Suv ostida sakson ming kilometr. Жюль Верн

Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Suv ostida sakson ming kilometr - Жюль Верн страница 3

Автор:
Жанр:
Серия:
Издательство:
Suv ostida sakson ming kilometr - Жюль Верн

Скачать книгу

kishilar mendan hammani hayajonlantirayotgan shu masala yuzasidan o‘z mulohazalarimni aytib berishimni so‘rashdi. Fransiyadan ketishimdan biroz oldin «Okean tubining sirlari» nomli ikki tomlik kitobimni chiqargan edim. Ilmiy jamoatchilik tomonidan yaxshi kutib olingan bu kitob menga birmuncha kam o‘rganilgan tabiiyot tarixi sohasida mutaxassis degan nom olish huquqini berdi.

      Mendan o‘z fikrimni aytishimni qat’iy iltimos qila boshlashdi. Turli bahonalar bilan men bundan bosh tortib yurdim. Ammo «Nyu-York axboroti»ning qaysar reportyorlari hol-jonimga qo‘ymagach, gazetxonlarga okeandagi g‘aroyib voqealar haqidagi mulohazalarimni aytib berish uchun va’da berishga majbur bo‘ldim.

      Mana, nihoyat 30-aprelda gazetada professor Pyer Aronaksning batafsil maqolasi chiqdi va unda bahaybat maxluq haqidagi masala har tomonlama yoritilib, ma’lum bo‘lgan barcha faktlar ilmiy nuqtayi nazardan baholandi.

      Shu maqoladan parcha keltiraman:

      «Shunday qilib, – deb yozdim men ilgari surilgan barcha taxminlarni birma-bir keltirib, – aqlga sig‘adigan boshqa biror taxminga asoslana olmasligimiz tufayli, bahaybat maxluqni juda kuchli dengiz hayvoni deyishdan bo‘lak ilojimiz yo‘q.

      Juda chuqurlikdagi okean hayoti bilan biz mutlaqo tanish emasmiz. Hech qanaqa burg‘i hali u yerga yetgani yo‘q. Bu tubsiz chuqurlikda nimalar bo‘lyapti? U yerda qanday mavjudotlar yashayapti, dengiz sathidan o‘n ikki-o‘n besh ming metr chuqurlikda11 qanaqa mavjudotlar yashay oladi? Bu mavjudotlarning tuzilishi qanaqa? Bu haqda hatto biror taxmin ham aytish qiyin.

      Bu masalani ikki yo‘l bilan yechish mumkin: yo yer yuzidagi barcha mavjudotlar bizga ma’lum, yoki ulardan faqat ayrimlari ma’lum.

      Bordi-yu, planetamizda yashayotgan barcha mavjudotlarni bilmasak, tabiatning hali bizga noma’lum sirlari bo‘lsa, unda baliq yoki dengiz sutemizuvchilarining juda chuqurlikda o‘z qonun-qoidalari bilan yashayotgan va bizga ma’lum bo‘lmagan turlari va nasllari borligini inkor etishga asosimiz yo‘q. Bunday mavjudotlar okeanning tadqiqotchilar yeta olmaydigan quyi qatlamlarida yashashlari va biror noma’lum ta’sir ostida yoki hech qanday sababsiz vaqt-vaqti bilan suv sathiga suzib chiqishlari mumkin.

      Aksincha, bordi-yu, tirik mavjudotlarning barcha turlari bizga ma’lum bo‘lsa, unda biz o‘rganayotgan bahaybat maxluqni turkumlarga ajratilgan dengiz hayvonlari qatoriga qo‘shmog‘imiz kerak. Bunday taqdirda men juda ulkan narval12 mavjud degan fikrni ilgari surardim.

      Oddiy narvalning bo‘yi ko‘pincha o‘ttiz futga yetadi. Ana shu uzunlikni beshga, o‘nga ko‘paytiring, uning kattaligiga qarab qoziq tishida qancha kuch bo‘lishi mumkinligini chamalang va shunda sizni tashvishlantirayotgan jumboqqa javob olasiz. Bu hayvon «Xanaan» ofitserlari aytgan hajmga teng keladi, qoziq tishlari «Shotlandiya» korpusidagiday shaklda tesha oladi, uning paroxodni okean tubiga cho‘ktirishga yetarli kuchi ham bo‘ladi.

      Chindan ham narvalning o‘ziga xos qoziq tishi, yoki ayrim tabiatshunoslarning tili bilan aytganda, alebardasi bor. Bu alebarda po‘latdek qattiq bo‘ladi. Ana shunday alebardalarni narvallar bilan jangda ko‘pincha mag‘lubiyatga uchraydigan kitlarning tanasidan bir necha marta topib olishgan. Bir yonidan kirib, ikkinchi tomonidan teshib chiqqan ana shunday alebardalarni yog‘och kemalarning korpusidan mashaqqat bilan sug‘urib olishgan.

      Parijdagi meditsina fakultetining muzeyida uzunligi ikki-yu chorak metr keladigan alebarda bor. Bu alebarda o‘zak tomonining yo‘g‘onligi qirq sakkiz santimetr.

      Shunday qilib, oddiylaridan o‘n baravar katta va juda ulkan alebarda yoki qoziq tishli narvalni ko‘z oldimizga keltiramiz, soatiga yigirma dengiz milyasi tezligida yura oladi, deb faraz etamiz, uning jismini tezligiga ko‘paytiramiz, ana shunda u bilan to‘qnashgan har qanaqa kemaning ham halokatga uchrashi sizni taajjublantirmaydi!

      Pirovardida shuni aytmoqchiman: hozircha boshqa batafsilroq ma’lumotlar yo‘q ekan, men bu bahaybat maxluqni oddiy alebardali emas, balki usti po‘lat bilan qoplangan, kemaday mustahkam va kuch-quvvatda ham undan qolishmaydigan haqiqiy taranli narval deb hisoblayman!

