Suv ostida sakson ming kilometr. Жюль Верн

Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Suv ostida sakson ming kilometr - Жюль Верн страница 7

Автор:
Жанр:
Серия:
Издательство:
Suv ostida sakson ming kilometr - Жюль Верн

Скачать книгу

o‘n yetti ming.

      – Shunchalik ko‘pmi?

      – Aslida esa atmosfera bosimi har bir kvadrat santimetrga bir kilogrammdan ortiqroq kuch bilan ta’sir etadi. U holda tanangizdagi o‘n yetti ming kvadrat santimetrli umumiy sathga o‘n yetti ming besh yuz oltmish sakkiz kilogramm kuch bilan ta’sir etadi.

      – Shuncha og‘irlik tushganini sezmaymanmi?

      – Ha, siz buni sezmaysiz. Bu katta og‘irlik sizni ezib qo‘ymasligining sababi shuki, ichingizdagi havo bu bosim bilan muvozanatlashadi. Shuning uchun siz hech narsani sezmaysiz. Ammo suvga tushguday bo‘lsangiz bu muvozanat yo‘qoladi…

      – Tushunyapman, – izohim qiziqtirayotganday so‘zimni bo‘ldi u. – Atrofimni suv o‘rab oladi, ammo tanamning ichiga kirmaydi!

      – Ha, balli, Ned. Shunday qilib, o‘ttiz ikki fut chuqurlikda o‘n yetti ming besh yuz oltmish sakkiz kilogramm bosim ostida bo‘lasiz; uch yuz yigirma futda bosim o‘n baravar oshadi, ya’ni bir yuz yetmish besh ming olti yuz sakson kilogrammga teng bo‘ladi. Uch ming ikki yuz futda u yuz baravar oshadi va bir million yetti yuz ellik olti ming sakkiz yuz kilogrammga yetadi va nihoyat o‘ttiz ikki ming futda ming baravar ko‘payadi va siz o‘n yetti million besh yuz oltmish sakkiz ming kilogrammlik bosim orasida bo‘lasiz. Boshqacha qilib aytganda, birpasda pachog‘ingiz chiqib, ulkan gidravlik bolg‘a ostidan chiqqanday, yupqa yaproqqa aylanasiz.

      – Yo tavba! – deya xitob qildi Ned.

      – Shunday qilib, azizim, agar bunday chuqurlikda uzunligi bir necha yuz metrli umurtqali hayvon yashay olsa, uning millionlab kvadrat santimetr tanasi juda ko‘p milliard kilogramm bosimga bardosh bera olishi kerak. Ana endi bu hayvonlarning shunchalik katta bosimda yashashlari uchun mushaklari qanchalik baquvvat va organizmlari qanchalik chidamli bo‘lishi kerakligini bir o‘ylab ko‘ring-a!

      – Bundan chiqdi ularning tanasi zirhli kema singari sakkiz duymli qalin temir bilan qoplangan ekan-a, – dedi kanadalik.

      – Juda to‘g‘ri, Ned. Ana endi suvda eng tez yurar poyezdlarimiz kabi tez harakat qila oladigan shunday hayvon kema bilan to‘qnashganda qanchalik zarar yetkazishi mumkinligini tasavvur qilib ko‘ring.

      – Ha… rost-a… – deya bu hisoblardan dovdirab g‘o‘ldiradi kanadalik hanuz taslim bo‘lgisi kelmay.

      – Xo‘sh, sizni ishontira oldimmi?

      – Siz meni, janob professor, bir narsaga – agar shunday hayvonlar haqiqatan ham okean qa’rida yashasa, ular juda kuchli bo‘lishlari kerakligiga ishontirdingiz.

      – Oh, qanday qaysar odamsiz-a! Agar ular okean qa’rida bo‘lmasa, «Shotlandiya» bilan bo‘lgan voqeaga nima deysiz?

      – Ehtimol,.. – dedi ishonqiramay Ned.

      – Ha, gapira qoling!

      – Ehtimol… bunday voqea bo‘lmagandir! – to‘ng‘illadi kanadalik.

      Biroq bu javob garpunchining qaysarligidan dalolat berardi, xolos. O‘sha kuni men uni ishontirishga boshqa harakat qilmadim. «Shotlandiya» bilan shunday voqea bo‘lgani aniq edi. Kema chinakamiga teshilgan edi. Hatto tuzatib olishga to‘g‘ri keldi. O‘ylaymanki, shunday maxluqning mavjudligiga bundan ortiq dalil axtarishning hojati bo‘lmasa kerak. Bu teshik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagani ham aniq. Ikkinchi tomondan esa kemaning suv ostidagi tosh yoki qoyaga borib urilgani to‘g‘risida so‘z bo‘lishi ham mumkin emas. Modomiki, shunday ekan, dengiz hayvonining dahshatli tishi borligini tan olishdan bo‘lak chora qolmaydi.

