Mehrobdan chayon. Abdulla Qodiriy
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Mehrobdan chayon - Abdulla Qodiriy страница 7
– Kelsin-chi, hali. Tunovi kungi chiviq esingdan chiqdimi?
Mahmud javob beralmadi. Uning ko‘zida achchiq aralash qo‘rquv bor edi. Ra’no kichkina ukasi bag‘rida sufaga chiqib o‘lturdi. Mansur “Ra’nopa”sining yelkasiga suyanib, yo‘l ustida serrayib qolg‘an Mahmudga g‘olibona bir turda istehzo qilar edi. Mahmud bu holga ortiq chidab turolmadi. O‘zining yengilishga sababchi bo‘lg‘an Ra’nodan o‘ch olmoq maqsadida:
– Mullataning xotini, mullatning xotini… yey, yey, yey!
Ra’no kuldi:
– Qarab tur, qarab tur, sen adabsiz, – dedi va Mahmudga hujum qiladirg‘andek qo‘zg‘alib qo‘ydi.
– Bildim, bildim: mullataning xotini, mullataning xotini! – dedi Mahmud va ichkariga qarab qochti.
Ra’no kulimsirab Mansurga qaradi:
– Shundaymi, men mullataning xotinimi-a? – deb so‘radi. Mansur javob o‘rnig‘a yo‘lakka qaradi va so‘yunchi ichiga sig‘mag‘an holda sufaning zinasiga yugurdi va qichqirdi:
– Mullata, mullata telli, telli!
Ra’no ham yo‘lakka qarab qizarinib ketdi va oldig‘a tushib taribsizlangan sochini orqasig‘a tashlab tuzatindi. Yo‘lakda ko‘ringan yosh yigit (“mullata”) sufaning yo‘li bo‘yincha kelmakda edi. Qora chiviq beqasamdan harir to‘n kiygan mavzun qad Anvar birinchi qarashdayoq ko‘zga do‘ndiq va ko‘rkam ko‘rinar edi. Qora surmalik ko‘zi Ra’noda ekan, o‘ziga yugurib kelguchi Mansurga yo‘l ustida cho‘nqayib quchog‘ini ochti. Mansurning yuzidan o‘pkach, ko‘tarib sufaga yurdi. Anvarni qarshilamoq uchun bo‘lsa kerak, Ra’no ham o‘rnidan turib sufaning zinasiga yaqinlashdi. Va tabassum aralash – “Hormang‘“ dedi.
– Sog‘ bo‘ling.
Anvar sufaga chiqib, Mansurni yerga qo‘ydi. Kafshini yesha-yesha Ra’no tomong‘a engashib, o‘ziga talpinib turg‘an Mas’udning yuzidan o‘pti va uni Ra’nodan oldi. Mas’ud Anvarning qo‘lig‘a o‘tkach, sapchib guvrandi va qiyqirib tovlandi. Ra’no ikki qo‘lini uzatib “kel menga, kel” dedi. Mas’ud buralib Anvarning bag‘rig‘a siqildi. Kulishdilar. Anvar bolani o‘pib so‘ydi. Ra’no Mas’udni yandi: “Sen qarab tur, biji bola” dedi. Anvar bolani ko‘targancha ko‘rpachaga o‘lturdi. Chap tizzasiga Mansur yopishdi va uning yonig‘a Ra’no qo‘shildi… Shu yo‘sun ikki orada bir- muncha vaqt Mas’udni so‘yishdilar: Anvar bolani Ra’nog‘a bergandan keyin simobi shohi sallasini olib yostiqqa tashladi va ro‘ymoli bilan qop-qora bo‘lib chiqa boshlag‘an murtini tuzatdi. Ra’no qarshida tik turar edi.
– Tinchlikmi?
– Betinchlik, – dedi kulib Ra’no.
– Ayni muddao ekan bo‘lmasa… Ha, aytkandek, – dedi Anvar o‘lturgan sufasiga ishorat qilib, – bu kun joy katta soling‘an?
