Уч бақалоқ. Юрий Олеша
Чтение книги онлайн.
Читать онлайн книгу Уч бақалоқ - Юрий Олеша страница 7
Bir yerda shamol quturib alomat voqea yuz berdi: bir amaki shar sotib turgan edi, shamol uni shar-mufaklari bilan osmonga uchirib ketdi.
– Ura! Ura! – deb qichqirishdi bolalar bu antiqa parvozni tomosha qilisharkan. Ular xursand bo‘lganlaridan chapak chalishardi: birinchidan, bu manzaraning o‘zi alomat tomosha edi, ikkinchidan esa bolalar shar sotuvchi amakining osmonga uchib, noqulay ahvolga tushganidan bir qadar xursand edilar. Chunki bolalar bu sharchi amakiga doim hasad bilan qarardilar. Hasad – yomon narsa. Lekin iloj qancha! Qizil, ko‘k, sariq sharlar doim bolalar ko‘ziga juda ham ajoyib bo‘lib ko‘rinardi. Bunaqa sharka ega bo‘lish har qaysi bolaning eng shirin orzusi edi. Bu amakida bo‘lsa, bunaqa sharlar judayam ko‘p edi. Shar sotuvchi amaki umrida o‘zining qizil, ko‘k, sariq, sharlaridan birontasini hatto eng odobli bolagayam, eng yoqimtoy qizchagayam sovg‘a qilmagan edi; shunday qilsa, mo‘jiza sodir bo‘lardi-ya! Holbuki, mo‘jiza bo‘lmaydi-da!
Mana endi u shu toshbag‘irligi uchun jazosini oldi. U sharlari bog‘langan iplarga osilgancha shahar tepasidan uchib borardi. Juda balandda – moviy osmonda uchib borayotgan bu sharlarning g‘ujumlari bamisoli rang-barang bir bosh sehrli uzumga o‘xshardi.
– Voy-dod! – deb qichqirardi shar sotuvchi amaki jonidan umidini uzib, oyoqlarini likillatgancha.
Uning chipta kavushlari oyog‘iga ancha katta edi. U yerda yurgan paytida-ku, kavushlarining kattaligi uncha sezilmasdi-ya. Chunki u kavushlari oyog‘idan tushib qolmasligi uchun xuddi yalqov odamday oyog‘ini sudrab bosardi.
Ammo endi osmonga ko‘tarilganida yerdagi hunarini qo‘llay olmay qoldi.
– Padariga la’nat!
Uning oyoqlari xuddi loy tepayotganday likillardi.
– Padariga la’nat!
Uning boshi uzra bir to‘p shar shamolda silkinib, bir-biriga ishqalanib, g‘ijirlardi.
Axiyri uning oyog‘idan bir poy kavushi tushib ketdi.
Pastda shar sotuvchi amakiga ergashib chopib ketayotgan bolalar buni ko‘rib:
– Qaranglar! Xitoy yong‘og‘i! Xitoy yong‘og‘i! – deb qichqirishardi. Darhaqiqat, uchib tushib kelayotgan kavush xitoy yong‘og‘iga o‘xshab ketardi.
Xuddi shu mahal ko‘chadan raqs o‘qituvchisi o‘tib ketayotgan edi. U juda ham nafosatli bo‘lib ko‘rinardi. Uning bo‘yi uzun, dumaloq boshi mushtumdakkina, oyoqlari esa chillakdek ingichka edi – shunga ko‘ra u yo skripkaga, yo chigirtkaga o‘xshab ketardi. Nayning mungli sadosiga va raqs tushuvchilarning muloyim gaplariga moslangan nazokatli quloqlariga bolalarning quvnoq baqiriq-chaqiriqlari qattiq botdi.
– Baqirmanglar! – dedi u achchig‘lanib. – Baqirish odobdan emas, axir! Odam degan o‘z xursandchiligini nafis va xushohang so‘zlar bilan ifoda qilmog‘i lozim… Xo‘sh, masalan…
U viqor bilan gerdayib turib, gap boshlamoqchi bo‘lgan edi, lekin misol keltirishga ulgirolmadi. Hamma raqs o‘qituvchilari singari u ham asosan pastga, oyog‘i ostiga qarashni odat qilgan edi! Attang! U tepada nima bo‘layotganidan bexabar edi.
Xuddi shu mahal shar sotuvchining kavushi uchib kelib uning boshiga tushdi. O‘qituvchining boshi kichkina edi, shuning uchun kattakon chipta kavush uning boshiga loppa-loyiq shlyapadek kiyilib qoldi.
Bu holdan endi nazokatli raqs o‘qituvchisi ham yalqov ho‘kizlar qo‘shilgan aravaning egasidek baqirib yubordi.
