Suv ostida sakson ming kilometr. Жюль Верн
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Suv ostida sakson ming kilometr - Жюль Верн страница 28
Agar Erembergning, suvning chuqur qatlamlari yorug‘lik taratadi, degan taxminini to‘g‘ri deb bilsak, unda tabiat suv qa’ridagi aholiga misli ko‘rilmagan go‘zal manzarani tomosha qilishni in’om etibdi. «Nautilus»ning oynasidan yorug‘likning suvdagi jilosiga qarab bunga imonim komil bo‘ldi.
Salonning har ikki tomonidan ko‘z ko‘rmagan va tadqiq etilmagan olamga bittadan oyna ochilgan edi. Salondagi qorong‘ilik tashqaridagi yorug‘likni yanada yorqinroq ko‘rsatar va biz akvariumning ulkan oynasidan qarayotganday edik.
«Nautilus» xuddi bir joyda to‘xtab turganday edi. Ko‘z oldimizda suzib ketayotganimizni ko‘rsatadigan bironta harakatsiz narsaning yo‘qligidan shunday tuyulardi. Biroq ahyon-ahyonda suvosti kemasi tumshug‘i taratgan suv irmoqchalari ko‘z oldimizdan juda katta tezlik bilan o‘tib turardi.
Biz zavq bilan hayratga tushganimizni qay so‘z bilan ifodalashni bilmay oynaga yopishgancha mahliyo bo‘lib turardik.
Birdan Konsel so‘z boshladi:
– Xo‘sh, og‘aynijon Ned, tomosha qilmoqchi edingiz shekilli? Ko‘ring endi!
– Juda ajib, diqqatga sazovor, – dedi kanadalik bu g‘alati manzarani ko‘rgach, o‘zining nafrati va qochish haqidagi niyatini ham unutib.
– Bu ajoyib manzara shuncha yo‘ldan kelib ko‘rishga arzir ekan!
– Kapitan Nemoning hayotini endi tushundim! – hayajonlanib gapirdim men. – U o‘ziga maxsus bir olam yaratib, uning mo‘jizalariga mahliyo bo‘lib, ulardan bahra olmoqda.
– Biroq baliqlar qani? – so‘radi kanadalik, – baliqlar ko‘rinmaydi!
– Sizga baribir emasmi, Ned? – javob berdi Kon-sel. – Axir ularni bilmaysiz-ku.
– Bilmaysiz deganingiz nimasi? Axir men baliqchiman-ku! – hayajonlanib qichqirdi Ned Lend.
Ikki do‘st o‘rtasida bahslashuv boshlandi. Ularning ikkisi ham baliqlarni bilishardi-yu, ammo har biri o‘zicha. Hammaga ma’lumki, baliqlar umurtqalilar turkumining birinchi sinfini tashkil etadi. Fan ularni juda aniq belgilab berdi: «Sovuq qonli, jabrasidan nafas oladigan va suvda yashashga moslashgan». Baliqlar ikki sinfchaga bo‘linadi: qiltanoqlilar, ya’ni orqa suyagi qiltanoqli umurtqadan iboratlari va kemirchaklilar, ya’ni orqa suyagi kemirchakli umurtqalilardan iborat bo‘lganlari.
Ehtimol, kanadalik baliqlarning bunaqa bo‘lini-shini eshitgandir ham, ammo, shubhasiz, Konsel bu haqda anchagina ko‘p narsa bilardi. Ned bilan do‘stlashib qolgani uchun unga ba’zi narsalarni astoydil ma’lum qilish maqsadida aytdi:
– Do‘stim Ned, siz baliqlarga dahshat solasiz, siz epchil va dovyurak baliqchisiz. Hayotingizda dengiz jonivorlarini ko‘plab tutgansiz. Ammo men garov o‘ynayman, siz ularni qanday tasniflashni tasavvur ham etolmaysiz.
– Bekorlarni aytibsiz, – dedi juda jiddiy ohangda kanadalik. – Baliqlar yeb bo‘ladigan va yeb bo‘lmaydiganlarga bo‘linadi.
– Bu yeb to‘ymaslar tasnifi, – deb kuldi Konsel, – qani, ayting-chi, qiltanoqli baliqlar bilan kemirchaklilar orasidagi farqni bilasizmi?
– Bilsam ham ajab emas.
– Shu sinflarning qismlarga bo‘linishini-chi?
– Yo‘q, bundan xabarim yo‘q!
– Unday bo‘lsa quloq soling, Ned, unutmang. Qiltanoqli baliqlar olti guruhga bo‘linadi. Birinchi guruhi tikantukli baliqlar bo‘lib, ularning yuqori jag‘i yaxlit qimirlaydi hamda taroqsimon jabrasi bor. Bu guruh o‘n besh oilani, ya’ni bizga ma’lum bo‘lgan barcha baliqlarning to‘rtdan uch qismini o‘z ichiga oladi. Oddiy olabug‘a baliq shu guruhning namunasidir.
– Ancha mazali baliq, – deya luqma tashladi Ned Lend.
– Ikkinchi guruhi, – deb so‘zini davom ettirdi Konsel, – teshik pufaklilar. Ularning qorin suzgichlari qorinlarining tagida, ko‘krak suzgichlarining pastida bo‘lib, yelka suyaklariga birikmagan. Bu guruh besh oilani o‘z ichiga oladi va bularga chuchuk suvda yashaydigan baliqlarning ko‘pchiligi kiradi. Zog‘ora baliq va cho‘rtanbaliq shu oilaning namunasidir.
– Ffu,– dedi kanadalik irganganday,– chuchuk suvda suzadigan baliqlarni yoqtirmayman.
– Uchinchi guruhi, – dedi Konsel, – yumshoq tuklilar bo‘lib, ularning qorin suzgichlari ko‘krak suzgichlarining tagida va bevosita yelka suyaklariga birikkan bo‘ladi. Bu guruhda to‘rt oila bor. Bu guruh namunasi qalqon baliqdir.
– Mana bu ajoyib baliq! – deya xitob qildi garpunchi baliqlarga hamon faqat taom nuqtayi nazaridan yondashib.
– To‘rtinchi guruh, – uning gapiga e’tibor bermay davom ettirdi Konsel, – faqat ilonbaliqlar oilasidan iborat bo‘lib, ularning tanasi cho‘zinchoq, qorin suzgichlari yo‘q, qalin hamda ko‘pincha shilliq teri bilan qoplangan.
– Bemaza, – deya luqma tashladi garpunchi.
– Beshinchi guruhi, – dedi Konsel, – taram-taram jabralilar. Ularning jag‘lari yaxlit qimirlaydi, ammo jabralari uning aylanasi bo‘ylab taram-taram bo‘lib, ikkitadan joylashgan. Bu guruhda faqat birgina tikanlilar oilasi bor. Uning namunasi otbaliq.
– Ffu, yaramas! – xitob qildi kanadalik.
– Oltinchisi va so‘nggisi, – dedi Konsel, – tutash jag‘lilar bo‘lib, ularning jag‘ suyaklari jag‘ oralig‘iga qimirlamaydigan bo‘lib birikkan va tanglayning ko‘tarilgan joyi bosh suyak bilan birikkan. Bu guruhda ikki oila – qattiqterililar va tirjaygantoshlilar bor. Namunasi – oybaliq.
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «ЛитРес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию на ЛитРес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.