Капитан Грант болалари. Жюль Верн
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Капитан Грант болалари - Жюль Верн страница 6
Miss Grant esa qo‘llarini qovushtirib, bir og‘iz ham so‘z demay tingladi.
‒ O‘sha hujjat qani, xonim, o‘sha hujjat?! – deb so‘radi qiz, Elen hikoyasini tugatishi bilan.
‒ Hujjatlar hozir menda emas, jonginam, – deb javob berdi Elen.
‒ Endi yo‘qmi?
‒ Ha, mister Glenarvan otangizga bir nafi tegarmikin deb, hujjatlarni Londonga olib ketdi. Lekin men sizga hujjatning mazmunini so‘zma-so‘z aytib berdim-ku, uni qay usulda o‘qiganimizni ham aytdim. Deyarlik butunlay o‘chib ketgan bu uzuq-yuluq ifoda va so‘zlar orasidan dengiz to‘lqinlari bir necha raqamga insof qilibdi. Baxtga qarshi, uzunlik…
‒ O‘shasiz ham topsa bo‘ladi ularni, – deb qichqirib yubordi Robert.
‒ Albatta, mister Robert, – dedi Elen bolaning bunday qat’iyat bilan so‘zlashiga beixtiyor tabassum qilib. – Ko‘rib turibsizki, miss Grant, – deb u yana qizga tomon o‘girildi, – men u hujjat to‘g‘risida nima bilgan bo‘lsam, eng mayda ikir-chikirlarigacha – hammasi endi sizga ham yaxshi ma’lum.
‒ Ha, xonim, – deb javob berdi qiz, – lekin men otamning qo‘li bilan yozilgan xatlarni bir ko‘rsam degan edim!
‒ Ehtimol, bugun-erta mister Glenarvan uyga qaytib qolar. U qo‘lidagi hech qanday shubhaga o‘rin qoldirmaydigan bu hujjatni admiralteystvoga taqdim qilib, kapitan Grantni axtarish uchun darhol biror kema yuborilishiga erishmoqchi bo‘lib ketgan.
‒ Iloji bormikin buning! – deb yubordi qiz. – Nahotki, sizlar biz uchun harakat qilib yurgan bo‘lsangiz?
‒ Oppoq qiz, – deb javob berdi Elen, – biz tashakkurga arziydigan hech qanday ish qilganimiz yo‘q: bizning o‘rnimizda har qanday odam ham shunday qilgan bo‘lar edi. Ishqilib, hammamizning umidimiz puchga chiqmasa bo‘lgani! Albatta, sizlar erim qaytib kelguncha shu yerda qolasizlar…
‒ Xonim, men sizning marhamatingizni suiiste’mol qilmoqchi emasman. Axir biz sizga tamomi begona odamlarmiz…
‒ Begona! Yo‘q, jonim, siz ham, ukangiz ham bu uyda begona emassizlar! Men mister Glenarvan kelib, kapitan Grantning bollariga ularning otasini qutqazish uchun nima ishlar qilinajagini aytib berishini istar edim.
Bunday chin yurakdan qilingan taklifdan bosh tortib bo‘lmas edi. Miss Grant bilan ukasi mister Glenarvanning qaytishini kutib, Malkolm-Kestlda qoldilar.
To‘rtinchi bob
ELEN GLENARVANNING TAKLIFI
Elen kapitan Grantning bolalari bilan gaplashar ekan, admiralteystvo Glenarvanning iltimosini qanday qarshi olgani to‘g‘risida hech narsa demadi. Shuningdek, kapitan Grantning Janubiy Amerika hindulariga asir tushib qolgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida ham indamadi. Bola bechoralarni battar xafa qilib, ularning ota bilan ko‘rishish umidini qaytadan so‘ndirishning nima hojati bor! Buning biror foydasi ham tegmas edi. Shuni tushungan Elen miss Grantning savollariga javob berib bo‘lgach, endi o‘zi Meri Grantga uning hayoti to‘g‘risida savollar bera boshladi.
Meri Grantning ta’sirli va oddiy hikoyasi Elenning unga bo‘lgan mehrini yana ham oshirib yubordi.
Kapitan Grantning Meri bilan Robertdan boshqa bolasi yo‘q edi. Garri Grantning xotini Robertni tug‘ishda vafot qildi. Kapitan Grant o‘zining uzoqqa cho‘ziladigan dengiz safarlari vaqtida bolalarini o‘zining bir keksa mehribon xolavachchasiga topshirib ketar edi. Kapitan Grant o‘z ishini puxta bilgan, jasur dengizchi edi. Asli shotlandiyalik bo‘lgan ka pitan Shotlandiyada Pert grafligiga qarashli Dendi shahrida yashar edi.
Garri Grantning oldin kapitan yordamchisi, so‘ngra kapitan sifatida qilgan dastlabki uzoq safarlari muvaffaqiyatli o‘tdi. Robert tug‘ilgandan keyin oradan bir necha yil o‘tgach, u bir qadar mablag‘ egasi bo‘lib qoldi.
