Уч бақалоқ. Юрий Олеша
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Уч бақалоқ - Юрий Олеша страница 6
Bu payt ofitser to‘pponchani ko‘tarib, Tibulni mo‘ljalga ola boshladi. Tibul tom labidan yurib sim tortilgan yerga yetib keldi, devordan ajradi va sim ustidan fonus tomon yura boshladi.
Olomon hayratga keldi.
Tibul chaqqonlik va ehtiyotlik bilan oyoq qo‘yarkan, qo‘llarini yoygancha chayqalib goh juda sekin yurar, goh birdan chopqillab ketardi. Har bir daqiqada u yiqilib tushayotganday bo‘lardi. Mana, endi uy devorida uning soyasi paydo bo‘ldi. U fonusga yaqinlashgan sari soyasi devor bo‘ylab pastga tusha boshladi va pastga tushgan sari nursizlanib kattalasha bordi.
Uning tagidagi maydon bamisoli jahannamdek chuqurlikda edi.
U fonusga boradigan yo‘lning yarmiga yetganida sukutga cho‘mgan maydonda ofitserning ovozi eshitildi.
– Hozir otaman. U to‘g‘ri hovuzga kelib tushadi. Bir, ikki, uch!
O‘q ovozi gumburladi.
Tibul yo‘lida ketaverdi, lekin ofitser negadir shaloplab hovuzga ag‘anab tushdi.
U o‘lgan edi.
Gvardiyachilardan birining qo‘lidagi to‘pponcha og‘zidan zangori tutun chiqayotgan edi. Ofitserni shu askar otib tashlagan edi.
– Itdan tarqagan! – dedi gvardiyachi. – Sen xalqning do‘stini o‘ldirmoqchi eding. Men bunga yo‘l qo‘ymadim. Yashasin xalq!
– Yashasin xalq! – deya jo‘r bo‘lishdi unga boshqa gvardiyachilar ham.
– Yashasin Uch Baqaloq! – deb baqirisha boshlashdi bularning dushmanlari.
Ular maydonning har tomoniga sochilib ketib, sim dor ustidan ketib borayotgan odamga qaratib o‘q uza boshladilar.
Tibulning fonusga yetishiga ikki qadam qolgan edi. U fonus shu’lasidan ko‘zini to‘sishga harakat qilib, plashini silkitardi. O‘qlar uning yonginasidan vizillab o‘tardi. Olomon xursandligidan qiyqirardi.
– Paq! Puq!
– Tegmadi!
– Ur-ra! Tekkizolmadi!
Tibul, nihoyat, fonus atrofini o‘ragan gardishga o‘tib oldi.
– Mayli! – deb qichqirishardi gvardiyachilar. – U hali narigi tomonga o‘ta boshlaydi… Yana sim ustidan yuradi-ku. Ana o‘shanda uni otib tushiramiz!
Shu payt hech kimning xayoliga kelmagan bir voqea yuz berdi. Fonus yorug‘ida qorayib ko‘rina boshlagan olachipor kiyingan Tibul fonusning temir halqasiga o‘tirib oldi-da, qandaydir bir muruvvatni buradi, nimadir sharaqlab ketdi-yu, shu zahoti fonus o‘chdi-qoldi.
Hech kim bir og‘iz so‘z aytishga ulgurmadi. Maydon endi xuddi yerto‘ladagidek judayam qorong‘i va jimjit bo‘lib qoldi.
Yana bir daqiqadan keyin esa juda-juda balandda yana bir nima taqillab, jaranglab ketdi. Zim-ziyo gumbaz ostida kichkinagina, xiragina chor burchak darcha ochildi. Hamma shu darcha orqali osmonning bir bo‘lagini va ikkita kichkinagina yulduzchani ko‘rdi. Keyin mana shu darchadan qora bir narsa tirmashib chiqdi va shisha gumbaz ustidan kimningdir shipillab o‘tgan oyoq tovushi eshitildi.
Gimnastikachi Tibul Yulduz maydonidan tuynuk orqali qochib ketgan edi.
Otlar otishmadan va to‘satdan qorong‘i bo‘lib qolganidan hurkib ketishdi.
Natijada doktor tushgan izvoshning ag‘darilib ketishiga sal qoldi. Aravakash ot jilovini keskin burib, doktorni orqa ko‘chalardan olib ketdi.
