Mehrobdan chayon. Abdulla Qodiriy
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Mehrobdan chayon - Abdulla Qodiriy страница 15
17. ANVARNING ANDISHASI
Anvar Shahidbek bilan maxdumning so‘zlariga qarshi majhul bir vaziyatda bosh qimirlatib sufaga qaytdi. Ularning chiqib ketishlarini kutib turg‘andek ichki eshikdan Ra’no ko‘rindi. Har zamon titrab, uchib ketishka hozir turg‘an boshidag‘i sarig‘ atlas parchasini (ro‘ymolni) bir qo‘li bilan bosib ushlagan edi. Anvar Ra’noni shu holda ko‘rib, sufa yonidag‘i ochilg‘an gullar ustida to‘xtadi. Ra’no kelar ekan, o‘pkalik ko‘z bilan Anvarga kulimsib qarar edi. Kelib sufa labida turg‘an bo‘sh laganlarga taqildi.
– Bu kungi mehmondorchilig‘imizdan rozi bo‘lg‘an o‘xshaysiz, Anvar aka, – dedi qayrilib Ra’no.
– Juda rozi bo‘ldim, – dedi Anvar va Ra’noning yonig‘a keldi, – ayniqsa, sening qo‘ling bilan tugilgan mantilardan juda mamnun bo‘ldim, Ra’no.
Ra’no laganlardan qo‘lini olib, tirsagi bilan sufaga suyandi:
– Manim qo‘lim bilan tugilgan mantilarni qayoqdan bildingiz?
– Qayoqdan bildingiz? – deb Anvar kuldi, qo‘lida bir dona qashqar guli bor edi, – ayniqsa, sening qo‘ling nimaga tekkan bo‘lsa, men o‘shani darrav sezaman.
– Men tukkan mantilar qanday ekan?
– Tanimaydi deysanmi?
– Tanimaysiz.
– Choklari diqqat bilan chimtilgan, to‘rt burchagi ikkiga qovishtirilg‘an, do‘ndiq… tanimaydi, deb o‘ylaysanmi? Men nuqul sen tukkan mantilarni tanlab yedim…
– Mazaliq ekanmi?
– Mazaliq nima degan so‘z, – dedi Anvar, – mana shu qashqarning qizil guli yodingdami, biz bu gulni keltirib o‘tquzg‘an yilimiz pushti ranglik bo‘lib ochilg‘an edi. Ikki yil o‘tmay qizil tuska kirdi. Bilasanmi bu nimadan?
Ra’no Anvarning jiddiy qilib bergan bu savoliga tushunmadi:
– Oftob qizartirg‘andir.
– Yanglishasan, Ra’no, – dedi Anvar, – men bu gulning qizarish sirini ham bilaman, buning qizarishig‘a ham sen sabab, sening qip-qizil labing…
– Hazilni qo‘ying, – dedi shu guldek qizarg‘an Ra’no– Shahid semiz nima uchun kelgan ekan, sizni mirzoboshi qilmoqchilar shekillik?
– Bu gapni qo‘y, Ra’no, ishonmasang oynag‘a qara, sening labing bilan shu qizil gul rangi orasida farq bormi, mana, qara?..
Anvar tomonidan labiga tegizilgan guldan Ra’no o‘zini olib qochdi:
– Hazil o‘lsin… Sizni mirzoboshi qilmoqchilarmi?
– Meni har balo qilmoqchilar… Lekin bo‘lmag‘an so‘z.
– Nega bo‘lmag‘an so‘z, shaharga ovoza bo‘lg‘an emish-ku?
Anvar orqasi bilan sakrab sufa labiga oyoq solintirib o‘lturdi. Ra’no boyag‘icha uning yonida sufaga suyandi.
– Ovoza haqiqat emasdir.
– Shamol bo‘lmasa, terakning boshi qimirlamas emish. Balki sizni mirzoboshi ta’yin qilurlar.
– Meni mirzoboshi, ta’yin qilsalar yaxshimi, Ra’no?
– Yaxshimi, yomonmi, men qaydan bilay?
– Yomon, Ra’no.
– Nega yomon?
– Iflos ish. Agar boshqa kasb topsam, o‘rdani butunlay tashlab ketar edim.
