Уч бақалоқ. Юрий Олеша
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Уч бақалоқ - Юрий Олеша страница 3
– Ana xolos! – deb pichirlardi doktor. – Demak, xalq yengilibdi-da… Endi nima bo‘ladi?
Yarim soatdan keyin u odamlar gavjum joyga yetib oldi. Juda charchagan, qorni ham ochgan, chanqagan edi. Bu yerda shahar odatdagi qiyofada edi.
Doktor uzoq yo‘l yurib toliqqanidan chorrahada to‘xtab dam ola boshladi va: «Taajjub! Bu yerda rang-barang chiroqlar yonyapti, izvoshlar g‘iz-g‘iz o‘tib turibdi, oynaband eshiklar jiring-jiring qilib ochilib-yopilyapti. Yarim doira derazalar oltindek tovlanyapti. Anavi yoqda, qator tizilgan ustunlar yoqalab juft-juft bo‘lib tansa tushishmoqda. U yerda bazmi jamshid avjida. Zulmat qoplagan ko‘l ustida rang-barang xitoy fonuslari chayqaladi. Odamlar kecha qanday yashashgan bo‘lsa, hozir ham o‘sha-o‘sha. Nahotki bugun ertalab yuz bergan falokatdan bexabar bo‘lishsa? Nahot ular o‘q va zambarak ovozlarini, odamlarning dod-faryodlarini eshitmagan bo‘lishsa? Xalq sardori qurolsoz Prosperoning qamoqqa olinganidan nahotki bu odamlar bexabar bo‘lishsa? Balki men o‘sha mudhish voqealarning hammasini tushimda ko‘rgandirman?» – deb xayolidan o‘tkazdi.
Uch shoxli fonus yonib turgan muyulishda yo‘lka yoqalab izvoshlar tizilishib turardi. Gulchi qizlar gul sotishardi. Izvoshchilar gulchi qizlar bilan gurunglashardilar.
– Uning bo‘yniga sirtmoq solishib, shaharning hamma ko‘chalaridan sazoyi qilib olib o‘tishdi. Boyaqish!
– Endi uni temir qafasga solib qo‘yishibdi. U qafas Uch Baqaloqning Qasrida turganmish, – dedi boshiga tasmali havorang silindr kiygan semiz izvoshchi.
Shu payt bu yerga bir xonim qizchasini yetaklab keldi – u gul olmoqchi edi.
– Kimni qafasga solishibdi? – deya sinchkovlik bilan so‘radi xonim.
– Qurolsoz Prosperoni. Gvardiyachilar uni asirga olishdi.
– Voy, xudoga shukur-e! – dedi xonim.
Qizcha hiqillab yig‘lay boshladi.
– Nega yig‘layapsan, tentak qiz? – deya ajablandi xonim. – Qurolsoz Prosperoga achinyapsanmi? Achinish kerak emas unga. U bizga yomonlik qilmoqchi bo‘lgan edi. Mana bu gullarni qara, qanday chiroyli…
Yirik-yirik atirgullar suv va yaproqlar to‘la idishlarda xuddi oqqushlar singari ohista suzib yurardi.
– Mana senga uchta atirgul. Achinma ularga. Ular isyonchilar. Agar ularni qafasga solishmasa, bizning uylarimizni, kiyim-boshlarimizni, hatto gullarimizni ham tortib olishib, o‘zimizni qirib tashlashardi.
Shu mahal bu yerdan bir bola g‘izillab o‘tib qoldi. U avval xonimning yulduzsimon gullar tikilgan plashining etagidan, keyin qizchaning kokilidan tortdi.
– Hechqisi yo‘q, grafinya! – deb qichqirdi bola. – Qurolsoz Prospero qafasda bo‘lsayam, dorboz Tibul ozodlikda!
– Voy, yaramas bola-e!
Xonim jahl bilan yer depsingan edi, sumkachasi qo‘lidan tushib ketdi. Gulfurush qizlar xaxolab kulib yuborishdi.
Semiz izvoshchi bu g‘ala-g‘ovurdan foydalanib, xonimga izvosh tavsiya qildi.
Xonim qizchasi bilan izvoshga chiqib jo‘nab qoldi.
– Shoshma, hoy bolakay! – deb qichqirdi bir gulfurush qiz bolaga. – Beriroq kel-chi! Bilganlaringni bizga ham aytib ber.
Ikki izvoshchi yerga tushishdi-da, yelkapo‘shi besh qavat uzun chakmonlarining etaklariga chalishib, gulfurush qizlar oldiga kelishdi.