Kavush yuzining yarmini berkitgan edi.
Bolalar qorinlarini ushlagancha qotib-qotib kula boshladilar:
– Ha-ha-ha! Ha-ha-ha!
Raqs muallimi Bir-ikk-uchs
Doim o‘ziga berar g‘alat tus.
Kalamushga ham ketadi o‘xshab,
Eh, uning burni uzun edi zab.
Burni uni ko‘p xijolat qipti
Va chipta kavush o‘sib chiqipti.
Devor boshiga o‘tirib olgan bolalar shunday qo‘shiq to‘qishgan edi, lekin ular payt kelishi bilan devorning narigi tomoniga sakrab tushib juftakni rostlashga shay bo‘lib o‘tirardilar.
– Oh! – deb ingrardi raqs o‘qituvchisi. – Oh, men qanday iztirob chekyapman! Baski, boshimga kavush tushishi yozilgan ekan, mana bu jirkanch, dag‘al chipta kavush o‘rniga hech bo‘lmasa, ballarda kiyiladigan jajji tuflicha tushmaydimi!
Bu voqea nima bilan tugadi deng – raqs o‘qituvchisini qamoqqa olishdi.
– Azizim, – deyishdi unga, – qiyofangiz odamlarda dahshat uyg‘otmoqda. Siz jamoatchilik tinchini buzyapsiz. Bunday ish qilish sira mumkin emas, hozirgi hayajonli damlarda esa mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Raqs o‘qituvchisi oyog‘i kuygan tovuqday bezovtalanardi.
– Bu qanday ig‘vo! – deb nola qilardi u. – Qanday tuhmat! Men valslar va tabassumlar olamida yashaydigan odamman, axir men skripka sarpardasiga o‘xshagan bir zot bo‘lsam-u, jamoatchilik tinchini buzishim mumkinmi?.. O!..
Shundan keyin raqs o‘qituvchisining holi nima kechgani bizga ma’lum emas. Qolaversa, buning qizig‘i ham yo‘q. Osmonda uchib yurgan shar sotuvchi amakining ahvoli nima kechganini bilish bizga muhimroqdir.
U chiroyli momaqaymoq gulidek uchib borardi.
– Bu qanday bema’nilik! – deb faryod solardi sharfurush. – Uchishni xohlamayman. Chunki uchishni mutlaqo bilmayman…
U qancha dod-faryod qilsa ham, baribir, befoyda edi. Shamol yana kuchaya boshladi. Sharlar g‘uji tobora balandga ko‘tarilardi. Shamol uni shahar tashqarisiga, Uch Baqaloq Qasri tomon uchirib borardi.
Ba’zi-ba’zida shar sotuvchi amaki pastga qarab qo‘yardi. Shunda u cherepitsalari xuddi isqirt tirnoqlarga o‘xshab ketuvchi tomlarni, mahallalarni, ingichka zangori tasmani eslatuvchi anhorni, jimitday-jimitday keladigan odamlarni, ayqash-uyqash bo‘lib ketgan yam-yashil bog‘larni ko‘rardi. Shahar xuddi igna uchiga qo‘ndirilganday sharchining oyog‘i ostida har tomonga aylanardi.
Ahvol borgan sari yomonlasha boshladi. «Yana birozdan keyin Uch Baqaloq bog‘iga borib tushadiganga o‘xshayman!» – deb kapalagi uchib ketdi shar sotuvchining.
Lekin bir zumdan keyin o‘sha bog‘ ustidan ohista salobat bilan chiroyli uchib o‘tib ketdi. Endi u tobora pasayib borardi. Chunki shamol bu payt pasaya boshlagan edi.
«Hademay yerga qo‘nsam kerak. Meni tutib olishadi, rosa boplab po‘stagimni qoqishadi, keyin qamoqqa tashlashadi yo bo‘lmasa, pachakilashib o‘tiramizmi, deb shu zahoti oybolta bilan kallamni chopib tashlashadi».
Shar sotuvchini hech kim ko‘rmadi. Faqat daraxt shoxiga qo‘nib o‘tirgan bir gala qushlar uning sharpasidan cho‘chib ketib, «gur» etib har tomonga uchib ketishdi, G‘uj bo‘lib uchib borayotgan rang-barang sharlardan yerga xuddi bulutlardan tushgandek nozik soya tushardi. Bu kamalakrang nafis soya shag‘al to‘kilgan yo‘lkadan, gulpushta ustidan, g‘oz mingan bola haykali va postda turib uxlab qolgan gvardiyachi soqchi ustidan lip etib o‘tib ketdi. Xuddi mana shu paytda mudroq gvardiyachining yuzida mo‘jizali o‘zgarishlar yuz berdi. Avvaliga uning burni o‘liknikidek