Qasoskorning oltin boshi. Xudoyberdi To‘xtaboyev
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Qasoskorning oltin boshi - Xudoyberdi To‘xtaboyev страница 6
Lekin, bari bir Namozboy bilan bir uchrashish orzusida yurgan ekan, ayniqsa Akromqulning otasi ko‘rmoqchi ekan. Uch-to‘rt mo‘ysafid uning uyiga borib, «Siz har qalay o‘rus to‘ralar bilan yaqinsiz, oq podshoning saroyiga ham borib kelgansiz, o‘tin puli degan gap qayoqdan chiqdi. Shuni bizga bir haqiqat qilib bering», deb maslahat olmoqchi bo‘lib turishgan ekan.
– Xo‘p desangiz, polvon aka, to‘ppa-to‘g‘ri Qorateriga ketaveramiz, – dedi Akromqul, – lekin, otam juda xursand bo‘lardi-da.
– Keyinroq boramiz, – deb qo‘ydi Namoz. – Avval bularni bir tabibga ko‘rsatib olay.
Yerli aholi «Mujik qishloq», ruslarning o‘zi «Pervomayskaya» deb ataydigan bu chiroyli va sarishta qishloqcha bundan o‘ttiz to‘rt yil muqaddam, ya’ni 1870-yilning 1-may kunidan boshlab bunyod bo‘la boshlagan. O‘sha kuni bu yerga Rossiyaning ichkari tomonidan yetmish xo‘jalik ko‘chmanchi kelib tushgan. Atrof qumtepaliklar, botqoqlig-u qamish bosgan sho‘rxok yerlardan iborat edi. Dastlabki uylar qamishdan qurilgan, hali-hali odamlarning esida. Keyinchalik tekis, ravon yo‘llar ochilib, aravalarda, tuyalarda shag‘al keltirib to‘kildi, g‘isht xumdon ishga tushib ketdi. Birin-ketin chiroyli imoratlar, qo‘ng‘irog‘i hamisha jaranglab turadigan mo‘jazgina cherkov qad ko‘tardi. Hozir bu yerda g‘allakorlik, bog‘bonlik va qisman ovchilik bilan shug‘ullanadigan mujik xonadonlaridan tashqari Dahbed, Shahob, Qorateri, Kumushkent bo‘lislarida turli lavozimlarda ishlaydigan rus to‘ralarining oilalari, o‘ttiz chog‘liq rus askari istiqomat qiladi.
Namozboy qora tortib kelayotgan Sergey Stepanovich Ryabov (mahalliy odamlar uni Sergey tabib deb atashadi), bu yerga badarg‘a bo‘lib kelgan, qattiq nazoratda yashaydi; rus maktabida muallimlik qiladi, tabobat bilan shug‘ullanadi. Yakka-yolg‘iz turadi, xiyla asabiy, jahldor bir kishi. Yoz oylarida Urgut tog‘lariga chiqib ketib, dorivor giyohlar yig‘adi. Qishloqma-qishloq yurib o‘zbek urf-odatlarini o‘rganadi. Kitoblar yozadi. O‘zbek tilini chala-chulpa bo‘lsa ham bilib olgan. Namoz u bilan marhamatli Ivanboyning xotini kasal bo‘lganda tanishgan, o‘shandan buyon bordi-keldilari bor. Sergey tabib Namozni rus tilini yaxshi bilib olgani, halol va rostgo‘yligi uchun xush ko‘rib qolgan. Namoz unga o‘rdak, qashqaldoq, ba’zan to‘ng‘iz otib kelib beradi, ko‘pincha unikida tunab ham qoladi. Qaytayotganida bir xurjin sochma o‘q olib ketadi.
Sergey tabib atrofi qamish bilan o‘ralgan torgina hovli o‘rtasida qurilgan so‘rida g‘ijjak chalib o‘tirgan edi. Eshikdan ketma-ket kirib kelayotgan mehmonlarga ko‘zi tushgach, mashg‘ulotini to‘xtatib, o‘rnidan turdi:
– Namozboymisan? – deb so‘radi o‘zbekchalab.
– Xuddi o‘sha sartman, – o‘rischa javob qaytardi Namoz.
– Xudo haqqi, sho‘rvani kim bilan ichar ekanman, deb o‘tirgan edim, – endi o‘rischalab gapira boshladi Sergey tabib. – Lekin, kelganing yaxshi bo‘ldi-da.
– Bemorlarni olib keldim.
