mo‘ljalga oluvchi o‘tsin, – deya qichqirdi kapitan. – Shu la’nati maxluqni nishonga olib urganga besh yuz dollar mukofot!
Oppoq soqolli keksa to‘pchi – hozir ham uning osoyishta qarashi va sovuqqon yuzi xuddi kechagiday ko‘z oldimda turibdi – qurolga yaqinlashdi va diqqat bilan mo‘ljalga oldi. O‘qning gumburlagan ovozi tinmasdanoq qattiq «ura» ovozi yangradi.
O‘q mo‘ljalga tekkan edi. U kutilgan natijani bermay, narvalning biqinidan sirg‘anib o‘tib, ancha yerga borib tushdi.
– Uh, jin ursin! – deya xitob qildi jahli chiqqan keksa to‘pchi. – Nahotki, bu iblisning olti duymli zirhi bo‘lsa?
– La’nati! – qichqirdi kapitan Faragut. Quvish davom etardi. Kapitan menga yaqinlashib:
– Men narvalni kema titilib ketguncha quvaman, – dedi. – Juda to‘g‘ri, – deb javob berdim men. – Shunday qilish kerak!
Narval ertami-kechmi, charchoq bilmas bug‘ mashinasi bilan teng kelolmay charchaydi, deb umid qilish mumkin edi. Ammo soat ketidan soat o‘tardi-yu, lekin unda charchoq alomatlari sezilmas edi.
«Avraam Linkoln» sharafiga shuni aytish kerakki, u quvishni qattiq turib davom ettirardi. Mening hisobimcha, kema o‘sha mash’um kun, 6-noyabrda, kamida besh yuz milya suzdi. Ammo yana kech kirib, toshqin dengiz bir zumda qorong‘i pardaga o‘raldi.
Shu daqiqada men ekspeditsiyamiz tugadi, endi biz bu ajib hayvonni ko‘rolmaymiz, deb o‘ylagan edim.
Xato qilgan ekanman.
Kechqurun soat 10 dan 50 minut o‘tganda kemamizdan uch milya narida elektr yog‘du yana paydo bo‘ldi.
Narval qimirlamay turganday edi. Kun bo‘yi charchab, endi to‘lqinda chayqalib uxlardi. Bundan foydalanib qolish kerak edi. Kapitan baxtini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi.
U tegishli buyruqlarni berdi. «Avraam Linkoln» hayvonni uyg‘otib yubormaslik uchun sekin suzib bordi. Okeanda qattiq uxlab qolgan kitlarni ko‘plab uchratish mumkin. Ned Lend xuddi ana shu uxlab yotgan vaqtlarida bir nechtasini garpunlagan.
Kanadalik yana kema tumshug‘idagi o‘z o‘rnini egalladi.
Kema osoyishtalik bilan hayvon tomon ikki kabelt yaqinlashdi. Shundan so‘ng mashina to‘xtatildi va kema o‘z oqimi bilangina ilgarilar edi.
Kemadagi hamma kishilar nafaslarini ichlariga yutib olgan edilar. Kema sahni suv quyganday jimjit. Okean sathining tuxumsimon yoritilgan yeridan yuz qadamcha berida edik.
Men Ned Lendga qaradim. Shunda uning dahshatli qurolini qulochkashlab turganini ko‘rdim.
Kema harakatsiz yotgan hayvonga yanada yaqinroq bordi. Biz bilan uning orasida yigirma qadamcha qolgan edi.
Birdan Ned Lendning qo‘li kuch bilan havoda yarim aylana hosil etdi-yu, garpun uchib ketdi. Men bir narsa xuddi temirga urilganday jaranglagan tovush eshitdim.
Elektr yog‘du shu zahotiyoq o‘chdi va katta-katta ikkita suv ustuni to‘satdan kema ustiga tushib, odamlarni va boshqa duch kelgan narsani uloqtirib tashladi.
Qars etgan dahshatli ovoz eshitildi. Panjarani ushlab qolishga ham ulgurolmay, kemadan uchib ketdim.
Yettinchi bob
G‘ALATI KIT
To‘satdan yiqilib ketganimga qaramay, nima bo‘lgani aniq esimda. Oldin suvga cho‘ka boshladim.
Suzishni yaxshi bilganim uchun bu tasodifiy cho‘kishdan esankirab qolmadim.
Okean sathiga suzib chiqib, birinchi navbatda kemani qidira boshladim. Men yo‘q bo‘lib qolganimni sezishdimikin? Kapitan Faragut meni qidirish uchun qayiq tushirdimikin? Omon qolishga umid qilsam bo‘larmikin?
Qorong‘i bo‘lganiga qaramay, men sharq tomonda qandaydir qora bir narsani ko‘rdim. Turli belgilarni ifodalovchi chiroqlariga ko‘ra uzoqlashayotgan edi. Bu kema