Mehrobdan chayon. Abdulla Qodiriy
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Mehrobdan chayon - Abdulla Qodiriy страница 11
Shu yo‘sun Salim bo‘yoqchining mavridsiz laylaklari ichida bemahal g‘urrak bo‘lib Anvar ham yashay boshladi. Bolalari ko‘paygan sayin Salim akaning ishi ham keyinga ketkanidek, kundan kun, ehtiyojdan ehtiyojg‘a o‘tib borar edi. Anvar uch yoshqa kirganda, besh yillardan beri Salim akaga yopishib olg‘an bobosir kasali uning yoqasidan olib yiqitishg‘a muvaffaq bo‘ldi. Ya’ni Salim aka qonsirab, darmonsizlanib yotib qoldi. Muolajaga pul kerak, mundan ham ilgari oilaning umumiy kasali bo‘lg‘an oziqqa ham shu narsa kerak. Salim bo‘yoqchi sarmoyasidagi nil, tuz va shunga o‘xshash dastmoyalarni sotib muolaja qildirg‘an bo‘ldi. Dard ancha ulg‘ayg‘an edi. Bu chiqimlar foyda o‘rnig‘a zarar keltirdilar. Do‘kon dastgohini sotib, ro‘zg‘or qildi. Bular ham bitkandan keyin bu oilaning og‘ir kunlari boshlandi. Ochliq, yalang‘ochliq, ayniqsa kasal boqish.
Shu qish ayniqsa qattiq kelgan edi. Sovuqdan saqlanish uchun ularning hozirliklari yo‘q. O‘pkasiga sovuq tegdirib Salim akaning to‘rtinchi bolasi o‘ldi. Ko‘klamga chiqar-chiqmas Salim bo‘yoqchining o‘zi ham dunyo bilan vido‘lashdi. Buning ustiga Anvar, yana ikki og‘asig‘a qizamiq toshib bir bola munda ham o‘lib berdi. Shu yo‘sun olti oy ichida Anorbibi eridan va ikki bolasidan ayrilib, to‘rt go‘dak orasida tirik beva bo‘lib qoldi. Nodiraning bo‘yi cho‘zilib qolg‘an, har nachuk bir joyini topib ketar, ammo uchta yosh bolaning ishi qiyin edi. Eridan bolalarning tarbiyasiga yararliq hech gap qolmag‘an, bir-ikkita xum, uch-to‘rtta mo‘ndi va shunga o‘xshash rezrov, boshqa bir balo ham yo‘q. Anorbibi mehnat bilan yashab, yetti-sakkizni tug‘ib, yoshi ham qirqlarg‘a borib, tusiga ajin kirib, keksaymasa ham qarimsiq bo‘lib qolg‘an, shuning uchun birartaga tegib olishi to‘g‘risida o‘ylash ham behuda.
Anorbibiga o‘xshash tul xotinlarning qiladirgan ishlari har kimga ham ma’lum: mahallada dasturxonchilik, boylar eshigida oqsochliq, hunarmandroq bo‘lsa – kinnachilik va hokazo. Anorbibi shu hunarlarning hamasiga ham qobiliyat e’lon qilib, bolalarini boqish fikriga tushdi. Va bu orada qizi Nodirani bir bo‘zchi bolasig‘a uzatib, yukini ham biroz yengillatdi.
13. TANIYSANMI, SHU JAJJI QIZNI?
Falakmi kajraftor, turmushmi bemaza, harholda Anvarlarning tole’i yana pastlik qildi. Bir kun Anorbibi biravnikida yumush qila turib to‘sindan og‘rib qoldi, bir soatning ichida tilidan ham ayrildi. Zanbilga solib o‘z uyiga keltirib tashladilar. Bolalarning fig‘oni falakka chiqdi. Kuyavi tabibga yugurdi. Natijada yurak falajiga yo‘liqqani ma’lum bo‘lib, shu kun kechasi hatto uch qo‘dagi to‘g‘risida bir og‘iz vasiyat qilolmay vafot etdi. Mozorg‘a eltdilar. Tobut oldida ikki og‘asi bilan olti yoshliq Anvar ham yig‘lab bordi.
O‘n bir yoshliq Temir, to‘qqiz yoshliq Qobil va Anvarlarni tarbiya qilish og‘irlig‘i Nodiraning ustiga tushdi. Marhuma onasining yodgorlari bo‘lg‘an bu uch bolani begonalar qo‘lida xor qilib qo‘yishni Nodira istamasa ham, erining faqirlig‘i bunga mone’ edi. Ta’ziya kunlari o‘tkandan keyin o‘g‘ulliqqa deb so‘rag‘anlarg‘a ikki bolani berib yubordi va Anvarni o‘zi bilan olib, onasining qaqir-ququrlarini bir aravaga ortib erining uyiga keldi.
