Tom Soyerning boshidan kechirganlari. Марк Твен
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Tom Soyerning boshidan kechirganlari - Марк Твен страница 4
– Mashina to‘xtatilsin, ser! Din-dilini, din-dilindin!
U sekin-asta yo‘lning o‘rtasidan chiqib, chetga yaqinlashib kelar edi.
– Orqaga! Dilin-dilin-din!
U go‘yo boshlig‘i oldida turgandek, qaddini rostlab, qo‘llarini yoniga mahkam bosib turdi.
– Orqaga tisarib yurgiz! Chapga bur! Chish-chish-chish!
Uning o‘ng qo‘li katta-katta doiralar chizib ko‘rsatar, chunki u, go‘yo aylanasi qirq fut keladigan g‘ildirakdek bo‘lib ko‘rinardi.
– Chap yonboshi bilan yurgiz! O‘ngga bur! Dilin-din-din! Chish-chish-chish!
Endi u chap qo‘li bilan doiralar chizdi.
– To‘xta, o‘ngga bur! Dilin-din-din! To‘xta, chapga bur! Sekinroq hayda! To‘g‘riga, o‘nga yurgiz! Arqonni tashla! To‘xta! Tez bo‘l! Din-dilin-din! Hoy, qirg‘oqqa qarab yurgiz! Chau! Chau! Chau! Nega to‘xtab turibsan? Arqonni tort! Arqonning halqasini mana shu qoziqqa il! Arqonni to-o-rt! Qo‘yib yubor! Mashina to‘xtadi, ser! Dilin-din-din!
– Sht! Sht! Sht! – U go‘yo bu bilan, jo‘mraklardan chiqib kelayotgan sovugan bug‘ning chirtillashiga taqlid qilar edi.
Tom, paroxodga hech bir e’tibor bermay, devorni oqlashda davom etdi. Ben hayron bo‘lib unga biroz tikilib qarab turdi-da keyin:
– Ha, ha, tuzoqqa tushding-ku, – deb qo‘ydi.
Uning bu so‘ziga javob bo‘lmadi. Tom, go‘yo chinakam rassomlardek, o‘zining so‘nggi marta surtgan ohagi rangidan zavqlanib turdi; keyin qo‘lidagi cho‘tkasini sekingina yana bir yurgizib chiqqandan so‘ng, biroz orqaga chekinib, o‘zining qilgan ishiga tikilib qarab qo‘ydi. Ben o‘z kemasini yaqinroq olib kelib, uning bilan yonma-yon turdi. Uning qo‘lidagi olmasini ko‘rib Tomning og‘zidan so‘lakayi oqa boshlagan bo‘lsa hamki, u zo‘r berib ishlay berdi.
Nihoyat, Ben so‘z ochib:
– Do‘stim, kampir seni ishga solib qo‘ydimi? Iloj yo‘q, ishlash kerak, – dedi.
– Ey, sen Benmisan? Men sening kelganingni payqamay qolibman.
– Menga qara, hoy, men cho‘milishga ketayotirman! Sening ham cho‘milging kelayotgandir-a? Lekin sen bu yerda ishlashing kerak, shunday emasmi? Albatta shunday-da!
Tom unga qaradida:
– Sen ish deb nimani aytyapsan? – dedi.
– Axir, bu ish emasmi?
Tom qaytadan oqlash ishiga tutinar ekan, beparvolik bilan:
– Balki shundaydir, balki bunday emasdir, har holda bu ish, Tom Soyerning ko‘nglidagidek ish, – dedi.
– Qo‘ysangchi behuda gapni, har holda sen shu qilayotgan ishingni yoqtiraman deb ayta olmaysanku?
Tomning qo‘lidagi cho‘tka devor yuzida to‘xtovsiz yurib turar edi.
– Yoqtirmaysan deysanmi? Nega yoqtirmayin, bolalarga bunday devor oqlash ishi har kun nasib bo‘lavermaydi-ku?
