Капитан Грант болалари. Жюль Верн
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Капитан Грант болалари - Жюль Верн страница 31
Ertasiga ertalabgacha dam olishga qaror qilindi. Buning ustiga ikkita muhim masala – oziq-ovqat va transport masalasini muhokama qilib, hal etish kerak edi. Sayohatchilarda na oziq-ovqat, na xachirlar yo‘q edi. Bularning baxtiga, endi yonlarida Talkav bor. Sayohatchilarni Patagoniya chegaralari yoqalab boshlab yurishga odatlanib qolgan, mahalliy bakeanoslar ichida eng aqllilaridan biri bo‘lgan bu yo‘l boshlovchi Glenarvanning kichik otryadi uchun hamma zarur narsalarni topib berishni bo‘yniga oldi. Talkav bu yerdan nihoyati to‘rt milcha masofada bo‘lgan hindularning tolderiyasiga borishni taklif qildi: uning aytishiga qaraganda tolderiyadan ekspeditsiya uchun zarur bo‘lgan hamma narsani topish mumkin edi. Bu taklifni u imo-ishoralar va Paganel tushuna olgan ba’zi so‘zlar yordami bilan bayon qildi. Uning taklifi qabul qilindi, shundan keyin Glenarvan hamrohlari bilan vaqtincha xayrlashib, o‘zining olim do‘sti bilan birgalikda, patagoniyalik yo‘l boshlovchi ketidan ariqning yuqori oqimiga qarab darhol yo‘lga chiqdi.
Ular pahlavon Talkavdan orqada qolmaslikka tirishib, katta-katta odimlar bilan tez yurib bir yarim soat yo‘l bosdilar. Kordilerning etaklariga kelib taqalgan bu yerlar juda go‘zal va hosildor yerlar edi. Mahsuldor o‘tloqlar biriga biri ulanib ketgan. Bu o‘tloqlar yuz ming boshlab mollarni boqish uchun yetardi. Kichkina-kichkina ariqchalar bilan bir-biriga ulangan katta-katta hovuzlar ko‘m-ko‘k o‘tloqlarni suv bilan mo‘l ta’minlab turar, ularda qora kalla oq qushlar yayrab suzar edi, zig‘irpoyalar ichida esa juda ko‘p tuyaqushlar chopib yurardilar. Umuman bu yerlardagi qushlar juda chiroyli, sershovqin va nihoyatda xilma-xil edi. Daraxt shoxiga qo‘nib o‘tirgan qanotida oq-oq xoli bor chiroyli ko‘k izakas – musichalar, sariq kardinallar xuddi yangi ochilgan gulga o‘xshar edi. Ko‘chmanchi kaptarlar allaqayoqlarga uchib o‘tib turar, biri ketidan biri quvib yurgan chumchuqlar esa chirqillashib, atrofni boshiga ko‘tarar edi.
Tabiatning bu go‘zalliklaridan Jak Paganel benihoyat lazzat olardi, u goh undan, goh bundan qoyil qolganini bildirish uchun beto‘xtov qiyqirardi. Patagoniyalik esa bunga g‘oyat ajablanardi, chunki u osmonda qushlar uchib yurganini, suvda oqqushlar suzib yurganini, o‘tloqlarda o‘t o‘sib yotganni tabiiy bir hol deb bilardi. Umuman, geografiya olimimiz bu safardan, uning cho‘zilib ketganidan mutlaqo xafa emas edi. Hindular to‘xtagan joyga yetib kelganlarida uning nazarida endi yo‘lga chiqqandek edilar. Tolderiya Kordiler etaklaridagi tizmalar bilan o‘ralgan vodiyning ichkarisida joylashgan bo‘lib, undagi shox-shabbalardan qurilgan chaylalarda o‘ttiztacha ko‘chmanchi hindu yashar edi. Ular chorvachilik bilan shug‘ullanar: sigir, ho‘kiz, yilqi va qo‘y podalarini o‘tloqdan o‘tloqqa haydab boqib yurardilar, bunday sero‘t o‘tloqlar bu atrofda sonsiz-sanoqsiz edi.
Bu ando-peruan hindlari araukan, pexuen va aukas irqlarining aralashuvidan kelib chiqqan. Ular sarg‘ish qora badanli, o‘rta bo‘yli, yag‘rini keng, deyarli dumaloq yuzli, tor peshona, yupqa labli odamlar. Ularning yuz qiyofasi sovuq, lekin jasurona emas.
Qisqasi, ularning qiziqadigan yeri yo‘q edi. Lekin Glenarvanga ularning o‘zi emas, podasi kerak edi. Ko‘chmanchilarda qoramol bilan otlar bor ekan, Glenarvanga bundan bo‘lak hech nimaning keragi yo‘q.
Talkav ular bilan bitishishni o‘z ustiga oldi, bunga ko‘p vaqt ketmasdi ham. Egar jabdug‘i bilan argentina zotli yettita pastak ot, yuz qadoq qoq go‘sht – karki, biroz guruch va suv solinadigan bir necha mesh uchun hindlar yigirma unsiya70 tilla olishga rozi bo‘ldilar, chunki sayohatchilarimizda hindular uchun juda qimmat baho bo‘lgan vino yoki rom yo‘q edi, lekin ular tillaning bahosini juda yaxshi bilar edilar. Glenarvan patagoniyalik uchun ham yana bitta ot sotib olmoqchi edi, lekin Talkav buning hech keragi yo‘q ekanini bildirdi.
Ishni bitkazgach, Glenarvan o‘zining yangi «mol yetkazib beruvchilari» bilan – ularni Paganel shunday deb atadi – xayrlashdi, oradan yarim soat ham o‘tmay, ular lagerga yetib keldilar. Ularni lagerda qiyqiriqlar bilan kutib oldilar, to‘g‘ri, bu qiyqiriqlar ularga emas, egarloqlik otlar bilan oziq-ovqatga taalluqli edi. Hammalari ham zo‘r ishtaha bilan ovqatlandilar.