«Mana bu qoyilmaqom qamchi ekan! Qamchimisan-qamchi!» – deb o‘yladi bola, izvoshchi qo‘lida o‘ynatib turgan qamchiga ko‘z tashlarkan. Bola ham xuddi shunaqa qamchini orzu qilardi-yu, lekin ko‘p sabablarga ko‘ra bunga erisholmas edi.
– Boya nima deding? – deb so‘radi izvoshchi do‘rillagan ovoz bilan. – Dorboz Tibul ozodlikda dedingmi?
– Shunaqa deyishyapti. Men portga borgan edim…
– Gvardiyachilar uni o‘ldirishmagan degin? – so‘radi ikkinchi izvoshchi ham do‘rillagan ovoz bilan.
– Yo‘q, otaxon… Hoy, go‘zal qiz, menga bitta gulingdan ber!
– Shoshma, tentak. Sen, yaxshisi, bo‘lgan voqeani bir boshdan gapirib ber…
– Xullas, bunday… Oldiniga hamma uni o‘ldiga chiqarib qo‘ygan edi. Keyin uni o‘lganlar orasidan qidirib topisha olmabdi.
– Ehtimol, uni kanalga tashlab yuborishgandir? – deb so‘radi izvoshchi.
Bir gado kelib gapga aralashdi.
– Kimni kanalga tashlashibdi? – so‘radi u. – Dorboz Tibul mushuk bola emas. Cho‘ktirib bo‘psan uni. Dorboz Tibul tirik. U qochib qutulib qoldi!
– Gaping yolg‘on, naynov! – dedi izvoshchi.
– Dorboz Tibul tirik! – deya mag‘rur qichqirishdi gulfurush qizlar.
Bola bitta atirgulni o‘marib, ura qochib qoldi. Ho‘l gul bargidagi suv tomchilari doktorning yuziga sachradi. Doktor xuddi ko‘z yosh singari achchiq suv tomchilarini yuzidan artdi va gadoning gapini eshitish uchun to‘daga yaqinroq bordi. Shu mahal yuz bergan bir voqea suhbatning beliga tepdi. Ko‘chada g‘ayrioddiy bir namoyish paydo bo‘ldi. Oldinda mash’ala ushlagan ikki nafar otliq kelardi. Mash’alalar xuddi olovli soqoldek hilpirardi. Ular orqasidan gerbli qora kareta ohista borardi.
Kareta ketidan esa duradgorlar kelardi. Ular yuz kishi edi.
Ular yenglarini shimarib olib bo‘yinlariga fartuk taqib ishga shay bo‘lib borardilar, qo‘ltiqlariga arra, randa, qutilar qistirib olgan edilar. Bu izdixomning ikki yonida, otliq gvardiyachilar turnaqator tizilib kelayotgan edi. Ular chopishni xohlab o‘ynoqlayotgan otlarning jilovidan tortib borardilar.
– Bu nima o‘zi? – deya bezovta bo‘la boshladi ko‘cha-ko‘ydagi odamlar.
Gerbli qora karetada Uch Baqaloq Kengashining a’zosi o‘tirardi. Gulfurush qizlar qo‘rqib ketishdi. Ular kaftlarini iyaklariga qo‘ygancha Kengash a’zosini kuzatardilar. Uning boshi karetaning oynavand eshigidan ko‘rinib turardi. Ko‘cha charog‘on qilib yoritilgan. Kengash a’zosining parik kiygan qora boshi xuddi jonsizdek chayqalib borardi. Shuning uchun kareta ichida xuddi qush qo‘nib o‘tirganday tuyulardi.
– Chetlaninglar! – deb qichqirishardi gvardiyachilar.
– Duradgorlar qayoqqa ketishyapti? – deb so‘radi bir gul sotuvchi qizcha gvardiyachilar boshlig‘idan.
Shunda gvardiyachi qizchaning yuziga engashib shunaqa dag‘-dag‘a bilan shang‘illab berdiki, sho‘rlik qizchaning sochlari go‘yo qattiq shamol esgandek, tikkayib ketdi:
– Duradgorlar qatl kundasi qurgani ketishyapti! Tushundingmi? Ular o‘nta qatl kundasini qurishadi!
– A!
Qizchaning qo‘lidagi gul solingan idish tushib ketdi, gullari ko‘cha bilan bitta bo‘ldi.
– Ular qatl kundasi qurgani ketishyayti! – deb takrorladi dahshatga tushgan doktor