Амир Темур севган юрт. Хаким Сатторий

Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Амир Темур севган юрт - Хаким Сатторий страница 12

Жанр:
Серия:
Издательство:
Амир Темур севган юрт - Хаким Сатторий

Скачать книгу

Atrof o‘t-o‘langa burkangan. G‘o‘lmarashadan chiqadigan shoti tushib ketibdi, tosh tashib ko‘tardik-da, ulovlarni o‘tkazdik. Qal’ayi sheronga o‘tiladigan ko‘prik o‘rnida 2–3 chirigan xoda turibdi. Topqir Nazar daryodan o‘tishni taklif qildi. Yuklarni ko‘tarib o‘tdik-da, ot-eshaklarni bittalab daryoga itarib tushirib, narigi qirg‘oqqa tortib olaverdik. Hayvonlar sirpanchiq qoyada oyog‘ini tirab olar, qamchi yoki tayoq zarbidan ilojsiz bir metrlar pastga, shovullab oqayotgan tog‘ daryosi gumiga sakrardi. Bu joydan qaytishda aslo chiqib bo‘lmaydi – bu haqda o‘ylash fursati emas, yo‘lda davom etish kerak.

      O‘siq butalar, daraxt shoxlari yurishni qiyinlashtirar edi. Manzil ham negadir bu safar ancha uzoq tuyuldi. Kun oqqanda Ho‘kizburun sharsharasiga yetib keldik. Sochilib oquvchi Baytaldumi favvorasi qurib qolibdi. Undan bir kilometrlar yurgach, uzoqdan g‘orning og‘zi ko‘rindi. Daryo bo‘yidagi tekislikda to‘xtadik.

      Sohibqiron haqida nima o‘qigan bo‘lsam, hech birida uning g‘orda bo‘lgani haqida batafsil ma’lumot yo‘q. «Temurnoma»da Balxni qo‘lga kiritayotganda bir muddat tog‘-toshlarda, g‘orlarda yashab yurganiga ishoralar bor. Bizning bu savolga aniqlik kiritishga qurbimiz yetmaydi, nihoyati g‘orni borib ko‘rishimiz mumkin. Keksalar Temur bu yerda uzoq vaqt yashagani, mislsiz yurishlariga tayyorgarlik ko‘rgani haqida ishonch bilan gapirishardi.

      G‘o‘lmashara darasida ikki qoya (orasi 50–60 metrdan 150–200 metrgacha bor)ga arqon tortib askarlarini osiltirib o‘tkazar ekan. Bunday mashqni, hatto, Qal’ayi sheron darasida (oraliq 2 kilometrlar chamasi, balandlik 500 metrdan kam emas) ham takrorlarkan. Bovurchida shunday tekis maydonlar borki, ming lashkar ham ot surib jang qila oladi. Ho‘kizburun oldida yaqinlargacha tegirmon toshlari (odatdagidan kichikroq) turarkan. Dara tabiiy jihatdan juda qulay, to‘satdan hech kim bostirib kela olmaydi. Uzoq-yaqinni ko‘rgan ekspeditsiya a’zolari bunday manzaralar betimsol va takrorlanmas ekanini tan oldilar.

      Ko‘pchilik shu sayhonlikda tunash va g‘orga ertalab jo‘nash taklifini bildirishdi. Chunki tepada suv yo‘q, faqat yayov borish mumkin. Bir guruh «jangovar qism» (olti kishi ajralib chiqdi) supada uxlash istagini izhor qilishdi. «Bo‘linmanglar, bo‘ri ko‘p», deyishdi boshqalar. Tashabbuskorlar esa «Nizomda «Muborak supada tong ottiriladi», deyilgan. Biz buni bajarmas ekanmiz, kelajak avlodlar kechirmaydi» degan da’voni qo‘yishdi. Buni rad etib bo‘lmadi. Men ham ular bilan ketdim.