– Mehmon kelar emish.
– Yolg‘oning qursin, Ra’no, – dedi Anvar kulimsib, – qanday mehmon?
– Men qayoqdan bilay, qanday mehmon… fotihaga kishilar kelar emish, deb eshitdim.
– Fotihasi qanaqa?
– Bilmasam qanaqa?
Anvar o‘ylanib, yana kulimsidi:
– Sening fotihang bo‘lmasin?
– Menim qanday fotiham bo‘lsin, men hali tirikman.
– Teskariga burma, Ra’no, balki seni erga bermakchidirlar?
Ra’no qizarib turdi-da, yana gapni kulgulikka oldi:
– Meni kimga berar emishlar?
– Senimi? – dedi kulib Anvar, – seni xondan boshqa kim olsin?
Ra’no qo‘lidag‘i ukasiga qarag‘an holda:
– Siz shunga maslahat bersangiz… men qandog‘ qilay, – dedi va Mansurni chaqirdi, – tur Mansur, ketamiz.
Ra’noda achchig‘lanish namoyishi bor edi. Anvar Ra’nodagi bu o‘zgarishdan o‘ngg‘aysizliqqa tushdi:
– Ra’no, – dedi. Ra’no zinadan tushib boshlag‘an holda to‘xtadi, – chinini so‘zla, mehmon kelishi aniqmi?
– Mehmon kelishi aniq, ham keldi, – dedi Ra’no jiddiy.
Anvar ajablandi:
– Mehmon keldi?
– Keldi.
Anvar tevarakka qarandi:
– Qani mehmon?
Ra’no qo‘li bilan Anvarning o‘ziga ishorat qildi:
– Ana mehmon, – dedi.
Anvar kuldi:
– Me mehmonmi?
Ra’no jiddiy ravish bilan:
– Albatta, siz bizga mehmonsiz.
Anvar yana kuldi. Biroq uning bu so‘ngg‘i kulishida kuchlanish bor edi:
– Men sizga mehmonmi?
Ra’no kulimsib yer ostidan Anvarga qaradi va qo‘lidag‘i xarxasha qilib boshlag‘an bolani ovitish uchun tebrandi.
– Bilmasam…
Ra’noning yuzidan boyag‘i jiddiyat yo‘qolg‘andek edi. Anvar ham ma’noliq hazilni tashlab chin hazilga o‘tdi:
– Mehmonning qorni och, Ra’no, – dedi, – albatta qadrlik mehmon uchun tansiqroq taom pishirg‘andirsiz, deb o‘ylayman. Bu kungi taomingiz ismini lutfan marhamat qilsangiz edi.
– Mehmonning vazifasi, – dedi Ra’no javoban, – izzati bilan o‘lturish va oldig‘a qo‘yg‘an narsani maxtab-maxtab yeyishdir…
– To‘g‘ri aytasiz, otin bibi, – dedi Anvar, – biroq bu kungi mehmondorchilig‘ingiz ham kechagidek ugra bilan bo‘lsa, maxtab-maxtab qo‘lingizg‘a qaytarib berishim ham aniqdir.
Ra’no butun tovshini qo‘yib kulib yubordi:
– Bu kun qo‘g‘urma sho‘rbag‘a, – dedi Ra’no kulgi ichida, – qattig‘ non to‘g‘rab yeysiz, jaz o‘rnig‘a shalg‘am chaynaysiz.
– Ofarin, – dedi Anvar, – bu kungi mehmondorchilig‘ingizdan qariyb mamnun bo‘ladirg‘ang‘a o‘xshay-man. Agar mumkin bo‘lsa, shuni ham bilsamki, bu kungi shalg‘am sho‘rba katta otin bibining qo‘llaridan tanovul qilinadirmi yoki kichik otin bibining?
– Mehmon uchun buning farqi yo‘qdir…
– Biroz yanglishasiz Ra’nobonu, – dedi Anvar, – chunki qo‘ldan-qo‘lning katta farqi bor.
– Farqi