      Bu kamdan kam uchraydigan g‘aroyib voqeani… agar u darhaqiqat chin bo‘lsa, faqatgina shunday izohlash mumkin. Buning o‘zi hali tadqiq etishga muhtojdir».

      Ana shu so‘nggi ibora qo‘rqoqlik orqasida yozilgan: men buni olimlik mavqeyimni saqlash va amerikaliklar oldida kulgi bo‘lishga turtki bermaslik uchun yozdim. Shunday qilib, men bu bilan o‘zimni oqlash chorasini topib qo‘ygan bo‘lsam ham, ammo bahaybat maxluqning mavjudligiga hech qanday shubham yo‘q edi.

      Mening maqolam keng tarqalib, katta shovshuvlarga sabab bo‘ldi. Hatto unga bir qancha tarafdorlar ham to‘plandi. Jumboqni hal etmoq uchun unda keltirilgan dalillar tasavvur qilib ko‘rishga katta imkoniyat berdi. Odamlar g‘ayritabiiy narsalarni o‘ylashni yaxshi ko‘rishadi. Dengiz esa, darhaqiqat, juda ulkan mavjudotlarning o‘sishi uchun sharoit yaratib bera oladigan birdan bir qulay muhitdir. Yerdagi fil va karkidon singari yirik mavjudotlar ular oldida arzimagan gap. Sutemizuvchilarning kit singari eng yirik namunasi ham dengizda yashaydi. Nega endi o‘sha yerda bahaybat molluskalar, uzunligi yuz metr keladigan dahshatli qisqichbaqasimon omarlar yoki har birining vazni ikki yuz tonnagacha yetadigan qisqichbaqalar yashashi mumkin deb faraz qilmas ekanmiz. Oldingi geologiya davrlarida to‘rt oyoqlilar, to‘rt qo‘llilar, qushlar va o‘rmalovchilar juda ulkan bo‘lganlar. O‘n yillar, yuz ming yillardan keyingina ular hozirgi hajmgacha kichrayganlar.

      Yer qatlami doimiy o‘zgarishda bo‘lib tursa-yu, shu davr mobaynida dengiz tarkibi o‘zgarishsiz qolsa, nega endi unda hayvonot olamining oldingi geologik davrlardan namunalar saqlanib qolmas ekan?! Nega endi dengiz o‘z qa’rida umrlari yillar bilan emas, balki asrlar yoki ming yillar bilan o‘lchanadigan ana shu dastlabki bahaybat mavjudotlarning so‘nggi namunalarini saqlamagan bo‘lsin?

      Sirasini aytsam, shirin xayolga berilib ketdim. Lekin bu haqda boshqalarga nisbatan kamroq o‘ylardim.

      Yana qaytaraman, bu ajoyib hodisaning tabiati to‘g‘risida boshqa bahs-munozara bo‘lmadi. Jamiyat ertaklardagi dengiz ilonlariga sira aloqasi bo‘lmagan qandaydir juda katta hayvonning borligiga ishondi.

      Biroq ba’zilarga bu masala ilmiy nuqtayi nazardan qiziq bo‘lib ko‘rinsa, okean kemalarining xavfsizligidan manfaatdor inglizlar va amerikaliklar oldida dengizni bu xavfli maxluqdan tezda xoli etish uchun zarur choralar ko‘rish masalasi turar edi.

      Moliya va savdo masalalari bilan shug‘ullanuvchi matbuot endi bahaybat maxluq bilan bog‘liq bo‘lgan masalaga faqat shu nuqtayi nazardan yondasha boshladi. «Dengiz sharhlovchisi», «Lloyd gazetasi», «Paketbot», «Dengiz savdosi gazetasi» kabi katta ziyon ko‘rish xavfi tug‘ilib turgan sug‘urta jamiyatlarining mana shu barcha matbuot organlari bahaybat maxluqqa qarshi shafqatsiz urush e’lon qilishni yakdillik bilan talab eta boshladilar.

      Jamoatchilik, birinchi navbatda shimoliy amerikaliklar fikri sug‘urta jamiyatlari tomonida edi. Nyu-Yorkda narvalni ovlash uchun ekspeditsiya tayyorlay boshladilar. Bu ekspeditsiya uchun tezyurar «Avraam Linkoln» harbiy kemasini shaylashga qaror qilindi.

      Harbiy qurol-yarog‘lar tayyorlanadigan barcha yerlarning eshiklari, qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin, tezroq suzib ketishga harakat qilayotgan shu kema komandiri kapitan Faragut uchun keng ochib qo‘yildi. Ammo shunday paytlarda odatdagiday, maxluqni qidirib borishga qaror qilingan zahoti aksiga olib, u ko‘rinmay ketdi. Ikki oy davomida u haqda hech kim hech nima eshitmadi. Bironta kema uni uchratmadi. go‘yo narval unga qarshi yurish boshlanishini sezganday edi. Atlantik okeani suvosti kabellari orqali shu qadar ko‘p gapirildiki!.. Hazilkashlar mug‘ambir narval juda ko‘p telegrammalardan birini olib, shosha-pisha iniga kirib ketdi, deb kulishdilar.

      Shunday

Скачать книгу


<p>11</p>

Okeanning eng chuqur yeri 10000 metrdan ortiqroqdir (Tinch okeanda); 12000–15000 metr chuqurlik esa yo‘q.

<p>12</p>

Narval – kitsimon sutemizuvchi yakkashox dengiz hayvoni. Urg‘ochi narvallarning chap jag‘ining yuqori qismida katta qoziq tishi bo‘ladi.