      Shaxsan men yuqorida bayon etilgan fikrlarga asoslanib, bu hayvonni umurtqalilar turkumiga, sutemizuvchilar sinfi va kitsimonlar guruhiga mansub, deb bilaman. Oilasi masalasiga kelganda uni kitlar, kashalotlar va delfinlar oilasiga qo‘shish lozim. Nihoyat, qaysi turdanligiga faqat kelajak javob berishi mumkin.

      Bu masalani hal etmoq uchun noma’lum maxluqni yorib ko‘rish kerak; yorish uchun esa avval uni tutish zarur; tutish uchun uni garpunlash lozim – bu Ned Lendga tegishli; garpunlash uchun uni ko‘rish kerak – bu butun ekipajning ishi; ko‘rish uchun uni uchratish kerak – mana bunisi endi tasodifga bog‘liq.

      Beshinchi bob

      KO‘R-KO‘RONA QUVISH

      «Avraam Linkoln» suza boshlagan dastlabki kunlarda hech qanday voqea ro‘y bermadi. Faqat bir kuni Ned Lend hayratomuz san’atini namoyish qilishiga juda qulay fursat kelib qoldi. Garpunchi ana o‘shanda unga bemalol ishonaverish mumkinligini amalda ko‘rsatdi.

      Falklend orollariga yaqinlashganda «Avraam Linkoln» Amerika kit ovlovchi kemasi «Monroe»ni uchratdi. Uning komandasi narval haqida hech narsa eshitmagan edi. Ammo «Monroe»ning kapitani «Avraam Linkoln»da mashhur Ned Lend borligini eshitib, quvib kelinayotgan kitni ovlashda yordam berishini so‘radi. Ned Lendning qanday ishlashini ko‘rishga ishtiyoqmand bo‘lgan kapitan Faragut garpunchiga «Monroe»ga o‘tishga ruxsat berdi.

      Kanadalikning omadi keldi. Bitta kit o‘rniga u ikkitasini garpunladi. Birinchisini yuragiga garpun sanchib, o‘sha zahotiyoq o‘ldirdi, ikkinchisini esa bir necha minut ta’qibdan keyin saranjomladi.

      Vaqti soati kelib bahaybat maxluq Ned Lendning garpuniga duchor bo‘lsa, undan tirik qutulishi amrimahol!

      Kema juda katta tezlik bilan Amerikaning janubi sharqiy sohillari bo‘ylab suzar edi. 3-iyulda biz Magellan bo‘g‘ozining kiraverishidagi Dev buruniga yetib keldik.

      Biroq kapitan Faragut bu ilon izi bo‘g‘ozni chetlab o‘tib, Gorn buruni tomon yo‘l oldi.

      Ekipaj uning bu ishini yakdillik bilan ma’qulladi.

      Darhaqiqat, narvalni bu tor bo‘g‘ozda uchratish ehtimoldan uzoq edi. Ko‘p matroslar bahaybat maxluq «Magellan bo‘g‘ozidan o‘tishga semizlik qilib qoladi» degan fikrda edilar.

      6-iyul kuni tushdan keyin soat uchga yaqin «Avraam Linkoln» Amerika qit’asi tugaydigan joyda tashlandiq bo‘lib qolgan va gollandiyalik dengizchilar o‘zlarining jonajon shaharlari sharafiga Gorn buruni deb atashgan o‘sha yolg‘iz orolcha, o‘sha qoyani aylanib o‘tdi. Kema shimoli g‘arb tomonga yo‘l oldi va uning vinti Tinch okean suvlarini ko‘pirtira boshladi.

      – Ko‘z-quloq bo‘lib tur! Ko‘z-quloq bo‘lib tur! – deyishardi «Avraam Linkoln» matroslari.

      Ular chindan ham ko‘z-quloq bo‘lib turishar edi. Ikki ming dollar mukofotning daragini eshitib, qiziqib qolgan odamlar okean sathidan sira ko‘z uzmas edilar. Ko‘zlar va durbinlar kecha-yu kunduz bir sekund ham tinim bilmas edi.

      Niktaloplarning – kechasi ham kunduzdagidek aniq ko‘ra bilish qobiliyatiga ega bo‘lgan kishilarning mukofotni olishga hamma qatori ko‘radiganlarga nisbatan ikki baravar ko‘proq imkoniyatlari bor edi.

      Garchand mukofot meni qiziqtirmasa-da, kun bo‘yi dengizdan ko‘z uzmay, qarab turar edim. Sutkasiga uch-to‘rt soatgina uxlab, naridan beri ovqatlanib olib, qolgan vaqtimni qimir etmay palubada o‘tkazar edim.

      Goh kemaning old tomonidagi panjaradan engashib, goh kema quyrug‘iga kelib, ko‘zim ilg‘agan joygacha eshkak vallaridan har tomonga sachrayotgan bir xildagi ko‘piklarga suqlanib boqar edim.

      Ko‘pincha ufqda kitning qorasi ko‘zga chalinib qolar, shunday paytlarda

Скачать книгу