Robert ham biroz ovqat yedi. U endi o‘zini ancha yaxshi his qilardi.
Kunning qolgan qismini faqat dam olib o‘tkazdilar. Har to‘g‘rida jindak-jindak so‘zlashdilar: aziz hamrohlari mis Meri bilan Elenni, «Dunkan»ni, kapitan Jon Mangls va uning azamat matroslarini esga oldilar, Garri Grantni ham unutmadilar, axir kapitan Grant shu yaqin orada bo‘lishi mumkin edi-da.
Paganelga kelsak, u hind yo‘l boshlovchidan bir qarich ham nari ketmas, go‘yo Talkavning soyasi bo‘lib qolgan edi. Hindning oldida o‘zi yosh boladay ko‘rinib qolgan geografiya olimi haqiqiy patagoniyalikni uchratganidan o‘zida yo‘q xursand edi.
Paganel o‘zining ispancha iboralari bilan Talkavning boshini rosa qotirdi, lekin u olimning gapiga sabr-toqat bilan javob qaytarardi. Geografiya olimi ispan tilini endi kitobsiz o‘rganmoqda edi. U tomog‘i, tili va chakaklarini ishga solib baland ovoz bilan ispan so‘zlarini talaffuz qilgani eshitilib turardi.
– Talaffuzimni tuzata olmasam masxara qilmang, – derdi u mayorga qayta-qayta, – ispan tilini menga patagoniyalik hind o‘rgatadi deb mutlaqo o‘ylamagan edim!
O‘n oltinchi bob
RIO-KOLORADO
Ertasiga, 22-oktabr ertalab soat sakkizda Talkav yo‘lga chiqishga signal berdi. Argentina pasttekisligi yigirma ikkinchi va qirq ikkinchi gradus (uzunlik)lar orasida g‘arbdan sharqqa qarab tobora pastlashib boradi: sayohatchilarimiz endi dengiz bo‘yiga qarab borgan sari pastga tushib borishlari kerak edi.
Patagoniyalik otdan bosh tortganda Glenarvan u ham ko‘pgina mahalliy yo‘l boshlovchilar singari piyoda yurmoqchi shekilli, deb o‘ylagandi, chunki bunday uzun-uzun oyoq bilan yo‘l bosish qiyin ish emas albatta.
Lekin Glenarvan yanglishdi.
Yo‘lga chiqish paytida Talkav g‘alati qilib qattiq hushtak chaldi, shu zahotiyoq yaqin oradagi chakalakdan baland bo‘yli ajoyib bir ot chiqib keldi. Bu chiroyli kuchli, mag‘rur, asov, dovyurak qorato‘riq ot edi. Uning kallasi kichkina, nihoyatda kelishgan bo‘lib, kishnaganda burun teshiklari keng kerilar, ko‘zlarida o‘t chaqnardi, oyoqlari baquvvat, yoli uzun, ko‘krakdor – xullas, kuchli, chayir ekanligi shunday ko‘rinib turardi. Ot zotidan yaxshi xabardor bo‘lgan Mak-Nabbs pampas otlarining bu chiroyli namunasidan ko‘z uzolmay qoldi; mayor bu go‘zal jonivorning ingliz gunteriga o‘xshash ketadigan joylari borligini aniqladi. Bu uchqur otning ismi «Tauka» ekan, patagon tilida bu so‘zning ma’nosi «qush» demakdir. Shubhasiz, bu ism unga juda kelishib tushardi.
Talkav bir sakrab o‘z Taukasiga mindi, ot darhol olg‘a otildi. Patagoniyalikka qaragan kishining zavqi kelardi: Talkav ajoyib chavandoz chiqdi. Uning egariga Argentina qirlarida rasm bo‘lgan ikkita ovchilik quroli – bolas va lasso bog‘lab qo‘yilgandi. Bolas bir-biriga charm qayish bilan ulangan uchta shardan iborat. Hindular bolasni quvib borayotgan dushman yoki hayvonlariga yuz qadam masofadan ham otaveradilar, yana shunday ustalik bilan mo‘ljallab otadilarki, u qochib ketayotgan kishi yoki hayvonning oyog‘iga o‘ralib, uni darhol yerga yiqitadi. Bolas mohirlik bilan ishlata bilgan hindu qo‘lida juda qo‘rqinchli qurol. Lasso esa hech qachon ovchining qo‘lidan butunlay chiqib ketmaydi. U ikkita pishiq qayishdan to‘qilgan, bir uchi sirtmoq qilinib, temir halqa o‘rnatilgan o‘ttiz futcha uzunlikdagi charm arqondan iborat. Ovchi bu sirtmoqni o‘ng qo‘li bilan uloqtiradi, chap qo‘li bilan esa uning egarga mahkam bog‘lab qo‘yilgan uchini ushlab turadi. Yelkasiga osib olgan uzun karabin patagoniyalikning uchinchi quroli edi.
O‘zining mag‘rur, bamaylixotir,
70
Unsiya – 1) oltin va boshqa nodir qimmatbaho metallarning asosiy vazn birligi (troyya yoki tanga u.si) = 31,1035 g; 2) ing. o‘lchov tizimida massa birligi. 1 U. = 16 draxma = 437,5 gran = 28,35 g; 3) dorixonada ishlatiladigan ogʻirlik birligi, hozirgi vaqtda qoʻllanilmaydi; 4) suyuqlik unsiyasi hajm (sigʻim) birligi. AQShda 29,57 sm3 (1/128 gallon), Buyuk Britaniyada – 28,41 sm3 (Muharrir izohi).