Капитан Грант болалари. Жюль Верн
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Капитан Грант болалари - Жюль Верн страница 19
‒ Bunday qilolmasliklarining sababi juda oddiy, aziz Paganel: shishani dengizga tashlash uchun juda bo‘lmaganda dengizga yaqin yerda bo‘lish kerak.
‒ To‘g‘ri, lekin dengizdan uzoqda bo‘lsangiz, dengizga kelib quyiladigan daryo sohilida bo‘lishingiz ham kifoya.
Kutilmagan, lekin bo‘lishi tamomila mumkin bo‘lgan bu javobni eshitib, hamma hayron bo‘lib jim qoldi. Hamrohlarining chaqnab ketgan ko‘zlariga qarab, Paganel ularning yuragi yana umid bilan ura boshlaganini tushundi.
Jimlikni birinchi bo‘lib Elen buzdi.
‒ Qanday yaxshi fikr-a! – dedi u.
‒ Yaxshi bo‘lganda qandoq! – dedi soddadillik bilan Paganel.
‒ Endi, sizning fikringizcha, qanday tadbir ko‘rishimiz kerak? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Mening fikrim bunday: Amerika qit’asining o‘ttiz yettinchi parallel o‘tadigan joyini topish kerak, keyin yarim gradus ham chetga chiqmay, shu parallel Atlantik okeaniga chiqib ketadigan joygacha qit’ani kesib o‘tish kerak. Shu marshrut bilan yurib, «Britaniya» kemasida halokatga uchraganlarni topsak ham ajab emas.
‒ Ishonch kam, – dedi mayor.
‒ Ishonch qanchalik bo‘lmasin, biz buni nazarga olmay qololmaymiz, – deb e’tiroz bildirdi Paganel. – Agar mening bu taxminim to‘g‘ri chiqib, shisha haqiqatan ham shu qit’adagi okeanga kelib quyiladigan daryolardan biriga tashlangan bo‘lsa, biz asr tushganlarning iziga uchramay o‘tib ketishimiz mumkin emas. Qaranglar, do‘stlarim, bu mamlakatning xaritasiga qaranglar: men fikrimning to‘g‘riligini to‘la isbotlab bera olaman.
Shunday deb, Paganel stol ustiga Argentina viloyatlari bilan Chili kartasini yozib qo‘ydi.
‒ Qarab turinglar, – deb takrorladi u, – Amerika qit’asida qilinadigan bu sayohatda mening orqamdan boraveringlar: ingichkagina Chili yerini kesib o‘tamiz. And tog‘laridan48 oshamiz. Pampaslarga49 tushib boramiz. Bu yerlarda soylar, daryolar, tog‘ jilg‘alari kammi? Yo‘q, juda ko‘p. Mana bu Rio-Negro, mana bu Kolorado, mana bular ularning irmoqlari; ularning hammasi o‘ttiz yettinchi paralleldan oqib o‘tadi, hammasi ham hujjat solingan shishani dengizga oqizib ketgan bo‘lishi mumkin. Ehtimol, o‘sha yerlarda, hindularning biron o‘troq qabilasi orasida, kam o‘rganilgan daryolardan birining sohilida biror sherdarasida biz o‘zimizning do‘stlarimiz deb atashga haqli bo‘lgan kishilar asirlikda yordamga mushtoq bo‘lib o‘tirgandirlar. Biz ularning umidini puchga chiqara olamizmi? Men hozir barmog‘im bilan ko‘rsatayotgan chiziqdan hech qayoqqa og‘ishmay, qit’ani bosib o‘tishimiz kerak degan fikrga hammangiz qo‘shilasizmi? Bordi-yu, taxminim o‘rinsiz chiqib, men bu safar ham xato qilayotgan bo‘lay, o‘ttiz yettinchi paralleldan yo‘limizni davom ettirib borish va agar zarur bo‘lib qolsa, falokatga uchraganlarni topish uchun shu parallel bo‘ylab dunyoni aylanib chiqish bizning vazifamiz emasmi?
Paganelning bu qizg‘in va samimiy so‘zlari tinglovchilarning hammasiga ham chuqur ta’sir qildi. Hammalari turib, uning qo‘lini qisa boshladilar.
‒ To‘g‘ri! Otam mana shu yerda! – deb qichqirdi Robert ko‘zlari bilan yeb yuborgudek darajada kartaga tikilib.
‒ Otangni topmay qo‘ymaymiz, o‘g‘lim, – dedi Glenarvan. – Haqiqatan ham, do‘stimiz Paganel hujjatni juda asosli tushuntirib berdi, biz hech ikkilanmay u ko‘rsatgan yo‘ldan borishimiz kerak. Kapitan Grant yo biror katta qabilaga, yoki aksincha, biror kichkina, kuchsiz qabilaga asir tushgan. Agar kichkina, kuchsiz qabilaga asir tushgan bo‘lsa, uni o‘zimiz qutqazib olamiz. Bordi-yu, u katta qabilaga asir tushgan bo‘lsa, kapitanning qayerdaligini, hol-ahvolini bilib olamiz keyin sharqiy sohilga qaytib, «Dunkan»ga o‘tiramiz-da, Buenos-Ayresga yo‘l olamiz. Mayor Mak-Nabbs u yerda shunday bir otryad tuzadiki, Argentina viloyatlaridagi barcha hind qabilalariga ham kuchi yetadigan bo‘ladi.
‒ To‘g‘ri, ser, to‘g‘ri! – dedi Jon Mangls. – Shuni ham aytish kerakki, qit’a orqali qilinadigan bu safaringiz bexatar o‘tadi.
