Mehrobdan chayon. Abdulla Qodiriy
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Mehrobdan chayon - Abdulla Qodiriy страница 13
Anvar uch haftagacha xatmi qur’on kechlari Muhammad Rajabbek uyiga kelib turar edi. Oxirg‘i xatmi qur’on kechi Muhammad Rajabbek Anvardan ahvol so‘radi:
– Domlangiz salomatmi?
– Shukur.
– O‘qushingiz yaxshimi?
– Birmuncha.
– Domlaning uyida turasiz?
– Taqsir.
– Siqilmaysizmi?
– Yo‘q.
– Ilmi hisob o‘qug‘aningiz bormi?
– Yo‘q, taqsir.
– Domlangiz ilmi hisobni bilurmikin?
– Bilmaslar deb o‘ylayman.
– Agar men bir domla ta’yin qilsam, hisob o‘quysizmi?
– Ustozim ruxsat bersalar, albatta o‘quyman.
– Xo‘b… bo‘lmasa erta kechka domlangiz shu yerga kelib, menga uchrashsin.
– Xo‘b, taqsir.
Ertasi kuni maxdum keldi, Muhammad Rajabbek maxdum bilan so‘zlashib, Anvarni o‘rda xizmatiga olish fikrida bo‘lg‘anlig‘ini, buning uchun arabcha, forsiychadan yana ham chuqurroq ma’lumot olishi lozimlig‘ini va hisob o‘rganishi kerakligini aytdi. Maxdum Muhammad Rajabbekning Anvarga munchalik marhamati uchun bir- oz shoshib qolsa ham, lekin bu mehribonchilik sababiga yaxshi tushunganligi jihatdan avvalo bekning yatimparvarligini, so‘ngra Anvarning zako va iste’dodini maxtadi. Anvarni odam qilish yo‘lida chekkan o‘z mashaqqatlarini ham shikoyat yo‘sunida so‘zlab chiqg‘ach, bu kunlarda ehtimomi tom91 birlan Anvarga fors va arabiydan dars berib turg‘anini va alhol ham Anvar forsiycha tazkira va tahrirlar yoza olishini bayon qilib, necha xil uzrlar ichida o‘zining ilmi hisobdan bahrasizligini bildirdi, ya’ni Anvarning ilmi hisob o‘rganishi uchun boshqa muallim kerak bo‘lur, dedi. Muhammad Rajabbek bu to‘g‘rig‘a o‘zi domla topmoqchi bo‘lib maxdumga ruxsat berdi.
15. MAXDUMNING BAXTI
Shu kundan boshlab Anvarning hayotida yangi sahifa ochiladir. Ya’ni maxdum Anvarga ilgarigicha – istiqboli qorong‘u bir yatim, deb qaramay, balki Anvar kabi o‘z o‘g‘li bo‘lmag‘anig‘a o‘kuna boshlaydir. Darhaqiqat, uning o‘kunishiga arziydirgan chigil masalalar ham tug‘uladirkim, masalan: Anvar o‘rda xizmatiga kirib qolsa, oyig‘a besh tillo, o‘n tillo naqdina daromad qilib tursa, bu mablag‘lar…
Shunday istiqboldag‘i bu “mablag‘lar” masalasi maxdumning ichini ari bo‘lib talaydir. “O‘n yoshdan beri o‘qutib, yedirib, kiydirib kelaman: albatta, daromad manim haqqim bo‘lur”, deb o‘ylasa ham, bu hukmidan o‘zi uncha rozi bo‘linqiramaydir. Harholda masala chigil…
Mohlar oyimning Ra’noni Anvarga berish to‘g‘risidagi “ahamiyatsiz” so‘zlari o‘sha vaqtlarda maxdumning ensasini qotirg‘an bo‘lsa, hozir shu haqda chinlab o‘yladig‘ina emas balki “haligidek Anvarning baxti ochilib ketsa, nima malomati bor. Yatimlik ayb emas, inson uchun fazl-u kamol lozim, kulib turg‘an baxt hojat, nasl-u nasabning hech ahamiyati yo‘q. Ra’noning husniga har kim ham tahsin qilur: Anvar albatta yo‘q demas… Bu borada mol va jonni bir qilishdan boshqa maslahat yo‘q”, degan qarorg‘a daf’atan kelib qoldi. Mundan birar oylar ilgari Nigor oyimg‘a: “Anvar balog‘atg‘a yetayozdi. Sen bilan Ra’noga shar’an nomahram, undan qochishlaring lozim”, degan bo‘lsa ham, bu buyruq hozirg‘acha amalga oshmag‘an edi va bundan keyin ham amalga oshmaydirg‘an bo‘ldi. Zero, maxdumning fikricha Anvarga og‘ir tuyulish ehtimoli bor edi…
Anvar Muhammad Rajab poygachi tarafidan belgilangan bir muftida hisob, insho (tahrir) qoidalarini o‘rgana boshladi. Maxdum ham jon otib arab va forsiydan ta’limni kuchaytirdi. Anvar bir yil ichida hisobni o‘rgandi. Va boshqa darslarida ham yaxshi muvaffaqiyat qozondi, ham shu ko‘klamdan e’tiboran har kun o‘rdag‘a borib, Muhammad Rajab munshiy qo‘l ostidag‘i mirzolar yonida daftardorliq, nomanavislik usullarini tajriba qila boshladi. Bir yil chamasi maoshsiz tajriba ko‘rdi. Shunda ham hafta sayin Muhammad Rajabbek o‘z kissasidan uch-to‘rt tanga choy puli berib turar edi. Anvar shu arzimagan uch-to‘rt tangani ham maxdumning qo‘lig‘a keltirib berar va hafta sayin o‘ziga ustozining umidini kattaroq bog‘latib borar edi.
