Tom Soyerning boshidan kechirganlari. Марк Твен

Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Tom Soyerning boshidan kechirganlari - Марк Твен страница 14

Автор:
Жанр:
Серия:
Издательство:
Tom Soyerning boshidan kechirganlari - Марк Твен

Скачать книгу

Geklberri Finn bilan biroz so‘zlashib qoldim, – deb javob berdi.

      Muallim bo‘g‘ilib ketdi: u, o‘zini yo‘qotib qo‘yib, Tomga g‘azab bilan tikilar edi. Bolalarning g‘ovur-g‘uvurlari tindi. Ular bir-birlaridan: «Bu bola jinni bo‘ldimi, nega shunday deb javob beradi?» – deb so‘radilar. Piravordida muallim so‘zga kirishib:

      – Sen… Sen nima ish qildim, deding? – deb so‘radi.

      – Men yo‘lda to‘xtab, Geklberri Finn bilan biroz gaplashdim.

      – Tomas Soyer, sening bu tariqa javob berishing kishini hayron qoldiradi va men bunday javobni umrimda birinchi marta eshitishim. Bunday orsizlarcha jasorat qilganing uchun, seni jazvar taxta bilan urish kifoya qilmaydi. Qani, nimchangni yech!

      Muallim qo‘llari charchaguncha urdi-da, keyin:

      – Endi, ser, borib qizlar bilan birga o‘tir! Bu kaltak sen uchun saboq bo‘lsin, – dedi.

      Sinf ichidagi bolalarning hiring-hiring qilib kulishlari uni ancha uyaltirdi. Haqiqatda esa bu his unda boshqa, katta sabablar tufayli tug‘ilgan edi. Tom qarag‘ay kursining bir chekkasiga borib o‘tirdi.

      Qiz boshini bir silkib qo‘ydi-da, undan nariroqqa siljib o‘tirdi. Ro‘parasidagi bolalarning hammasi bir-birlariga ko‘z qisishib, shivirlashardilar. Ammo Tom esa, pastak uzun partaga suyanganicha, tinchgina, odob bilan kitobini o‘qiy boshladi. Sinfdagi bolalar ham uning qiliqlarini bora-bora eslaridan chiqarib o‘z o‘qishlari bilan ovora bo‘lib, avvalgidek gurunglasha boshladilar. Shundan keyin Tom, sekin-asta yashirincha yonida o‘tirgan qizga qaradi. Qiz ham uning qaraganini sezib, lablarini burishtirdi-da, orqasini o‘girib oldi. Birozdan keyin u qaytadan sekingina Tomga qayrilib qaragan edi, yonida turgan bir shaftoliga ko‘zi tushdi. Qiz uni itarib tashladi. Tom uni yana avvalgi joyiga qo‘ydi. Qiz yana itarib tashladi, lekin bu gal avvalgidek dushmanlik nazari bilan qaramadi. Tom shaftolini yana qaytadan uning oldiga surib qo‘ygan edi, qiz bu gal unga tegmadi. Tom oldida yotgan qora taxtachaga «Marhamat qilib shuni oling, menda yana bor», deb yozib ko‘rsatdi. Qiz taxtaga qarasa hamki, hech javob bermadi. Shu paytda bola, chap qo‘li bilan taxtani qizdan pana qilib, unga yana allanimalarning rasmlarini chiza boshladi. Qiz bunga dastlab e’tibor qilmagandek bo‘lib o‘tirsa ham, keyin-keyin qiziqish tug‘ila boshladi. Bola, buni sezmagandek taxtaga chizib o‘tirishda davom etar, qiz esa o‘zining qiziqqanini bolaga bildirmasdan, uning chizgan rasmini ko‘rishga intilar edi. Tom bo‘lsa hali ham, buni payqamagandek bo‘lib o‘tirardi. Nihoyat, qiz chidab turolmadi, sekin-asta shivirlab:

      – Menga bering, bir ko‘ray! – dedi.

      Tom o‘zi chizib o‘tirgan va anchagina karikatura qilib ishlangan rasmning bir chetini ochib ko‘rsatdi. Unda tomi ikki yoqqa nishab qilib olingan va tom ustida mo‘rilaridan buralib-buralib tutun chiqib turgan bir uyning rasmi tushirilgan edi.

      – Qanday chiroyli-a! Endi bir kishining suratini soling, – dedi.

      Rassom o‘sha uy yoniga hovli yuzida turgan bir kishining suratini soldi. U kishi go‘yo og‘ir yuklarni ko‘taradigan kranga o‘xshar va shunchalik novcha ediki, agar u istasa, o‘sha uy ustidan bemalol hatlab o‘ta olar edi. Biroq qiz janjallashib o‘tirishga qobil emasdi, shuning uchun ham u shunchalik xunuk bir suratdan mamnun bo‘lib:

      – Juda ham yaxshi bo‘ldi! Endi shu kishining ro‘parasiga mening ham suratimni solib qo‘ying, – dedi.