– Iflos ish?.. Sizning bek pochchangiz ham shu xizmatni qilar edi-ku?
– Men bek pochcha bo‘lolmayman, Ra’no, o‘rdadag‘i to‘kulib turg‘an gunohsiz qonlar, doim tevarakdan eshitilib turg‘an oh-u zorlar manim yuragimni ezadir, tinchlig‘imni oladir. Yana men mirzoboshi bo‘lib qolsam, bu oh-u zorlarning, to‘kilgan ma’sum qonlarning ichida bilfe’l102 suzarman. Bu vaqt manim azobim bevosita bo‘lur. Balki bunda ishtirok ham qilarman. Chunki xong‘a yaxshi ko‘runish uchun ko‘b ishlarni uning istagicha ko‘rsatish, zulm pichog‘ini qayrab berish, shu mansabda uzoq yashamog‘imning asos shartidir. Lekin men bunday vijdonsizlik uchun yaratilmag‘an o‘xshayman. Madh-u sano, olqish va duo zamiriga yashiring‘an zulmdan faryod, haqsizlikdan dod ma’nolarig‘a malham bo‘lish, albatta manim qo‘limdan kelmas. Chunki “soyaboni marhamat” vijdon kengashiga quloq solg‘uchi “ahmoq”lardan emasdir. Dadangning fe’li senga ma’lum, Ra’no. Dunyoda “manfaat”dan boshqani ko‘rmaydir. Manim nima uchun bu mansabdan qochqanlig‘imning farqig‘a bormay, “kufroni ne’mat qilasan, oyig‘a falon tillo”, deb daf’atan qo‘rqoqlig‘img‘a hukm chiqaradir. Dadangga boyag‘i uzrlarni ko‘rsatish toshning qulog‘ig‘a azon aytish bilan bir bo‘lg‘ani uchun sukut qildim. Agar orada bir kishi bo‘lmasa edi, garchi, bosh mirzoliq hozir bir xayol ersada, o‘shanda ham shu ovozag‘a bo‘yin sunmas edim, Ra’no.
Ra’no Anvarning ko‘ziga to‘g‘ri tikilib, so‘zni tingladi. Uning tusida Anvarga achinish vaziyati bor edi:
– Yaxshi niyat bilan mirzoliqni qabul qilsangiz, – dedi, – aholidan yordam qo‘lingizni yig‘masangiz, shu holda barcha gunoh sizning bo‘yningizdan soqit bo‘ladir, Anvar aka.
– To‘g‘ri, – dedi Anvar, – lekin gap bunda emas, Ra’no, men shunday bo‘lishini tilar edim. Boshqalar men tilagancha qilmaydilar, binoan alayhi, mas’uliyat manim bo‘ynimdan soqit bo‘ldi, deb tinchlanish mumkin emasdir. Sen tamoman boshqacha tushungan bir masala, sening harakating va istaging aksicha natijalanib tursa, ruhan ezilasan, vijdonan azoblanasan. Mana asli mushkilot shu nuqtadadir. Yo‘qsa gardandan soqit qilib qo‘yish har narsadan ham qulay vazifa, ammo ma’naviy mag‘lubiyat og‘ir masala, Ra’no.
Ra’no Anvarning maqsadig‘a tushundi shekillik, bir necha vaqt jim qoldi va qarshisidag‘i yigitning o‘ychan yuziga bir-ikki qarab oldi.
– Demak, mirzoboshiliqni qabul qilmaysiz?
– Agar topshirsalar, qabul qilaman.
– Shunchalik mushkilot ichida?
– Chunki otang buni mendan talab qiladir.
– Otamning qanday biyligi bor?
Ma’sum bu savoldan so‘ng Anvar entikib qo‘ydi va Ra’noni bir fursat ko‘zdan kechirib turdi:
– Juda katta biyligi bor, – deb yana entikdi.
Ra’no qaytib so‘ramadi. Go‘yo ul ham bundagi biylikka tushungan edi. Sekingina laganlarga qo‘lini yuborib, Anvarga bo‘shtobroq qaradi:
– Choy ichasizmi?
– Keyinroq
102