Уч бақалоқ. Юрий Олеша
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Уч бақалоқ - Юрий Олеша страница 4
Doktorning boshi aylanib, ko‘zi tinib ketdi. U o‘zini xushidan ketib yiqilayotganday seza boshladi.
«Men shu bir kunning o‘zida judayam ko‘p azob chekdim, – dedi u o‘ziga-o‘zi, – buning ustiga, qornim juda ham och, yana qattiq charchaganman. Tezroq uyimga bormasam bo‘lmaydi».
Darhaqiqat, doktor dam olishi kerak edi. U bugun yuz bergan hamma hodisalardan, barcha ko‘rgan, eshitganlaridan shunchalik hayajonga tushgan ediki, hatto o‘zining minora bilan birga qulab tushganiga, shlyapasi, plashi, hassasi va poshnalarini yo‘qotib qo‘yganiga ham e’tibor bermadi. Albatta, eng yomon tomoni ko‘zoynagining yo‘qolib qolgani edi.
U izvosh yollab uyiga jo‘nab ketdi.
III BOB
YULDUZ MAYDONI
Doktor uyiga qaytayotgan edi. U hashamatli zallardan ham ravshanroq yoritilgan judayam keng asfalt ko‘chalardan o‘tib borardi. Ko‘zoynagini yo‘qotib qo‘yganligidan ko‘chani kunday yoritib turgan chiroqlar marjoni xuddi osmoni-falakda miltillab turgandek tuyulardi. Ko‘zni qamashtiruvchi fonuslar, baqirlab qaynab turgan sut to‘ldirilgan sharlarga o‘xshardilar. Fonuslar atrofida har turli qanotli hasharotlar g‘ujg‘on o‘ynar va chiroqning taftidan nobud bo‘lib tutday to‘kilardi. Doktor sohilda qad rostlagan tosh devor yoqalab izvoshda ketib borardi. Bu devorning har yer-har yerida bronzadan yasalgan sherlar panjalarida qalqon ushlab, uzun tillarini chiqarib turishardi. Pastda, anhorda esa qatrondek qop-qora va yaltiroq suv lim-lim bo‘lib ohista oqardi. Shu suv sathida butun shaharning aksi to‘nkarilib ko‘rinar, cho‘kar, suv bilan oqib ketayotgandek bo‘lardi-yu, ammo hech oqib ketolmas, faqat nafis, oltin tangachalarga bo‘linib, erib ketardi. Doktor do‘mpaygan bukri ko‘priklardan o‘tib borardi. Pastdan yo narigi qirg‘oqdan qaragan odamga bu ko‘priklar bamisoli hujumga o‘tish oldidan temir yelkasini bukchaytirib olgan bahaybat mushukka o‘xshardilar. Bu yerda har bir ko‘prik og‘zida soqchilar turishardi. Askarlar do‘mbiralar ustiga o‘tirib, trubka chekishar, qarta o‘ynashar va yulduzlarga boqib kappa-kappa esnashardi.
Doktor bularning barini kuzatib, g‘o‘ng‘irg‘o‘ng‘ir gaplarga quloq solib o‘tib borardi.
Ko‘cha-ko‘ydan, uylardan, qovoqxonalarning ochiq derazalaridan, ko‘ngil ochar bog‘larning panjaralari ortidan kuylanayotgan qo‘shiqlarning ayrim so‘zlari eshitilardi:
Chapdast, tanti Prospero
Domga ilindi bexos,
Endi temir qafasda
O‘ltirar u qurolsoz.
Shirakayf bir olifta yigit bu qo‘shiqqa jo‘r bo‘ldi. Bu oliftaning puli judayam ko‘p, pulidan ham yuzidagi sepkillari ko‘p bo‘lib, uning badavlat bir xolasi yaqinda olamdan o‘tgan edi. Xolasining shu oliftadan boshqa bironta ham qarindoshi bo‘lmagani uchun, uning butun boyligiga shu yigit merosxo‘r bo‘lgan edi. Mana shuning uchun ham u xalq ommasining boylarga qarshi bosh ko‘targanidan norozi edi, albatta.
Hayvonot bog‘ida katta tomosha ko‘rsatilayotgan edi. Taxtalardan yasalgan sahnada yunglari hurpaygan uchta beso‘naqay maymun Uch Baqaloq hukmdorga taqlid qilib o‘yin tushardi. Foksterer3 mandolina chalardi. Yelkasiga oltinrang quyosh, qorniga zarrin oy tasviri tikilgan to‘q-qizil kiyim kiygan masxaraboz musiqaga jo‘r bo‘lib she’r o‘qirdi:
Bamisoli uch niq bug‘doy qop –
Ag‘darildi uchta Baqaloq!
Ular uchun qorindan o‘zga
Muhim tashvish ko‘rinmas ko‘zga!
Xushyor bo‘ling, Baqaloqlar, siz,
Ko‘p taltaymang, bitdi kuningiz!