Ish boshqacha tus oldi. Ben olma yeyishdan to‘xtadi. Tom qo‘lidagi cho‘tkasini yengillik bilan yurgizar va damba-dam orqaga tislanib borib, maroq bilan qilgan ishini kuzatar, chala yerlarini topgandek cho‘tkani yana u yer, bu yerga tekizib qo‘yar va o‘zining qilgan ishini yana qayta-qayta ko‘zdan kechirar edi. Ben esa, uning har bir harakatini kuzatar, borgan sari uning qiliqlariga berilib, ko‘zini uzmay qiziqib qarab turar edi.
Nihoyat, u Tomga:
– Menga qara, Tom cho‘tkangni ber, men ham biroz oqlab ko‘ray! – dedi.
Tom biroz o‘ylanib turgandan keyin, go‘yo rozi bo‘lgandek bo‘ldi, biroq keyin o‘zining bu fikridan qaytib:
– Yo‘q, yo‘q, Ben, bu ish qo‘lingdan kelmaydi, deb o‘ylayman. O‘zing bilasan-ku, mening Polli xolam aytganini qildiradigan xotin. Bu devor ko‘cha tomonga qaraydi, hovli ichida bo‘lganida ham bir gap edi. Bu ko‘cha tomon, shuning uchun buni juda hafsala bilan oqlash kerak. Mening fikrimcha, bir ming, hatto ikki ming bolaning ichidan ham buni tuzukkina qilib oqlay oladigan topilmas, deb o‘ylayman.
– Qo‘ysang-chi? Nahotki, shuni hech kim qilolmasa! Qani, menga ber-chi, ozgina urinib ko‘ray. Agar men sening o‘rningda bo‘lsam, darrov berar edim. Nima deding, Tom?
– Ben, men senga jonim bilan berar edim-u, Polli xolam bor-da… Ana, Jim ham shu ishni qilmoqchi bo‘lgan edi, xolam unga ruxsat bermadi. Sid ham so‘radi, unga ham yo‘l qo‘ymadi. Endi shu ishni birovning qo‘liga ishonib topshirib qo‘yish meninguchun qanday qiyin, o‘zing tushunasan-ku! Sen bu ishni qilsang-da, biror yerini yomon qilib qo‘ysang…
– Bekor gap! Men sendek ishlashga tirishaman. Kel, beraqol endi, bir ishlab ko‘ray-chi! Menga qara, agar xo‘p desang, senga olmaning bir bo‘lagini beraman.
– Ha, xo‘p kel! Yo‘q, yo‘q. Ben, qo‘y, shu gapni aytma, men juda qo‘rqaman…
– Men senga hamma olmamni beraman. Qo‘limda qolgan olmamning hammasini…
Tom, istar-istamas, lekin ichidan sevinib, qo‘lidagi cho‘tkani unga berdi. Avval «Ulug‘ Missuri» paroxodi bo‘lgan bola quyoshda kuyib, terlab, mehnat qilib turar ekan, Tom soyadagi gul tuvak ustida oyoqlarini o‘ynatib, olmani kavshab, tomosha qilar, bundan boshqa landavurlarni qo‘lga tushirishuchun tuzoq qo‘yib o‘tirar edi. Bunday qurbonlar esa juda ko‘p edi: bolalar devor yoniga kelib turishar, ular biroz tomosha qilib ketmoqchi bo‘lib kelganlari holda, shu yerda turib qolib, devor oqlashga kirishar edilar. Ben devor oqlay berib tamom charchagan vaqtda, Tom ishning ikkinchi navbatini Billi Fisher degan bolaga bir qog‘oz varaqqa sotdi. Fisher charchagandan keyin, uning o‘rniga Jonni Miller kelib, buning uchun bir o‘lik kalamush va uning dumidan bog‘lab osiltirib yurish uchun bir ip ham berdi. Shu tartibda, har bir soatda bu ishning havaskorlari o‘z-o‘zidan kelib, almashinib turdilar. Kun tush payti bo‘lganida, ertalab hech narsasi yo‘q bechora Tom, turli zeb-ziynat narsalarga ega bo‘lib, boyib ketdi. Yuqorida aytilgan boyliklardan tashqari unda endi: o‘n ikkita marmar soqqa, bir hushtak, ko‘zga tutib qarash uchun ko‘k shishaning