Капитан Грант болалари. Жюль Верн
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Капитан Грант болалари - Жюль Верн страница 14
‒ Turgan gap, bu yerda umid faqat kishining o‘zidan, – deb kuldi Paganel. – Azizim Jon, Yashil Burun orollarida biror kattaroq port yo‘qmi?
‒ Bor, albatta. Masalan, Villa-Prayyada Yevropaga ketayotgan biror o‘tkinchi paroxodga osonlik bilan o‘tib olishingiz mumkin.
‒ Buning yana bir qulaylik jihati bor, – dedi Paganel. – Yashil Burun orollari Senegalga yaqin joyda, Senegalda esa men hamshaharlarimni topib olishim mumkin. To‘g‘ri, bu orollar gruppasining mutlaqo qiziq joyi yo‘q, bo‘m-bo‘sh joylar ekanini, buning ustiga ob-havosi yomon ekanini men yaxshi bilaman. Lekin geograf uchun hamma narsa ham qiziq: ko‘ra bilishning o‘zi – fandir. Ba’zi odamlar hech narsani ko‘rolmaydilar, ular shunday «oqilona» sayohat qiladilarki, qisqichbaqasimonlardan mutlaqo farq qilmaydilar. Lekin men undaylardan emasman, bunga amin bo‘lavering.
– Ixtiyoringiz, janob Paganel, – deb javob berdi Jon Mangls. – Sizning Yashil Burun orollarida bo‘lishingiz geografiya fanini albatta boyitishiga shubhasiz ishonamiz. Biz esa ko‘mir g‘amlab olish uchun u yerda albatta to‘xtab o‘tishimiz shart. Ana shunda siz qirg‘oqqa tushib olasiz, bu bizni mutlaqo yo‘ldan qo‘ymaydi.
Kapitan shunday dedi-yu, kemani Kanar orollarining g‘arb tomoniga qarata yo‘lladi. Mashhur Tenerif cho‘qqisi orqada qoldi. Ilgarigidek tez yo‘l bosib borayotgan «Dunkan» 2-sentabr ertalab soat beshda Qisqichbaqa tropikidan o‘tdi. Ob-havo o‘zgara boshladi. Havo yomg‘irgarchilik paytlarida bo‘lganiday og‘ir va rutubatli bo‘lib qoldi. Bunday paytlarni ispanlar «ko‘lob payti» deb ataydilar. Bu sayohatchilar uchun juda og‘ir tushadi, lekin Afrika orollaridagi o‘simlikning kam bo‘lishidan, demak, namgarchilikning yetishmasligidan azob chekuvchi aholi uchun esa foydali bo‘ladi. Dengiz notinch bo‘lganidan kemadagi yo‘lovchilar palubaga chiqmas edilar, lekin bu kayut-kompaniyadagi suhbatlarni sovuta olmadi.
3-sentabrda Paganel kemadan tushib qolishga tayyorlanib, yuklarini saranjomlay boshladi. «Dunkan» endi Yashil Burun orollari o‘rtasidan o‘tib bormoqda edi. U qumloq qabrga o‘xshagan bo‘m-bo‘sh va yalang‘och Tuz oroli yonidan o‘tdi, keng marjon riflari yoqalab suzdi, keyin esa shimoldan janubga qarab cho‘zilgan bazalt tog‘ tizmalari ikkiga bo‘lib turgan muqaddas Yakov orolini chetda qoldirib, Villa-Prayya buxtasiga kirdi-da, shunday shahar qarshisiga kelib, langar tashladi. Ob-havo juda yomon edi, buxta dengiz shamollaridan to‘silganiga qaramay, unda to‘lqinlar quturar edi. Yomg‘ir chelaklab quygandek yog‘ar, shahar zo‘rg‘a ko‘rinardi. Shahar vulqondan paydo bo‘lgan uch yuz fut balandlikdagi toqqa borib taqaladigan tekislikka joylashgan edi. Qalin yog‘ayotgan yomg‘ir orqasida orol g‘oyat ma’yus ko‘rinardi.
Elen Glenarvan shaharni aylanaman degan o‘yini amalga oshira olmadi. Kemaga ko‘mir ortish juda qiyinchilik bilan bormoqda edi. Dengiz bilan osmon o‘z suvlarini allaqanday iztirob ichida bir-biriga qo‘shayotgan bir paytda yo‘lovchilarimizning kayut-kompaniyada o‘tirishdan boshqa iloji yo‘q edi. Tabiiyki, kemada hamma tabiat mavzuida so‘zlashar, bu to‘g‘rida har kim ham biror gap aytardi. Faqat mayor bir og‘iz ham so‘z demadi; u butun dunyoni suv olib ketsa ham pinagini buzmasa kerak.
Paganel bosh chayqab, kayutada u yoq-bu yoqqa yurardi.
‒ Havo buni jo‘rttaga qilayotganga o‘xshaydi-ya! – deb takrorlar edi u.