‒ Bexatar va yengil o‘tadi, – deb uning so‘zini tasdiqladi Paganel. – Bu yo‘lni juda ko‘p odamlar bosib o‘tganlar, tag‘in ularda bizdagiday, imkoniyatlar ham, bizning oldimizda turgan olijanob maqsadlar ham bo‘lmagan! Bazilio Vilarmo degan bir kimsa 1782-yilda Karmendan to Kordilergacha bo‘lgan joylarni bosib o‘tmaganmidi? Konsepsion viloyatida yashovchi chililik sudya don Luiz de-la Kruts 1806-yilda Antukodan yo‘lga chiqib va Kordiler tog‘idan oshib o‘tib, o‘ttiz yettinchi paralleldan og‘ishmay, qirq kun deganda Buenos-Ayresga yetib olmagan edimi? Nihoyat, polkovnik Garsia Alesid d‘Orbini va mening muhtaram kasbdoshim doktor Martin de-Mussi – ular, ham hozir biz insonparvarlik burchimiz deb otlanganday, fanni boyitish niyatida otlanib, bu o‘lkani boshdan-oyoq kezib chiqmaganlarmi!
‒ Janob Paganel! Janob Paganel! – dedi hayajondan titragan tovush bilan Meri Grant. – Bizni deb bunday xavf-xatarlar qarshisiga otlanayotganingiz uchun sizga qanday tashakkur bildirishni ham bilmay qoldim!
‒ Xavf-xatar? – deb so‘radi Paganel. – «Xavf xatar» degan so‘zni kim aytdi o‘zi?
‒ Men emas! – dedi Robert.
Bolaning ko‘zlari porlab turar, uning boqishlarida qat’iyat aks etardi.
‒ Xavf-xatar-a! – deb so‘zida davom etdi Paganel. – Umuman xavf-xatar degan narsa bo‘ladimi o‘zi? Buning ustiga, gap nima to‘g‘risida boryapti? Nihoyati bir ming to‘rt yuz kilometrga cho‘ziladigan sayohat to‘g‘risida boryapti, – axir biz qit’ani to‘ppa-to‘g‘ri kesib o‘tamiz-ku, gap Shimoliy yarim shardagi Ispaniya, Sitsiliya, Gretsiya kengliklariga to‘g‘ri keladigan kenglikda bo‘ladigan sayohat to‘g‘risida, demak, o‘sha mamlakatlar ob-havosiga to‘g‘ri keladigan sharoitda o‘tadigan sayohat to‘g‘risida boryapti; nihoyat, gap ko‘p deganda bir oyga cho‘ziladigan sayohat to‘g‘risida boryapti. Bu sayohat emas, sayr-ku!
‒ Janob Paganel, – deb unga murojaat qildi Elen, – demak, siz halokatga uchraganlar hindular qo‘liga tushgan bo‘lsa, hindular ularni sog‘ qo‘ygan deb o‘ylaysiz-a?
‒ Albatta, xonim. Bu yerlik hindular odamxo‘r emas-ku. Mening bir vatandoshim, Geografiya jamiyatidagi tanishlarimdan biri Ginor degan kishi pampaslardagi hindular qo‘lida uch yil asirlikda yashagan. To‘g‘ri, u juda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirgan, unga juda yomon muomala qilishgan, lekin oxiri u bu qiyinchiliklarni yengib chiqqan. Bu o‘lkalarda yevropalik odamni foydali kishi deb hisoblaydilar. Hindular yevropaliklarning qadriga yetadi va ularni eng qimmatli hayvondek ehtiyot qiladilar.
‒ Unday bo‘lsa, ikkilanishga o‘rin yo‘q, – dedi Glenarvan. – Hech bir kechiktirmay tezda yo‘lga chiqish kerak. Biz qaysi yo‘ldan boramiz?
‒ Oson va ko‘ngilli yo‘ldan, – deb javob berdi Paganel. – Yo‘limiz oldin tog‘dan o‘tadi, lekin bu uzoqqa cho‘zilmaydi, keyin Kordilerning qiya yonbag‘ridan pastga tushib boramiz, naryog‘i tekis maysazor va qumloq joylar: bog‘ sayri deysiz.
‒ Karta ko‘rib olaylik, – deb taklif qildi mayor.
‒ Mana karta, aziz Mak-Nabbs, o‘ttiz yettinchi parallel Chili sohilidagi Rumen buruni bilan Korneyro ko‘rfazi o‘rtasida Amerika qit’asiga kirib keladigan punktni topamiz-da, o‘sha yerdan yo‘lga chiqamiz. Araukaniyaning markazi
48
And tog‘lari (ink xalqlari tilida anta – mis konli tog‘lar) – dunyodagi eng uzun (qariyb 9000 km) va eng baland (6960 m) tog‘ tarmoqlaridan biri. Eni 800 km gacha. And togʻlari Janubiy Amerikani butun uzunligi bo‘ylab g‘arb tomonidan o‘rab turadi. U ko‘plab parallel, asosan meridional tizmalardan iborat bo‘lib, ular Kordiler deb ataladi. Shu bois And tog‘lari Kordiler tog‘lari deb ham yuritiladi (Muharrir).
49
Pampas (kechua indeyslari tilida pampa – oʻtloq) – Janubiy Amerikadagi, asosan, oʻt oʻsimliklari oʻsadigan baʼzi bir tekisliklarning nomi. Aslida Argentina hududining 29 – 39° janubiy kengliklar orasi va gʻarbda Sʼyerras-de-Kordova togʻlarigacha boʻlgan joylar Pampas deyiladi (Muharrir).