Капитан Грант болалари. Жюль Верн
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Капитан Грант болалари - Жюль Верн страница 16
‒ Eh, qani endi men ham o‘shanda u bilan birga bo‘lgan bo‘lsam! – deb yubordi geografiya olimining so‘zlaridan to‘lqinlangan Robert.
‒ Buni men ham istardim, o‘g‘lim, bundan uch yuz yil burun tug‘ilganimda bunday hodisada albatta ishtirok qilgan bo‘lardim-a.
‒ Bundan biz xafa bo‘lgan bo‘lardik, janob Paganel, – dedi Elen, – chunki unda siz hozir biz bilan «Dunkan»da o‘tirmagan bo‘lardingiz, biz esa siz hozir aytib bergan gaplarni eshitmagan bo‘lardik.
‒ Men bo‘lmasam, boshqa biror kishi so‘zlab berardi, xonim. U Amerikaning G‘arbiy sohilini aka-uka Pisarrolar tekshirganini ham qo‘shib aytgan bo‘lardi. Sarguzasht axtargan bu jasur kishilar qator shaharlarga asos qo‘ydilar. Kusko, Kvito, Lima, Sant-Yago, Villa-Rika, Valparayso va hozir «Dunkan» ketayotgan Konsepsion shaharlarining hammasiga o‘shalar asos solgan. Aka-uka Pisarrolarning kashfiyotlarini Magellanning kashfiyotlariga qo‘shib, Amerika qit’asining sohillarini kartaga tushirish mumkin bo‘ldi, bu esa Eski Dunyo olimlarini juda xursand qildi.
‒ Lekin men bu bilan kifoyalanmagan bo‘lardim, – dedi Robert.
‒ Nima uchun endi? – deb suradi. Meri, bu kashfiyotlar to‘g‘risidagi hikoyalarga juda qiziqib qolgan ukasiga qarab.
‒ Rost-a, o‘g‘lim, nima uchun? – deb takror so‘radi dalda beruvchi tabassum bilan Glenarvan ham.
‒ Chunki men Magellan bo‘g‘ozining nariyog‘ida nima borligini bilishga qiziqqan bo‘lar edim.
‒ Barakalla, do‘stim! – dedi Paganel, – Men ham qit’a Janubiy qutbgacha cho‘zilib ketadimi yoki Dreyk degan sizning vatandoshlaringiz taxmin qilgandek, ochiq dengizga chiqadimi – mana shuni bilishga qiziqqan bo‘lardim. Xullas, ishonamanki, Robert Grant bilan Jak Paganel o‘n yettinchi asrda yashagan bo‘lsalar, bu geografik jumboqni hal qilishga intilib albatta Sxouten bilan Lemer ketidan ketgan bo‘lardilar.
‒ Ular olimlar edimi? – deb so‘radi Elen.
‒ Yo‘q ular kashfiyotlarning ilmiy jihati bilan kam qiziqqan oddiy komersantlar edi. U vaqtlar Gollandiyada Ost-Indiya kompaniyasi mavjud bo‘lib, Magellan bo‘g‘ozi orqali tovar olib o‘tish huquqiga faqat shu kompaniyagina haqli edi. Osiyoga olib boradigan bundan boshqa yo‘lni bilishmaganidan, bo‘g‘oz Ost-Indiya kompaniyasining haqiqiy monopoliyasi edi. Shu sababdan bir qancha kommersantlar boshqa bo‘g‘oz topish orqali Ots-Indiya kompaniyasi bilan kurash olib borish payiga tushdilar. Bu kommersantlar orasida Isaak Lemer degan aqlli va bilimli kishi bor edi. U o‘z hisobidan ekspeditsiya tashkil qilib, unga jiyani Yakov Lemer bilan gornlik tajribakor dengizchi Sxoutenni bosh qilib qo‘yadi. Bu jasur sayyohlar Magellandan deyarli yuz yil keyin, 1615-yilning iyun oyida yo‘lga chiqadilar. Ular Shtatlar territoriyasi bilan Olovli Yer o‘rtasida keyinchalik Lemer bo‘g‘ozi deb atalgan bo‘g‘ozni kashf etdilar. 1616-yilning fevralida esa ular hozir juda mashhur bo‘lgan Gorn burunini aylanib o‘tdilar; bu burunda Bo‘ronlar buruni deb nom chiqargan Yaxshi Umid burniga qaraganda ham qattiqroq bo‘ron quturib yotardi.
‒ Eh, qani endi men ham o‘shalar bilan birga bo‘lsam! – deb yubordi Robert.