– Bitdi, bitdi kuningiz! – deb chug‘urlab yuborishdi birdan chor atrofda qo‘nib turgan soqoldor to‘tiqushlar.
Shiddatli shovqin-suron ko‘tarildi. Har xil qafaslarda yotgan turli-tuman hayvonlar butun hayvonot bog‘ini boshlariga ko‘tarib, vovullay, irillay, bo‘kira, chiyillay boshladilar.
Sahnadagi maymunlar betoqat bo‘lishib o‘zlarini har yoqqa ura boshladilar. Ularning qo‘llari qayerda-yu, oyoqlari qayerda – bilib bo‘lmasdi. Keyin ular tomoshabinlar orasiga sakrab tushib, tiraqaylab qocha boshladilar. Olomon orasida ham g‘avg‘o ko‘tarildi. Hammadan ham, xo‘ppa semiz baqaloq odamlar ko‘proq shang‘illashardi. Yuzlari lavlagidek qizarib ketgan bu semiz odamlar g‘azabdan butun vujudlari qaqshab, shlyapalarini, qo‘llaridagi durbinlarini masxarabozga ota boshladilar. Bir semiz xonim soyabonini silkigan edi, yonida turgan boshqa bir baqaloq xotinga tegib ketib, uning boshidan shlyapasini uchirib yubordi.
– Voy, voy, voy! – deb chiyilladi qo‘shni ayol qo‘llarini boshiga ko‘targancha, chunki uning boshidan shlyapasi bilan birga parigi ham uchib ketgan edi.
Buning ustiga-ustak, qochib ketgan maymun ham xonimning kal boshiga shapatilab o‘tgan edi, xonim hushidan ketib yiqilib tushdi.
– Ha-ha-ha!
– Ha-ha-ha! – deb qotib-qotib kula boshladi olomonning bir qismi – ancha ozg‘inroq va soddaroq kiyingan odamlar. – Qoyil! Yashavor! Bopla ularni! Yo‘qolsin Uch Baqaloq! Yashasin Prospero! Yashasin Tibul! Yashasin xalq!
Shu mahal kimningdir:
– Yong‘in! Shaharga o‘t ketdi… – deya baqirgan ovozi baralla eshitildi.
Odamlar bir-birlarini bosib-yanchib, o‘rindiqlarni ag‘darib, darvoza tomon otildilar. Qorovullar har tomonga qochib ketgan maymunlarni tutishga tushdilar.
Izvoshchi orqasiga o‘girildi-da, qamchisi bilan uzoqqa ishora qilib doktorga dedi:
– Qarang, gvardiyachilar ishchi mahallalariga o‘t qo‘yishyapti. Ular dorboz Tibulni qidirib topishmoqchi…
Shahar uzra, to‘p-to‘p bo‘lib turgan balandpast qora uylar ustida pushtirang shafaq mavjlanardi.
Doktor tushgan izvosh shaharning Yulduz deb nomlanuvchi eng asosiy maydoniga yetganida to‘xtab qoldi, chunki undan nariga o‘tishning imkoni yo‘q edi. Bu maydonga kiraverishdagi ko‘cha og‘zida son-sanoqsiz izvoshlar, foytunlar, otliqlar, piyodalar tiqilib ketgan edi.
– Nima gap? – deb so‘radi doktor.
Hech kim hech nima deb javob bermadi, chunki hamma maydonda bo‘layotgan voqeaga mahliyo edi. Izvoshchi ham o‘rindig‘idan tikka turib, o‘sha tomonga qaray boshladi.
Bu maydonni Yulduz maydoni deb atashlariga sabab bor edi. Uning tevarak-atrofi balandligi, shakli bir xil uylar bilan qurshalgan, tepasi oynavand gumbaz bilan qoplangan edi, shu sababli u judayam ulkan sirkka o‘xshab ketardi. Gumbazning qoq o‘rtasida, judayam balandda dunyoda eng kattakon fonus yonib turardi. Bu tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada katta shar edi. Temir gardishdan belbog‘i bo‘lgan, juda yo‘g‘on simga osilgan bu sharsimon fonus Saturn sayyorasiga o‘xshab ketardi. Uning shu’lasi shunaqayam charog‘on, yer yuzidagi bironta ham shu’laga sira o‘xshamas ediki, odamlar bu fonusga Yulduz deb antiqa nom qo‘yishgan edi. Keyinchalik butun maydonni ham Yulduz deb ataydigan bo‘lishdi.
Maydonning o‘zida ham, maydon yaqinidagi uylarda ham, ko‘chalarda ham hech bir chiroq yoqishning hojati yo‘q edi. Maydon tevarak-atrofidagi hamma tor ko‘chalarni, hamma uylardagi barcha hujra-yu, qaznoqlarni ham mana shu Yulduz yoritib turardi. Bu yerda yashovchi odamlarda hech qanday chirog‘-u, shamlarga
3
Bo‘yi pakana ov iti.