– Jiyanlaringmi? – bolalarga tikilib qoldi Sergey tabib, Namoz ruschalab yetimlarni qayerdan olib kelayotganini aytgan edi, Sergey tabib negadir tutaqib ketdi. Kimlarnidir g‘azablab, vozillagancha uyga kirdi-yu, o‘sha yerdan turib qichqirdi:
– Olib kel buyoqqa!
Uzoq tekshirdi u bemorlarni. Keyin xona o‘rtasida tik turib, bir nafas o‘y surib qoldi.
– Chatoq!
– Og‘irmi? – qo‘rqib so‘radi Namoz.
– Lekin oldini olsa bo‘lar deyman… Qoni buzilmagan bo‘lsin-da.
– Bechoralarning hech kimi yo‘q, – siniq bir ovozda dedi Namoz.
– Muncha ezmalik qilding, o‘zim ham bilib turibman, – jerkib berdi Sergey tabib, – burga tepkurlar… Bolalari mana bu ahvolda-yu, o‘zlari xotin olib, xotin qo‘yishadi, o‘n besh kunlab to‘y berishadi, qimor o‘ynashadi!.. Senga o‘xshagan oliftalari bo‘lsa, ovdan bo‘shamaydi.
Sergey tabib oyog‘i ostidagi chelakni taraqlatib tepdi-yu, tashqariga chiqib ketdi. Xiyol o‘tmay, yana orqasiga qaytdi. Xayriyat, hovridan tushibdi, jilmayib kirib keldi.
– Mana bu doridan Hayitning yarasiga surkaysan, kuniga bir marta bo‘lsayam yetadi, ko‘p surtma – kuydirib yuboradi… Mana bu qiltiriqning oti nima?
– To‘xtashvoy.
– To‘xtashing qattiq shamollagan, o‘pkasida bod bor. Ovqatsiz yuraverib, sillasi qurib ketgan… Haliyam tustovuq otib turibsanmi?
– Otib turibman.
– Uyda sandal bormi?
– Qursa bo‘ladi.
– O‘rik o‘tin topiladimi?
– Uning ham bir ilojini qilsa bo‘ladi.
– Menga qara, – yana qizisha boshladi Sergey tabib, – bari bir eplolmaysan. O‘ldirib qo‘yasan bolani. Senlar bola tug‘dirishga ustasanlar-u, katta qilishni xudoning o‘ziga havola qilib, yallo qilib yuraverasanlar… Bahordan buyon bu bechoralardan qanchasi qirilib ketdi! Tashlab ket, ikkovini ham, o‘zim boqaman, faqat kunora xabar olib tur. Kelishdikmi?
– Kelishdik.
– Kelishdik emish-a!.. Menga bitta bo‘rsiq otib kelib berasan. Ikkoviga ham o‘shaning yog‘i juda dori bo‘ladi.
Sho‘rva ichayotganlarida Sergey tabib ancha yayrab o‘tirdi. Mung‘ayib bir ahvolda bo‘lib o‘tirgan yetimlarni erkalab, orqalariga qoqib qo‘ydi. Ruscha, o‘zbekcha, tojikcha so‘zlarni aralash gapirib, ikkov bolani rosa qiqirlatib kuldirdi. Namoz ertadan kechikmay bo‘rsiq bilan boshqa har xil yovvoyi parrandalar otib kelishga so‘z berib uy egasi bilan xayrlashdi. Chiqsa, aravakash Akromqul ho‘ naridagi tollar tagida kutib ot ustida mudrab o‘tirgan ekan.
Jarqishloqqa jo‘nab ketishdi.
IV bob
PAXSAKASHLAR
Jarqishloq bu atroflardagi Qo‘shqo‘rg‘on, Eshimoqsoq, O‘klon, Cho‘michli, Toymurod qishloqlari orasida eng go‘zal, qishloqning shundaygina ostidan shovullab Qiyot arig‘i oqib yotadi. Qishloq ming tanobcha keladigan ulkan tepalik ustiga joylashgan. Bu yerdan Jiyanbek cho‘llari kaftda turgandek ko‘rinib turadi. Kunyurish tomonida poyonsiz ekinzorlar bor. Uzumzorlar, zardolizorlar yoz bo‘yi yashnab turadi. Qishloqchaning shundoqqina biqinidan katta yo‘l ham o‘tgan. Mitan, Chelak, Loyish bo‘lisi atrofidagi mavzelarning fuqarosi shu yo‘l orqali bordi-keldi qilib turadi. Otliqlar, eshak minganlar, tuyakashlar goho Qiyot arig‘i bo‘yidagi salqin