Butun Shotlandiyada uning dong‘ini chiqargan fikr ham kapitanning miyasida ana shunda tug‘ildi. Glenarvan va ba’zi boshqa kishilar kabi kapitan Grant ham Angliya Shotlandiyani asirlikka solgan deb hisoblar edi. Uning fikricha, Shatlandiyaning manfaatlari anglo-sakslarning manfaatlariga mos kelmas edi, shuning uchun u Tinch okeandagi orollardan birida Shotlandiyaning katta mustamlakasini vujudga keltirmoqchi edi. U o‘zining bo‘lajak mustamlakasiga mustaqillik bermoqchi edimi? Ehtimol. U o‘zining bu yashirin niyatlarini bitta-yarimtaga aytib qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin. Har holda, bu niyatlarini amalga oshirishda hukumat unga yordam bermadi. Yordam bermadigina emas, u kapitan Grantga turli vositalar bilan xalaqit bera boshladi. Lekin kapitan taslim bo‘lmadi. U o‘z vatandoshlariga murojaat qildi, o‘zining butun bor-yo‘g‘ini sarflab, «Britaniya» kemasini qurdi va saralangan komanda tuzib, Tinch okeandagi katta orollarni tekshirgani jo‘nab ketdi. Bolalarini esa xolavachchasi bo‘lgan keksa bir kampirning qo‘liga topshirdi. Bu 1861-yilda bo‘lgan edi. 1862-yilning may oyigacha, bir yil mobaynida u o‘zi to‘g‘risida xabar berib turdi. Lekin «Britaniya» 1862-yil iyun oyida Kalyaodan jo‘nab ketganidan keyin hech kim ular to‘g‘risida hech nima eshitmadi. «Dengizchilar gazetasi» ham kapitan Grantning taqdiri to‘g‘risida hech qanday xabar bosmadi.
Bu orada Garri Grantning keksa xolavachchasi to‘satdan vafot qildi va uning bolalari dunyoda yolg‘iz qoldilar. Meri Grantning yoshi o‘n to‘rtda edi, lekin jasur qiz og‘ir ahvolga tushib qolganidan qo‘rqmadi, ruhi tushmadi va butun diqqatini hali juda ham yosh bola bo‘lgan ukasiga qaratdi. Robertni tarbiyalash, o‘qitish kerak edi. Rejali, ziyrak, saranjom va qanoatli qiz o‘zi to‘g‘risida o‘ylamadi, kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay ishlab, ukasini tarbiyaladi, unga onalik qildi.
Yetim qolgan bolalar muhtojlik bilan mardona kurashib, Dendi shahrida yashadilar. Ularning ahilligiga kishining havasi kelardi. Meri faqat ukasi to‘g‘risida qayg‘urar va uning kelajakda baxtli bo‘lishini o‘ylardi. Bechora qiz «Britaniya»ning halok bo‘lganiga va otasining o‘lganiga ishonib qolgan edi. «Tayms» gazetasidagi e’longa tasodifan ko‘zi tushib qolganda, uning qanday hayajonga tushganini tasvirlab berish qiyin. Bu xabar uning so‘ngan umidlarini birdan jonlantirib yubordi.
Meri darhol harakat qilishga qaror berdi. Kimsasiz begona sohillarda halokatga uchragan kema qoldiqlari orasidan kapitan Grantning jasadi topilibdi, degan mash’um xabarni eshitishga ham rozi edi, hatto shunday xabar ham doimiy shubhalar va doim azob beruvchi noma’lumlikdan ko‘ra yaxshiroq edi.
Meri bor gapni ukasiga bildirdi. O‘sha kuniyoq kapitan Grantning bolalari Pertdan o‘tadigan poyezdga chiqdilar, kechqurun Malkolm-Kestlga yetib keldilar. Qanchadan-qancha ruhiy azoblardan so‘ng Merining qalbida qaytadan umid tug‘ildi.
Meri Grant Elen Glenarvanga ana shunday qayg‘uli hikoya so‘zlab berdi. Qiz bu uzoq sinov yillarida o‘zini qahramonona tutganini xayoliga ham keltirmay, oddiygina so‘zlar edi. Lekin Elen buni juda yaxshi tushundi, shuning uchun u qizning hikoyasini tinglar ekan, ko‘z yoshlarini yashirmas va kapitan Grantning bolalarini tez-tez quchoqlar edi.
Robert esa o‘zlarining qanday ahvolda qolganliklarini endigina tuygandek bo‘ldi. Opasining hikoyasini eshitar ekan, u Meriga ko‘zlarini katta ochib qarardi. Robert Merining uni deb nimalar qilganini, qanday azoblar chekkanini faqat endigina anglab yetdi va ortiq o‘zini tutolmay opasining bo‘yniga tashlandi va uni mahkam quchoqladi.
‒ Oh opajon! Aziz opajonim! – dedi g‘oyat hayajonlangan bola. Suhbat davom etar ekan, asta-sekin qorong‘u tushdi, bolalar juda charchaganini payqagan Elen gapni to‘xtatdi.