‒ O‘g‘lim, ular bilan birga bo‘lganingda unutilmas shodiyona daqiqalarni boshdan kechirgan bo‘larding! – dedi qizg‘inlik bilan Paganel. – Chindan ham, dunyo xaritasiga o‘z kashfiyotini tushirayotgan dengizchining mamnunligi va sevinchidan ham ortiq narsa bo‘larmikin! Ko‘z oldida go‘yo sekin-asta dengiz to‘lqinlari orasidan chiqib kelib, yangi-yangi yerlar, orollar, burunlar bunyod bo‘layotganday tuyuladi. Dastlab bu yangi yerlar sal-pal ko‘zga chalinadi, bo‘lak-bo‘lak bo‘lib ko‘rinadi, ularni aniq ajratib, ilg‘ab olib bo‘lmaydi: bir chetda sho‘ppayib chiqqan yolg‘iz burun ko‘rinib qoladi, bir tarafda buxta, yana bir tarafda uzoqdan ko‘rfaz ko‘zga tashlanadi. Lekin vaqti kelib, kashfiyotlar biri-birini to‘ldiradi, kartadagi uzuq-yuluq chiziqlar ulanib ketadi, undagi nuqtalar o‘rnida aniq chiziqlar paydo bo‘ladi; bu burunlar ma’lum bir joyda quruqlikka tutashadi burunlar ma’lum bir yerdan joy oladi, shu tarzda sekin-asta globusda butun boshli qit’aning qiyofasi paydo bo‘ladi, unda yangi qit’aning butun ko‘llari, daryolari, anhorlari, tog‘lari, vodiylari, pasttekisliklari, qishloqlari, shaharlari, poytaxtlari ko‘rsatilgan bo‘ladi. Oh, do‘stlarim, yangi yer ochgan kishi – bir kashfiyotchi! U ham kashfiyotchining hayajonlarini, hech kutilmagan hollarni boshidan kechiradi. Lekin bizning davrimizda bunday kashfiyotlar manbai tamom bo‘lgan: hamma yoqni ko‘rib, tekshirib kashf qilish mumkin bo‘lgan narsalarni kashf qilib bo‘lganlar, bizday hozirgi geograflarga qiladigan ish qolmagan.
‒ Yo‘q, aziz Paganel, – deb e’tiroz bildirdi Glenarvan. – Hali qilinadigan ish bor.
‒ Nima ekan u?
‒ Biz qilayotgan ish-da!
«Dunkan» esa Vespuchchi va Magellan o‘tgan yo‘llardan shitob bilan suzib bormoqda edi. 15-sentabrda kema Jaddiy tropigidan o‘tib, mashhur bo‘g‘ozga qarab yo‘l oldi. Bir necha bor ufqda Patagoniyaning past sohillari sal-pal ko‘zga ilg‘ab qoldi. Kema bu sohillardan o‘n mildan ham ortiqroq masofadan o‘tib borardi, shuning uchun o‘zining ajoyib dengiz trubasidan sohilni ko‘rishga harakat qilgan Paganel ham Amerika qirg‘oqlari to‘g‘risida tuzukroq bir taassurot ololmadi.
25-sentabrda «Dunkan» Magellan bo‘g‘oziga yetib keldi. Yosh kapitan kemani bo‘g‘ozga dadillik bilan olib kirdi. Tinch okeanga ketayotgan kemalar odatda shu yo‘ldan o‘tadilar. Magellan bo‘g‘ozining uzunligi nihoyati uch yuz yetmish olti mil keladi. U shunchalik chuqurki, hatto eng katta kemalar ham shunday sohilning yonidan bemalol suzib o‘ta oladilar. Bo‘g‘ozning tagi kemalarning langar tashlab turishi uchun juda qulay. Uning sohillarida chuchuk suv manbalari, baliqqa boy daryolar, yovvoyi parrandaga boy o‘rmonlar juda ko‘p, kirish oson va xavfsiz bo‘lgan bir qator limanlar43 bor. Qisqasi, bu yerda doim bo‘ron va dovul quturib yotgan, haybatli qoyalari ko‘p Gorn burunida ham, Lemer bo‘g‘ozida ham yo‘q bo‘lgan qulayliklar juda ko‘p edi.
Magellan bo‘g‘ozidan o‘tishda dastlabki soatlardagi, ya’ni Gregori burunigacha bo‘lgan taxminan oltmish-sakson mil yo‘ldagi sohil past va qumloq yerlardan iborat. Jak Paganel sohilning biror qarich joyini, bo‘g‘ozning bironta detalini qo‘ymay ko‘rib o‘tishga tirishar edi. Bo‘g‘ozdan o‘tish uchun o‘ttiz olti soatdan kamroq vaqt ketardi, shuning uchun jozibali janub quyoshining nurlari ostida tovlangan har ikki sohilning go‘zal manzarasi zavq bilan ko‘z uzmay tomosha qilishga haqiqatan ham arzir edi. Shimoliy sohilda bironta ham odam ko‘rinmas, Olovli Yerning yalang‘och qoyalari ustida esa bir nechagina shu yerli odamlar kezib yurishar edi.
Paganel bironta ham patagoniyalikni uchratmaganiga achindi, olim bunga qattiq xafa bo‘lar, uning yo‘ldoshlari
43
Liman – ko‘rfaz, qo‘ltiq.