Капитан Грант болалари. Жюль Верн
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Капитан Грант болалари - Жюль Верн страница 32
Glenarvan otryadi Kordiler daralaridan chiqishi bilanoq bu yerlarda «medanos» deb ataladigan qum tepalarga duch keldi. Agar bu qum tepalari o‘simliklar ildizi bilan mahkamlanmagan bo‘lsa shamol ularni dengiz to‘lqinlaridek u yoqdan-bu yoqqa hayday beradi. Bu tepaliklarning qumi nihoyatda mayda bo‘lganidan sal shabada tursa ham uchib ketaveradi, ba’zan juda balandlarga ko‘tarilib ketadigan qum quyunlar hosil bo‘ladi. Bu ayni vaqtda ham juda tomoshabop manzara, ham ko‘zning zavoli. Tomoshabopligi shundaki, qirda daydib yurgan quyunlarni kuzatish, ularning bir-biri bilan to‘qnash kelishini, aralashib ketishini, yerga cho‘kishini, so‘ng yana boshi-keti yo‘q tartibsizlik bilan ko‘tarilishini tomosha qilish juda qiziq; ko‘zning zavoli ekanining sababi shundaki, ko‘chib yurgan bu son-sanoqsiz medanoslarning juda mayda zarralari ko‘zingni qancha qattiq yumsang ham ichiga kirib oladi.
Shimoldan esgan shamol qo‘zg‘agan bu quyunlar deyarlik kun bo‘yi davom etdi. Shunga qaramay otryad tez ilgarilab bordi, shuning uchun kechqurun soat oltilarga borib, qirq milcha orqada qolib ketgan Kordiler tog‘lari oqshomgi tuman orasida bilinar-bilinmas qorayib ko‘rina boshladi.
O‘ttiz sakkiz mil yo‘l bosib anchagina charchagan sayohatchilarimiz dam olish vaqti kelganidan mamnun bo‘ldilar. Ular baland qizg‘ish qoyalar orasidan oqayotgan loyqa suvli, tezoqar Rio-Neukvem daryosi bo‘yida to‘xtadilar. Neukvem daryosini ba’zi geograflar «Ramid» deb, boshqalari esa «Komoe» deb ataydilar, daryo faqat hindularga ma’lum bo‘lgan ko‘llar orasidan oqib keladi.
Bu kecha bilan keyingi kunda hikoya qilib berishga arziydigan biror hodisa yuz bermadi. Hech qanday to‘sqinlikka uchramay, tez ilgarilab bordilar. Tekis yo‘l va mo‘tadil tempe ratura sayohatni juda osonlashtirdi. Lekin, har qalay, tushga yaqin kun isib ketdi, quyosh nurlari badanni kuydira boshladi. Kechki payt janub-g‘arb tomonda ufq qop-qora bulut bilan qoplandi. Bu ob-havoning o‘zgarishidan darak berardi.
Patagoniyalik buni bilmasligi mumkin emasdi, u geografiya olimiga qo‘li bilan ufqning g‘arb tomonini ko‘rsatdi.
‒ Bilaman, – dedi Paganel va o‘z hamrohlariga o‘girilib: – Havo o‘zgaryapti. Biz pampero bilan tanishadiganga o‘xshaymiz, – deb qo‘shib qo‘ydi.
So‘ng darhol pampero – Argentina qirlarida tez-tez bo‘lib turadigan juda quruq janub-g‘arbiy shamol ekanini tushuntirib berdi. Talkav yanglishmadi, kechasi shitob bilan pampero esa boshladi. Faqat bir qavat ponchoga o‘ralib yotgan odamlar uchun bu juda og‘ir mashaqqat edi. Otlar yerga yotdilar, odamlar, esa ular atrofiga to‘p bo‘lib oldilar. Glenarvan bo‘ron yo‘ldan ushlab qolmasa edi, deb tashvishlana boshladi, lekin Paganel o‘z barometriga qarab, uni tinchitdi:
‒ Barometr simobi pastlasha bersa, odatda, pampero uch kun uzluksiz davom etadi. Lekin hozir barometr simobi ko‘tarilyapti, demak, bo‘ron bir necha soat quturadi-yu, bosiladi. Xotirjam bo‘lavering, aziz do‘stim, ertalab yana havo ochilib ketadi.
‒ Siz hamma narsaga javob bera oladigan kitobga o‘xshaysiz-a, Paganel, – dedi Glenarvan.
‒ Men rostdan ham kitobman, – deb javob berdi Paganel, – istaganingizcha varaqlab o‘qishingiz mumkin.
Kitob xato qilmadi: kechasi soat birda bo‘ron birdan tinib qoldi, shundan so‘ng sayohatchilar yaxshilab uxlab, kuch yig‘ib oldilar. Hammalari, ayniqsa Paganel, uyqudan tetik va bardam bo‘lib turdilar: olim mazza qilib kerishar va suyaklarini qirsillatardi.