‒ Haqiqatan ham tabiat kuchlari sizga qarshi bosh ko‘tarishdi, – dedi Glenarvan.
‒ Baribir men ular ustidan g‘alaba qilaman.
‒ Shunday havoda kemadan qanday qilib tushasiz, axir? – deb so‘radi Elen.
‒ O‘zim-ku, xonim, sohilga bemalol yetib olaman-a, lekin yukim bilan asboblarimdan xavotirdaman: hammasi rasvo bo‘lib ketadi-da.
‒ Qiyini faqat sohilga yetib olish, – dedi Glenarvan, – Villa-Prayyaga yetib olganingizdan so‘ng boplab joylashib olasiz; to‘g‘ri, tozalik masalasi juda ham yaxshi emas bu yerda: maymunlar va cho‘chqalar bilan yonma-yon yashashga to‘g‘ri keladi, ular bilan qo‘shnichilik qilish esa hamma vaqt ham ko‘ngilli bo‘lavermaydi. Lekin sayyoh bunday arzimagan narsalarga e’tibor qilmasligi kerak. Siz bu yerda uzoq qolib ketarmidingiz, yetti-sakkiz oydan keyin Yevropaga ketayotgan biror kemaga chiqib olasiz.
‒ Yetti-sakkiz oydan keyin dedingizmi?! – deb so‘radi Paganel.
‒ Ha, kam deganda yetti-sakkiz oydan keyin: yog‘ingarchilik davrida Yashil Burun orollariga kemalar kamdan-kam kiradilar-da! Lekin siz bu vaqtdan yaxshi foydalanishingiz mumkin. Bu arxipelag hali yaxshi o‘rganilgan emas. Bu yerda topografiya sohasida ham, klimatologiya sohasida ham, etnografiya va gipsometriya40 sohasida ham qilinadigan ishlar ko‘p.
‒ Siz daryolarni tekshirish ishi bilan shug‘ullanishingiz mumkin, – dedi Elen.
‒ Bu yerlarda daryo yo‘q, xonim, – deb javob berdi Paganel.
‒ Unda kichikroq oqar suvlarni tekshirasiz.
‒ Bunday oqar suv ham yo‘q.
‒ Unday bo‘lsa o‘rmonlarni o‘rganishga to‘g‘ri kelar ekanda, – deb gapga aralashdi mayor.
‒ O‘rmon bo‘lish uchun daraxt bo‘lishi kerak, bu yerda esa daraxt degan narsaning o‘zi yo‘q.
‒ Zap go‘zal o‘lka ekanmi! – deb qo‘ydi mayor.
‒ Xafa bo‘lmang, aziz Paganel, – deb unga tasalli berdi Glenarvan, – har holda tog‘lar bor-ku.
‒ Be, ser! Bu yerdagi tog‘lar baland ham emas, qiziq ham. Buning ustiga ular allaqachon o‘rganib bo‘lingan.
‒ Rostdan-a? – deb hayron bo‘di Glenarvan.
‒ Ha, yana omadim yurishmadi. Kanar orollarida hammayoqni Gumboldt tekshirib qo‘ygan edi, bu yerlarni esa janob Sharl Sen-Kler Devil degan bir geolog mendan oldinroq o‘rganib chiqqan.
‒ Nahotki?
‒ Afsuski, shunday! – dedi ma’yuslik bilan Paganel. – U olim «Qat’iyatli» degan fransuz korvetida41 Yashil Burunga kelgan, kemaning bu yerda to‘xtab turganidan foydalanib, arxipelagdagi tog‘larning eng qizig‘i bo‘lgan Fogo orolidagi vulqonga chiqqan. Shunday bo‘lgandan keyin, men bu yerda nima ham qilardim?
‒ Bu haqiqatan ham achinarli hol, – dedi Elen. – Endi nima qilmoqchisiz, janob Paganel?
Paganel bir necha minut indamay qoldi.
‒ Asli vinosi qolmagan demay Madeyrada tushib qolaversangiz bo‘lar ekan, – dedi Glenarvan.
Parij geografiya jamiyatining sekretari hamon indamay turardi.
‒ Men sizning o‘rningizda bo‘lsam, hozir tushmay turardim, – dedi mayor, odati bo‘yicha pinagini ham buzmay.
‒ Aziz Glenarvan, – dedi nihoyat jimlikni buzib Paganel, – endi qayerda to‘xtaysizlar?
‒ Endi shu bilan Konsepsionga borib to‘xtaymiz.
‒ Obbo! Unda men Hindistondan
40
Topografiya – geodeziyaning yer sathini o‘lchash hamda uni plan va kartalarda ifodalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi. Klimatologiya – iqlim turlarini, ularning yuzaga kelishi va ta’sirini o‘rganuvchi fan. Etnografiya – xalqlarning kelib chiqishini, turmushini, moddiy va ma’naviy madaniyatini o‘rganadigan fan. Gipsometriya – biror joyning balandligini o‘lchash (Muharrir).
41
Korvet – uch machtali yelkanli kema.