      Bir soatlar tik qiyalikdan tirmashib yo‘l yurdik. Nihoyat, silliq terilgan toshlarga ko‘zimiz tushdi, uzunligi 18–20, balandligi 3–5 metr. Yovvoyi qoyalar orasida inson qo‘lining izlari issiq va madadkor tuyuldi. Supa yuzida besaranjomlik, olov qoldiqlari, toshlar sochilib yotibdi, irg‘itilgan, sindirilgan shishalar ko‘zga tashlanadi. Qo‘lbola supurgi yasab, obdon tozaladik, tosh terib o‘choq yasadik. Atrofda qari daraxtlar rosa yiqilib yotibdi, mo‘l-ko‘l o‘tin hozirladik. Xuddi yozgi ta’tildan uyiga qaytgan shaharlikdek, hafsala bilan bir zumda hamma narsani muhayyo qildik. Endi tong ottirsa bo‘ladi.

      Kimdir yerni bir metrlar chuqurlikda kavlabdi, go‘ng va somonli loy qatlami ko‘rinib turibdi. Supaga tik ravishda uch joyda ko‘milgan ustunning o‘rinlari bor. Supadan shipgacha 15 metr keladi. Ehtimol, bir vaqtlar xonachalar bo‘lgandir. G‘orga kirish joyi ulkan xarsanglar bilan to‘silgan. Qorong‘ulik cho‘ka boshladi, harorat – mo‘tadil.

      O‘tin to‘plab, olov yoqdik. Gulxan atrofida yarim tungacha gaplashib o‘tirdik, pastda, daryo bo‘yida ham ertalabgacha o‘t o‘chmadi.

      Tong g‘ira-shirasida pastdagilar ham shovqin-suron bilan yetib kelishdi. Qisqa mashvaratdan so‘ng sinoatli g‘or safari boshlandi. U ikki qismdan iborat. Otxona deb ataluvchi qism 70 metrlar uzunlikda, juda ulkan, baland. Toshga shunaqa naqshlar o‘yilganki, ular tabiat ijodidan ko‘ra iqtidorli usta san’atiga o‘xshaydi. Ichkaridan bir parcha sopol topib oldim, u yarim santimetrlar qalinlikda, tirnoqning yuzidan kattaroq, botiq shaklda, sirti yashil rangda sirlangan. Qanday kelib qoldi ekan, yo g‘or shiplarida bezak berilgan joylar bo‘lganmi? Ayniqsa, Otxonadan chiqishda, shipda inson qo‘lining izlari aniqroq qolganga o‘xshaydi. Asosiy g‘orga kiraverishda aylanma zinalar yasalgani bilinib turibdi. Ichkari qorong‘u bo‘lishidan tashqari nam, biron hid sezilmaydi. Devorlar tosh sumalaklar bilan shunday bezanganki, faqat kuchli chiroq yorug‘ligida ularning butun sehrini kashf etish mumkin. Vaqti kelib, bu joy muzeyga aylantirilsa, shunda odamlar ashyolardan ko‘ra ko‘proq g‘or devorlarini tomosha qilishsa, ajab emas.

      350 metrlardan keyin qilko‘prikdek sinovdan o‘tkazuvchi qisilma keladi. Barvasta odamlar shu yerda qoldi. 30–40 metr faqat emaklab yuriladi. Namlik ortib boradi, daryo shovqinidek kuchli guvlash quloqqa chalina boshlaydi. Nihoyat, ko‘lgacha yetdik. Bu joyga oldin ham 3–4 marta qadamim tekkan. Nazarimda, ko‘l atrofi manzarasi o‘zgargan, chap tarafdagi tosh uyumlari oldin yo‘qdek edi. Bu safar suv bo‘yiga 2 metrlar tepadan kelib qoldik. Zehnim ishlamaydi – ko‘ldan keyingi teshik – g‘orning davomi qayerda? Tosh uyumlaridan sudralib, o‘ng tarafga yurdim. Chiroq yorug‘ida tanish manzara ko‘rindi, faqat suv sathi balandroq edi.