24-oktabr. Sayohatchilarimiz Talkaguanodan yo‘lga chiqqanlariga o‘n kun bo‘ldi. O‘ttiz yettinchi parallel Rio-Koloradoni kesib o‘tadigan yerga yetish uchun yana to‘qson uch mil71, ya’ni uch kunlik yo‘l qolgan. Amerika qit’asi orqali bo‘lgan bu sayohat vaqtida Glenarvan kapitan Grant haqida biror ma’lumot olish umidida hindularni uchratishga harakat qildi, u buni Paganel endilikda durustgina gaplashadigan bo‘lib qolgan patagoniyalik Talkav orqali amalga oshirishi mumkin edi. Lekin ular hindular kam yuradigan joylardan o‘tib borar edilar, chunki Argentina respublikasidan Kordiler tog‘lariga olib boradigan yo‘llar shimolroqdan o‘tardi. Shuning uchun sayohatchilarimiz o‘z yo‘llariga katsiklar qo‘l ostida yashovchi na o‘troq, na ko‘chmanchi hindularni uchratmadilar. Mabodo uzoqda biror otliq-ko‘chmanchi ko‘rinib qolgudek bo‘lsa ham, sayohatchilarni ko‘rishi bilanoq, aftidan, begona odamlarga duch kelishni xohlamay, ura qochar edi. Bu yerlardagi qirlarda yakka yurishga jur’at qilgan kishiga bunday otryad haqiqatan ham shubhali ko‘rinar, uchqur otlarga minib olgan sakkizta qurolli kishini ko‘rgan har qanday kishi ham qo‘rqib ketishi, ularni yomon niyatli kishi deb o‘ylashi mumkin edi. Shuning uchun sayohatchilar na tinch aholi bilan, na yo‘lto‘sar qaroqchilar bilan gaplasha olmadilar. Ular hatto restreadoreslar72 shaykasi bilan to‘qnash kelishga ham rozi edilar, hatto ular bilan miltiq otishdan gap boshlashga ham yo‘q demagan bo‘lardilar.
Glenarvanning umidi ro‘yobga chiqib, hindular bilan gaplashishning iloji topilmagan bo‘lsa ham, har holda, hujjatning keyingi izohi to‘g‘ri ekanini tasdiqlaydigan bir hodisa ro‘y berdi.
Otryad o‘z yo‘lida bir necha so‘qmoqni shular orasida Karmendan Mendosga boradigan muhim so‘qmoq yo‘lni kesib o‘tdi. Bu so‘qmoqni unda tez-tez uchrab turgan xachir, ot, qo‘y va ho‘kiz singari uy hayvonlarining suyaklaridan bilib olish qiyin emas edi. Yirtqich qushlar top-toza qilib qo‘ygan va shamolda oppoq bo‘lib ketgan bu suyaklar go‘yo yo‘l ko‘rsatuvchi qoziqlar vazifasini o‘tardi. Bunday suyaklar ming-minglab sochilib yotar, ularga qanchadan-qancha odam suyaklari aralashib ketgan bo‘lsa ajab emasdi.
Talkav shu vaqtgacha sayohatchilar qayerni mo‘ljallab borayotganlari haqida bir og‘iz bo‘lsin so‘ramadi. Lekin sayohatchilar hozir ketayotgan yo‘l pampaslardagi yo‘llardan birontasiga ham aloqasi yo‘qligini, bu tarzda yo‘l yurib na biror shaharga, na biror qishloqqa, na Argentina viloyatlaridan birontasining idoralariga chiqib bo‘lmasligini tushunar edi, albatta.
Otryad har kuni ertalab chiqib kelayotgan quyosh tomonga qarab yo‘lga chiqar va kechgacha hech qayoqqa og‘may, to‘g‘ri yo‘l bosar, kechqurun tunash uchun to‘xtaganlarida, botayotgan quyosh sayohatchilarning orqasida qolardi. Yo‘l boshlovchi bo‘lgani uchun bu tarzda yo‘l yurish Talkavga g‘alati tuyulgan bo‘lsa kerak, chunki sayohatchilarni Talkav emas, aksincha, sayohatchilar uni boshlab borar edilar. Mabodo u bunga ajablangan bo‘lsa ham, hindularga xos og‘irlik bilan buni bildirmay borardi, shuning uchun otryad biror yo‘lni kesib o‘ta turib, unga burilishni istamaganda u hech narsa demas edi. Lekin bugun, otryad yuqorida tilga olingan Karmendan Mendosga boradigan so‘qmoqqa chiqqanda Talkav otini to‘xtatdi va Paganelga o‘girilib:
‒ Bu yo‘l Karmenga boradi, – dedi.
‒ To‘g‘ri, patagoniyalik aziz do‘stim, – deb javob berdi Paganel, ispan so‘zlarini iloji boricha aniq talaffuz qilishga tirishib, – bu yo‘l Karmendan Mendosga olib boradi.
‒ Biz bu yo‘ldan yurmaymizmi? – deb so‘radi Talkav.
‒ Yo‘q, – deb javob qaytardi Paganel.
‒ Biz qayerga ketyapmiz?
‒ Faqat sharqqa.
‒ Unda hech qayerdan chiqmaymiz-ku.
71
150 kilometr (Muallif izohi).
72
Qir yo‘lto‘sarlari (Muallif izohi).