Anvar bir yillik tajribada o‘rdadag‘i daftardorliq, forsiycha va turkcha nomanavislik92 hunarlarini tamoman deyarlik o‘r-ganib tajribalik mirzolar qatorig‘a kirdi. Sarmunshiyning og‘zidan chiqqan ma’noni tartibka solib noma, yorlig‘ yoki boshqacha bir tazkirani tahrir qila olar, mirzolar jumlani g‘alat ifoda qilib, sarmunshiydan aksar tanbeh eshitkanlarida, Anvar bunday tanbehka juda siyrak uchrar edi.
Ikkinchi yildan boshlab yetti tillo mohona93 bilan maoshliq mirzolar qatorig‘a o‘tdi. Mahonadan tashqari soliqlardan ham darxonliq94 qog‘ozi oldi. Soliqlardan darhonliq maxdumning ro‘zg‘orig‘a katta yengillik edi. Chunki so‘ngg‘i yillarda xonliq tomonidan xalq ustiga tushkan va tushib turg‘an soliqlar behad va to‘lab bo‘lmasliq edikim, bu haqda kelasi boblarimizda so‘z bo‘lur. Shu xursandlik barobarida birinchi oyning yetti tillosi yaxlit holda maxdumning qo‘lig‘a tegishi go‘yo to‘y ustiga to‘y edi. Domlaning yetti tilloni olg‘andag‘i holini tasvir qilish, albatta qiyindir; ko‘zlari g‘ilaylashqan, aftida qiziq o‘zgarish ko‘rilib, o‘g‘zining tanopi uzoq sayohatni ixtiyor qilg‘an – “habba… hosiling durust, Anvar bolam, lekin pulga ehtiyot bo‘l, bo‘tam!” – degan edi. Yetti tilloning qo‘ldan chiqish xabari Nigor oyimning qulog‘ig‘a yetishkach, Anvardan ranjidi: “Hamma, pulingni domlangg‘a chakki beribsan, Anvar, ustboshingni, ko‘rpa-yostig‘ingni, ortib qolsa Ra’no ukangning ustini tuzatishing kerak edi. Domlang tuflab tugishdan boshqani koshqi bilsa!” – dedi.
Maxdum yetti tillo “naqdina”ni olib qancha shodlang‘an bo‘lsa, o‘shanchalik tashvishka ham tushdi. Uning fikricha, zamona yomon, buzuqilar benihoyat; mumkinki, Anvarni o‘zidan aynatib og‘zi oshqa yetkanda, boshini toshqa tegdirsalar… Ra’noni Anvarga nikohlab boshini bog‘lab qo‘yaymi, deb o‘yladi. Biroq, Ra’no hali o‘n bir yoshda edi. Ikkinchi kun Anvar ishdan qaytib kelgach, maxdum uni boqchag‘a olib kirdi. Boqchadan kungay ham ko‘krak bir o‘runni ko‘rsatdi:
– Ana shu yerga senga atab bir uy, bir ayvon, oshxona va axtaxonasi bilan imorat solsam deyman… Habba, Anvar? – deb so‘radi. Anvar kuldi:
– Imoratka elli tillodan kam pul yetmaydir. Manim bo‘lsa bir pulim yo‘q. Bo‘ladirg‘ani ham fotiha berguningizcha albatta sizniki va oyimlarniki, – dedi.
– Habba… himmatingga! – deb yubordi maxdum, – albatta-ku, shunday va lekin o‘sha niyatlaringdan keyin boyag‘idek alohida pul yig‘sang deyman-da… Albatta, bu gap uch-to‘rt yilsiz emas-da.
Shu vaqt Ra’no narida bola ko‘tarib turar edi. Maxdum Ra’noni o‘z yonig‘a chaqirib,
91
92
Daftar va nomalar har ikki tilda yuritilar edi (
93
94