Shunday qilib, doktor Gaspar Arneri g‘ayrioddiy kun va g‘ayrioddiy kechani o‘z boshidan kechirib, nihoyat uyiga qaytib keldi. Uni uy bekasi Ganimed xola ostonada kutib oldi. Xola judayam qattiq hayajonda edi. To‘g‘ri-da: doktor juda uzoq vaqt yo‘q bo‘lib ketgan edi! Ganimed xola kaftlarini bir-biriga urib, oh-voh qilib, boshini sarak-sarak qilgancha derdi:
– Voy, sho‘rim, ko‘zoynagingiz qani? Sinib qoldi? Voy, doktori tushmagur-e! Plashingiz qayoqda qoldi bo‘lmasa? Yo‘qotib qo‘ydingizmi? Oh, oh!..
– Ganimed xola, men yana ikkala poshnamniyam sindirib tashlab keldim…
– Voy, o‘lmasam, bu ko‘rgilik ham bormidi?!
– Bugun undan ham og‘irroq falokat yuz berdi, Ganimed xola: qurolsoz Prosperoni asirga oldilar. Uni temir qafasga solib qo‘yishganmish.
Ganimed xola kunduzgi bo‘lgan voqealardan bexabar edi. U to‘plar gumburini eshitgan, shahar tepasida yong‘in shu’lasini ko‘rgan edi. Qo‘shni xotin unga Sud maydonida yuzta duradgor isyonchilarni qatl etish uchun kundalar yasashayotganini aytgan edi.
– Men judayam qo‘rqib ketdim. Hamma derazalarning qopqalarini yopdim-da, hech qayoqqa chiqmasdan sizni kutib o‘tirdim. Hadeganda kelavermadingiz. Judayam xavotir oldim. Tushlik ovqatingiz sovib qoldi, kechlik taomingiz ham sovidi, sizdan bo‘lsa darak yo‘q....
Tong otib qolgandi. Doktor yotgani hozirlik ko‘ra boshladi.
U o‘rgangan yuzta ilm orasida tarix fani ham bor edi. Uning charm muqovali kattakon daftari bo‘lib, doktor mana shu daftarga yuz bergan muhim voqealar haqida o‘z mulohazalarini yozib borardi.
– Har qanday vaziyatda ham saranjom bo‘lish kerak, – dedi doktor barmog‘ini ko‘tarib.
Shundan keyin, doktor garchi juda qattiq charchagan bo‘lsa ham, o‘sha charm muqovali daftarini olib, stuliga o‘tirdi-da, yoza boshladi:
«Hunarmandlar, konchilar, matroslar – shaharning barcha qashshoq aholisi Uch Baqaloq hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardi. Gvardiyachilar g‘olib chiqdilar. Qurolsoz Prospero qamoqqa olindi, gimnastikachi Tibul qochdi. Hozirgina Yulduz maydonida bir gvardiyachi o‘z ofitserini otib o‘ldirdi. Bu demak – yaqinda hamma askarlar ham xalqqa qarshi jang qilishdan va Uch Baqaloq hukumatini himoya qilishdan bosh tortadilar. Lekin Tibulning taqdiri xavotirli…»
Shu yerga kelganda doktor orqasidan bir nimaning taqillagani eshitildi. U orqasiga o‘girildi. U yerda kamin pech bor edi. Mana shu kamindan yashil plash kiygan baland bo‘yli bir odam chiqib keldi. Bu gimnastikachi Tibul edi.
IKKINCHI QISM
VALIAHD TUTTINING QO‘G‘IRCHOG‘I
IV BOB
SHARFURUSH AMAKINING AJOYIB SARGUZASHTLARI
Ertasi kuni Sud maydonida ish qaynardi. Duradgorlar u yerga o‘nta kunda qurayotgan edilar. Gvardiyachilardan tuzilgan soqchilar duradgorlar ishini nazorat qilardilar. Duradgorlar esa istar-istamas ishlardilar.
– Kosiblar va konchilar uchun kunda yasashni istamaymiz! – deb g‘azablanishardi ular.
– Ular bizning og‘alarimiz.
– Ular mehnatkash ahliga erk berish uchun jonlarini ham ayamadilar!
– O‘chir ovozingni! – deb baqirardi soqchilar boshlig‘i, uning hayqirig‘i shunchalik dahshatli ediki, baqirganida tikka turgan taxtalar yiqilib tushardi. – Jim bo‘llaring, bo‘lmasa hammangni qamchi bilan savalataman!