      Kechib o‘tishga to‘g‘ri keldi, suv sovuq, etni junjiktiradi. Tizzamdan oshib ketdi. Mayda toshli, qora tuproqli joyga chiqib oldim. Kavak bo‘rining uyasiga o‘xshardi. Emaklab yuqoriladim, so‘ngra qiyalab yurish imkoni bo‘ldi. Izimdan Jumanazar va Nurali yetib keldi. Nihoyat, to‘rga yaqinlashdik, uning shifti juda baland, kavaklar ko‘rinadi, hatto boshi to‘qmoqli qoziqdek tosh ham bor. Ehtimol, pastdan arqon otib, yuqoriga chiqish mumkindir.

      Bu marra ekspeditsiyaning cho‘qqisi hisoblanadi, yo‘lga chiqqanimizning yettinchi kuni unga erishdik. Xat qoldirmoqchi bo‘ldik. Uchovda ham qog‘oz-qalam yo‘q ekan. Mayda toshlar (ular g‘orga ko‘tarilgan odamlar soniga teng–21 ta) bilan «Yosh–91» degan shartli so‘zlarni yozdik, ko‘rinib tursin uchun belbog‘dan yirtib, oq surp bilan o‘rab qo‘ydik. «Tantanali» marosim tugab, orqaga yo‘l oldik.

      «Odam, inson kabi yashab o‘t!» G‘or og‘zidagi daftarda shu so‘zlar bo‘rttirib yozilgan, XX asr odamining noqis panjasi xilvat g‘or qa’riga ham yetib kelibdi. Ichkarida chaynalib tashlangan suyaklar, maydalangan shisha siniqlari tez-tez uchraydi. Hatto eng to‘rda shunday manzara. Bu – zamondoshimiz ichki dunyosining ifodasi, barcha muqaddas narsalar ustidan kulish, boshiga millat sharafini emas, aroq shishasini kiyib olganligi ramzidir. Nahotki kamdan-kam odamning qadami yetadigan xilvat go‘shaga boshqa niyatni tugib emas, aroqxo‘rlik qilish uchun keladilar? Alkogol vujudnigina emas, ong-tushunchalarni ham zaharlagan.

      Bu g‘or bundan o‘ttiz yillar oldin hozirgidan ancha boy, latofatli bo‘lgan. Keyinchalik g‘uzorlik keksa pedagog Abdurahmon Azizov 50-yillarning o‘rtalarida kitoblarni ko‘rganligini, qoziqlar, oxurlarning o‘rni saqlanib turganini aytib berdi. Endi esa ular yo‘q, tashrif buyurganlar ularni talagan (bu yerga chet eldan ham qaysidir yo‘llar bilan kelib turishadi), tashib ketgan. Hatto chiroyli stalaktit-stalakmitlar ham qolmapti, ularni sindirib olib ketishyapti. Demak, g‘orni o‘rganishgina emas, uni muhofaza qilish ham dolzarb masala bo‘lib turibdi.

      MUNOJOT

      Qaytishda kinochilar guruhi cho‘qqini aylanib o‘tishga ahd qildi. Bu yo‘lni ko‘rmaganim uchun qiziqib men ham qo‘shildim. Asosiy to‘da bilan ma’lum joyda ko‘rishishga kelishib, xayrlashdik.

      Qoya bo‘ylab ketgan iz qiyalab boradi-da, yuqoriga o‘rlaydi. Yo‘l yo‘q, faqat uning belgilari qolgan. Qadimda shu iz orqali otda qatnaganlarini naql qilishardi, rostdan, onda-sonda ko‘ndalang tashlangan yo‘g‘on yog‘ochlar uchraydi. Toshlar orasidan o‘tgan yo‘l tugab, etlam (tuproqli) yerga chiqdik. Pastlik ko‘zga tashlanadi, yerni chitirlar payvas qoplab olgan.

      Obdon charchagan hamrohlar yonlab yurishni taklif qildilar. Menimcha, yo‘lni cho‘qqiga qarab tikka olish kerak. Og‘ir bo‘lsa ham shunday qilish shart, bo‘lmasa, qoziqda aylangandek yuraveriladi. Bir kilometrlar tikka ko‘tarilishga

Скачать книгу