      Tom, go‘yo qum soatiga o‘xshatib chiziqlar tortib, tepasiga to‘linoy nusxasidek qilib uning yuzini ishladi, ingichka cho‘pdek qilib qo‘l va oyoqlari shaklini chizdi, barmoqlari yozilgan qo‘liga katta yelpig‘ich tutqizib qo‘ydi. Qiz buni ko‘rar ekan:

      – Bu ham juda yaxshi bo‘ldi. Men ham rasm solishni o‘rganishni istar edim! – deb qo‘ydi.

      – Bu ish uncha qiyin emas, – dedi Tom shivirlab, – o‘zim sizga o‘rgatib qo‘yaman.

      – Chindanmi? Qachon o‘rgatasiz?

      – Hali, katta tanaffus bo‘lganida o‘rgatib qo‘yaman. Siz ovqat qilgani uyga borasizmi?

      – Istasangiz, bormasligim ham mumkin.

      – Durust. Sizning otingiz nima?

      – Bekki Techer. Sizniki-chi? Ha, bilaman-a. Tomas Soyer.

      – Meni biror narsa uchun jazolaydigan bo‘lganlarida shunday deb ataydilar. Men o‘zimni yaxshi tutib yursam, meni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tom deb ataydilar. Siz ham meni Tom, deb ayting, xo‘pmi?

      – Xo‘p bo‘ladi.

      Tom yana taxtaga nimalarnidir yoza boshladi va yozgan narsasini qizdan yashirdi. Biroq, qiz endi o‘zini chetga tortmay, balki Tomdan yozayotgan narsasini ko‘rsatishni so‘radi. Tom unga turli bahonalar topib:

      – Yo‘q, unda hech narsa yo‘q, – derdi.

      – Bor, unda bir narsa bor!

      – Yo‘q, hech narsa yo‘q; bor bo‘lgani bilan siz uni ko‘rgingiz ham kelmaydi-ku.

      – Yo‘q, men uni juda ko‘rgim keladi, chin aytayapman. O‘shani menga ko‘rsating!

      – Birovga aytib qo‘yasiz.

      – Yo‘q, hech kimga aytmayman!

      – Hech kimga, o‘la-o‘lguningizcha hech kimga aytmaysiz-a?

      – Hech kimga aytmayman, ko‘rsata qoling endi!

      – Ko‘rgingiz kelmaydi-ku, nega buncha qistaysiz…

      – Tom, siz, har qancha o‘jarlik qilganingiz bilan ham, men ko‘raman dedim, ko‘raman.

      Shu so‘zlardan keyin u kichkina qo‘llarini Tomning qo‘llari ustiga qo‘ydi. Orada yengilgina kurash boshlandi. Tom ko‘rinishda qarshilik qilayotgandek bo‘lsa ham, lekin o‘zi sekin-asta qo‘lini siljitib yozuv ustidan olib borar edi. Nihoyat, taxtadagi yozuv ochilib: «Men sizni yaxshi ko‘raman!» degan so‘z ko‘zga chalindi. Qiz birdan o‘zgarib:

      – Voy, basharangiz qursin! – dedi-da, Tomning qo‘liga qattiqqina bir urdi. Shu bilan birga qiz qip-qizarib ketdi, go‘yo o‘z-o‘zidan mag‘rurdek ko‘rindi.

      Xuddi shu paytda kimdir qulog‘idan mahkam ushlab cho‘zayotganini va partadan ko‘tara boshlaganini Tom sezib qoldi. Shu zaylda uni butun sinfdagi bolalarning qichqirib kulishlari ostida qulog‘idan sudrab olib borib, sinfning ikkinchi tomoniga – o‘z o‘rniga o‘tirg‘izib qo‘ydilar. Muallim bir necha minut davom etgan sukunat ichida indamay uning tepasida turdi-da, keyin churq etmay sekin-asta o‘z o‘rniga qarab ketdi.

      Tomning qulog‘i og‘riq zarbidan lovullab yonayotgandek bo‘lsa hamki, yuragi quvonch bilan to‘lgan edi.

      Maktab ichi tinchlanganidan keyin, Tom, insof bilan o‘zini yaxshi tutib, ya’ni zehn qo‘yib o‘qishga urindi, lekin uning kallasi turli o‘ylar bilan g‘uvullab ketgan edi. Kitob o‘qish darsida u yanglishib, bir so‘z o‘rniga boshqa bir so‘zni aytar, jug‘rofiyada esa ko‘llarni tog‘ qilib, tog‘larni daryo qilib, daryolarni quruq yerga aylantirib yuborar, xullaski, uning so‘zlaridan dunyo yaratilishidan avvalgi vaqtlarda hukm surgan tuturiqsiz bir narsa kelib chiqar edi. Husnixat darsida ham eng oddiy so‘zlarda son-sanoqsiz xatolar qilib, xullas, o‘quvchilar orasida hammadan

Скачать книгу