Nodira onasi o‘rniga Anvarning boshini siladi, yuvib-taradi va Anvarning istiqboli uchun qayg‘urdi. Otasi va o‘z erining kasblariga yaxshi baho bermagani uchun Anvarni boshqa kishi qilmoq fikriga tushti. Uni o‘qutmoqchi, hatto madrasalarga yubormoqchi va shu yo‘sun mullaliq darajasiga yetkuzib, otasining uyiga charog‘chi qilmoqchi edi. Anvarni o‘zlari turg‘an mahalladan bir guzar nari bo‘lg‘an Solih maxdumning maktabiga berdi. Anvar «taxta»dan o‘qush boshladi, zehnining tiniqlig‘idan bo‘lsa kerak, o‘n bir yoshida savodi chiqayozdi. Biroq o‘qishda qancha baxtli bo‘lsa, peshanada o‘shancha baxtsiz edi. Shundog‘ki, Nodira ikki bolaliq bo‘lg‘an edi. Eri: «Ukangga yedirib-kiydiraymi yoki o‘z bolalaringnimi? Ukangni kishiga shogird berib yubor», deb Nodirani qistashg‘a turdi. Bechora Nodira og‘ir holda Anvarni kishiga shogird berib, o‘qushini zoye’ qilishg‘a ko‘zi qiymaydir, eriga muqobala uchun hech bir mantiq topolmaydir. Chunki erining holi o‘ziga ma’lum. Shu yo‘sun yana bir yil o‘tib, Anvar to‘g‘risida eri bilan achchig‘-tiziq bo‘lg‘an bir kun paranjisini yopinib ko‘chaga chiqdi va to‘g‘ri Solih maxdumning uyiga bordi. Shu vaqtlarda Solih maxdumning onasi Marg‘ilong‘a ketmagan edi.
Nodira Mohlar oyimg‘a yig‘lab hasrat qildi. Hamma sarguzashtlarini birma-bir so‘zladi. Shu bola uchun eridan chekkan izolarini chizib:
– Ulug‘ dargohlaringizga shu yatim bolaning umri zoye’ bo‘lmasmikin, o‘qushi juvanmarg qilinmasmikin, deb keldim. Bir parcha nonlaringizni ayamay, yatim boshini silasalaringiz, deb keldim, – dedi.
« Qush tilini qush biladir», deganlaridek, Nodiraning samimiy arzi bandachiligi Mohlar oyim bilan Nigor kelinning yuraklarini ezdi va shu onda Mohlar oyim maktabxonadagi bolalar ichidan Anvarni chaqirtirib oldi. Anvar kelishkan, do‘ndiq bola edi.
– Domlasi maqtaydirg‘an o‘zimning zehnlik bolam-ku,– dedi Mohlar oyim Anvarni ko‘rishi bilan va Nodira- ga taskin berdi.
– Xo‘b, qizim, xo‘b, pochchasi boqmasa boqmasin, men o‘zim boqaman, o‘qutib katta mulla qilaman.
Anvar pochchasining keyingi kunlardagi dag‘al muomalalari sababini o‘ylab, xafalanib yurar edi. Mohlar oyimning haligi so‘zi bilan masalaga tushundi va yatimona boshini quyi soldi. Bu holdan opasi ta’sirlanib, ko‘ziga yosh oldi.
– Yig‘lamang, juvon, – dedi Mohlar oyim, – yo‘qliq qursin – yo‘qliq. Pochchasi kambag‘al bo‘lsa, unda ham gunoh yo‘q, hamma gap taqdiri azaldan. Yaxshi: bu kundanoq bola siznikiga bormaydir, o‘z yonimda o‘g‘lim bo‘lib yotadir. Oting nima, katta yigit?
– Anvar…
– Oh, oting ham o‘zingga o‘xshash chiroylik ekan… Manovi do‘ndiq qizni taniyasanmi?
Shu o‘rtada o‘ynab yurg‘an olti yoshlar chamaliq Ra’no yugurib kelib, Mohlar oyimning bag‘rig‘a kirdi. Anvar o‘zidan ham do‘ndiqroq Ra’noga qarab kuldi:
– Ra’noxon, – dedi.
Mohlar oyim Ra’noni bag‘ridan chiqarib buyurdi:
– Bor, Anvar akangga salom qil!
Ra’no kelinlarcha Anvarga salom qildi va jazb qiling‘andek Anvarning yaqinig‘a borib to‘xtadi.
– Ko‘rish, Anvar! – dedi oyim.
Anvar Ra’noni bag‘rig‘a olib quchoqladi. Shu holda Mohlar oyim kulimsidi.
– Agar o‘lmasam, shu do‘niq qizimni berib, Anvarni o‘zimga kuyav qilaman.
Anvar uyalib bag‘ridag‘ini bo‘shatib yubordi. Xotinlar kulishdilar. Shu yo‘sun Nodira Mohlar oyimdan juda xursand bo‘lg‘ani holda uyiga qaytib ketdi.
O‘z uyida bir nonxo‘r ortishi maxdumga, albatta, yoqmas edi. Biroq, onasining ra’yini qaytarishdan ham ojiz edi. Shundog‘ ham bo‘lsa, “tomog‘i-ku, yengil, kiyimi og‘irroq. Kiyimini opasining